Janubiy Koreya temiryo‘l korporatsiyasi Toshkent—Samarqand yo‘nalishida tezyurar poyezdlar uchun temiryo‘l liniyasi qurilishining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishni boshladi, deb xabar beradi Yonhap agentligi.
Qayd etilishicha, Janubiy Koreya eksport-importi banki buyurtmasiga binoan ishlab chiqilayotgan loyiha 15 oy, ya’ni 2026 yil martiga qadar amalga oshiriladi.
Koreya milliy temiryo‘l korporatsiyasi (KORAIL), Saman va Dongmeong Technology Corporation’dan iborat K-Railway guruhi ilg‘or tezyurar temiryo‘l texnologiyalarini O‘zbekistonga taqdim etishni rejalashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev joriy yil sentabr oyida Toshkent—Samarqand, Samarqand—Navoiy—Buxoro yo‘nalishlarida tezyurar poyezdlar uchun yangi temiryo‘l qurish rejalarini e’lon qilgan edi.
O‘zbekiston joriy yil iyun oyida Hyundai Rotem kompaniyasi bilan tezyurar elektr poyezdlarini xarid qilish va yetkazib berish to‘g‘risida bitim imzolandi. Bitimga ko‘ra, 6 ta tezyurar poyezd xarid qilinib, Toshkent—Urganch—Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladi. Jaloliddin Manguberdi deb nomlanadigan poyezd masofani yetti soatda bosib o‘tadi.
O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan tezyurar poyezd KTX-Eum poyezdining o‘xshashi bo‘lib, u o‘z navbatida 430 km/soat tezlikda harakatlanish uchun mo‘ljallangan HEMU-430X tezyurar poyezdi negizida yaratilgan. Har biri yetti vagonli poyezd 389 o‘ringa ega bo‘ladi va VIP, biznes va ekonom klasslarni, shuningdek, ovqatlanish vagonini o‘z ichiga oladi.