Rossiyaning «Rosselxoznadzor» mintaqalararo boshqarmasi Nijniy Novgorod oblastiga jigarrang ajin virusi (ToBRFV) bilan kasallangan 18,5 tonna og‘irlikdagi pomidor partiyasini olib kirishga ruxsat bermadi. «Kommersant» xabariga ko‘ra, pomidorlar O‘zbekistondan keltirilgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu virus barglarda mozaika va deformatsiyaga, mevalarda jigarrang ajinlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Virus yuqqan meva va sabzavotlar yaroqsiz holga keladi.
Zararli pomidorlar laboratoriya tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, tekshiruv hayvonlar salomatligi Federal markazining Nijniy Novgorod filiali mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan.
«Rosselxoznadzor» vakillarining ta’kidlashicha, zararli mahsulotlar egasi tomonidan zararsizlantirilishi yoki yo‘q qilinishi kerak. Agar buni amalga oshirishning iloji bo‘lmasa, pomidorlar egasining hisobidan O‘zbekistonga qaytarilishi lozim.