TikTok ustidan tergov boshlandi, u Ruminiyadagi saylovga aralashgan bo‘lishi mumkin

Jahon 20:35 / 17.12.2024 896

Yevropa Komissiyasi TikTok platformasiga qarshi Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlikda gumon qilib, rasmiy ish ochdi. Bunga Ruminiyadagi prezidentlik sayloviga aralashish maqsadida platformadan foydalanganlik holatlari sabab bo‘lgan. Bu haqda rasmiy press-relizda aytiladi.

Komissiya raisi Ursula fon der Lyayyen shunday dedi:

«Biz demokratiyalarimizni har qanday xorijiy aralashuvdan himoya qilishimiz kerak. Qachonki biz bunday aralashuvga shubha qilsak, ayniqsa, saylov paytida biz tez va qat’iy harakat qilishimiz kerak. Chet ellik aktyorlar Ruminiyadagi prezidentlik sayloviga TikTok orqali aralashgani haqidagi kuchli dalillardan so‘ng, biz hozir TikTok bunday xavflarni bartaraf etish choralarini ko‘rmasdan Raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi qonunni buzgan yoki yo‘qligini chuqur o‘rganmoqdamiz. Yevroittifoqda barcha onlayn platformalar, shu jumladan TikTok ham javobgarlikka tortilishi kerakligi aniq bo‘lishi kerak».

Yevrokomissiya TikTok mintaqaviy kontekstni hisobga olmagan va xavflarni ehtiyotkorlik bilan yumshatgan, bu esa platforma vositalari, jumladan, tavsiyalar algoritmlari va siyosiy reklama imkoniyatlarini manipulyatsiya qilishga imkon bergan deb gumon qilmoqda. Yevrokomissiya qo‘shimcha so‘rovlar yuborish, monitoring tadbirlari, suhbatlar, auditlar o‘tkazish va algoritmlarga kirishni so‘rash niyatida.

Avvalroq, Ruminiya razvedka idorasi Rossiya o‘ta o‘ngchi nomzod Kalin Georgeskuni qo‘llab-quvvatlash uchun TikTok akkauntlari tarmog‘ini tashkil qilgani, kontent esa siyosiy reklama yorlig‘isiz tarqatilgani, bu esa TikTok qoidalari va Ruminiya qonunchiligini buzgani haqida xabar e’lon qilgan edi.

17 dekabr kuni TikTok egasi ByteDance kompaniyasi bunday akkauntlar klasteri o‘chirilganini ma’lum qildi. TikTok ma’lumotlariga ko‘ra, reklama uchun 381 ming dollardan ko‘proq mablag‘ olingan, biroq avvalroq Georgesku o‘z saylovoldi kampaniyasiga hech qanday pul sarflamaganini aytgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: