Moskvada Rossiya armiyasining nufuzli generali portlatib yuborildi

Jahon 11:06 / 17.12.2024 45415

17 dekabr kuni Moskva shahrining Nijgorod rayonidagi uy hovlisi oldida sodir bo‘lgan portlashda ikki kishi halok bo‘ldi. Portlash to‘lqini atrofdagi kvartiralarning derazalarini uchirib yuborgan.

RF tergov qo‘mitasi portlash oqibatida Rossiya qurolli kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i, general-leytenant Igor Kirillov hamda uning yordamchisi Ilya P. halok bo‘lganini tasdiqladi.

Holat yuzasidan jinoiy ish ochilgan. Moskva prokuraturasi ishni nazoratiga olgan.

«Voqea joyida tergovchilar, sud-tibbiyot ekspertlari va favqulodda xizmatlar ishlamoqda. Hozirda sodir etilgan jinoyatning barcha holatlarini aniqlashga qaratilgan tergov harakatlari va tezkor-qidiruv tadbirlari olib borilmoqda» – deyiladi qo‘mita xabarida.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlash Kirillovga xizmat mashinasi kelgach, harbiylar uydan chiqayotganda sodir bo‘lgan. Katta ehtimol bilan, portlovchi qurilma uy yaqinida to‘xtab turgan skuterga o‘rnatilgan bo‘lgan.

U katta ehtimol bilan radiosignal yoki mobil telefon qo‘ng‘irog‘i orqali faollashtirilgan.

Ryazansk prospektidagi uy pod’yezdi oldida portlash joyi, 2024 yil 17 dekabr
Maksim Shemetov / Reuters / Scanpix / LETA

Portlovchi qurilma 300 gramm trotil quvvatiga ega bo‘lgan, natijada uyning kirish eshigi va derazalari sinib ketgan, generalning xizmat mashinasi ham shikastlangan.

«Kommersant» gazetasi yozishicha, tergov portlash ukrain maxsus xizmatlari — Ukraina mudofaa vazirligi razvedka bosh boshqarmasi yoki Ukraina xavfsizlik xizmatlari tomonidan uyushtirilganini gumon qilmoqda, bu idoralar taniqli shaxs ekani tufayli Kirillovni nishon sifatida tanlagan bo‘lishi mumkin.

Bir kun oldin Ukraina nashrlari rossiyalik ushbu general urushda kimyoviy qurollarni qo‘llash haqida shaxsan topshiriq bergani va buning ortidan harbiy jinoyatlarda gumonlanayotganini yozgandi.

54 yoshli Kirillov 2017 yil aprelida Rossiya qurolli kuchlarining radiatsiya, kimyoviy va biologik mudofaa qo‘shinlari boshlig‘i bo‘lgandi. Timoshenko nomidagi Radiatsiya, kimyoviy va biologik himoya harbiy akademiyasini tamomlagan. 2017 yilga qadar ushbu akademiyaga rahbarlik qilgan.

Bugun Kirillov RF mudofaa vazirligi brifingida ishtirok etishi rejalashtirilgandi. U muntazam ravishda shunday brifinglar o‘tkazib keladi va AQShning Ukrainadagi «harbiy-biologik faoliyati» haqida so‘zlab beradi. Xususan, 2022 yilda AQShni Ukrainada chivinlar orqali tarqatiladigan viruslar tadqiq etiladigan biolaboratoriyalar yaratishda ayblagan. 2023 yilda esa AQSh raqib harbiy xizmatchilarini zaharlash uchun bunday chivinlarni dronlar orqali yetkazishni rejalashtirayotgani haqida gapirgandi. U shuningdek, Rossiyada parranda grippi bilan kasallanish darajasi ortganini Ukrainadan zararlangan qushlar migratsiyasi bilan izohlagan.

Bundan tashqari, Kirillov Ukrainani «iflos bomba» yaratish niyatida bo‘lganini aytgan va buning uchun go‘yoki Yevropadan mamlakatga utilizatsiya qilish uchun olib kelingan ishlatilgan yadro yoqilg‘isidan foydalanish mumkinligiga, bu ishni Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak shaxsan o‘z nazoratiga olganiga ishontirgan.

Ukraini prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak jurnalist Aleksandr Plyushchevning Kirillovga e’lon qilingan gumonlar uning o‘ldirilishi bilan qanchalik bog‘liqligi haqidagi savoliga inkor ma’nosida javob qaytargan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina e’tiborini «yuridik yo‘nalish bo‘yicha ishlashga qaratgan»: jinoyat tarkibini qayd etish, jinoiy ish ochish va yakunda jazoga tortishga erishish. U shuningdek, Ukraina «terrorchilik formati metodlari»dan foydalanmasligini ta’kidlagan. «U yoki bu general bo‘yicha qaror bizda boshqa joyda emas, jang maydonida qabul qilinadi», — deya qo‘shimcha qilgan Podolyak. Uning hisoblashicha, Kirillovning qotilligi «ichkarida to‘planib qolgan ziddiyatlar» tufayli ro‘y bergan.

Kirillovga nisbatan Ukraina va Buyuk Britaniya tomonidan sanksiyalar qo‘llangan. AQSh generalga qarshi sanksiya joriy etmagandi.

Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning aytishicha, Kirillov ko‘p yillar mobaynida «anglosakslarning jinoyatlarini tizimli ravishda fosh etgan: natochilarning Suriyada kimyoviy qurollar bilan provokatsiyasi, Britaniyaning taqiqlangan kimyoviy moddalar bilan manipulyatsiya qilishi hamda Solsberi va Eymsberidagi provokatsiyalar», shuningdek, amerikaliklarning Ukrainadagi «biolaboratoriyasining ajalvor faoliyatini». «Qo‘rqmasdan ishlagan. Birovning ortiga bekinmagan. Ko‘kragini kerib yurgan. Vatan uchun, haqiqat uchun», — deya yozgan Zaxarova. 

Ma’lumot uchun, general-leytenant — Rossiya armiyasidagi eng yuqori ofitserlik unvonlaridan biri sanaladi. Seshanba kungi portlashga qadar front ortida halok bo‘lgan eng yuqori martabali rossiyalik harbiy Qora dengiz floti 41-raketa katerlari brigadasi qo‘mondoni, birinchi rangli kapitan (katta ofitser) Valeriy Trankovskiy bo‘lgandi. Sevastopolda uning mashinasi portlatib yuborilgan.

Ko‘proq yangiliklar: