Al-Jo‘laniy G‘arb bilan muloqot boshladi

Jahon 21:49 / 17.12.2024 11886

Bashar Asad hukumati ag‘darilganidan 10 kun o‘tib «Hay’at Tahrir ash-Shom» rahbari Ahmad Hussayn ash-Shar’a (Abu Muhammad al-Jo‘laniy taxallusi bilan tanilgan) G‘arb bilan muloqot o‘rnatishga kirishdi. Isyonchilar yetakchisi xalqaro hamjamiyatni Asad boshqaruvi davrida Suriyaga nisbatan joriy etilgan sanksiyalarni bekor qilishga chaqirgan. Dushanba kuni Ahmad ash-Shar’a britaniyalik diplomatlar va BMT vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazgan.

Suriyalik isyonchilar yetakchisi yaqin vaqtlar ichida Fransiya va Germaniya vakillari bilan uchrashadi, G‘arbning boshqa mamlakatlari ham hamkorlikka tayyor ekanini bildirgan.

Endilikda o‘zining haqiqiy ismi-sharifi Ahmad ash-Shar’adan foydalanayotgan Abu Muhammad al-Jo‘laniy dushanba kuni britanlar elchisi Enn Snou bilan suhbatda xorijga ko‘chishga majbur bo‘lgan suriyaliklar o‘z uylariga qayta olishi uchun xalqaro sanksiyalarni bekor qilish zarurati haqida gapirgan.

«Ular zolim va uning qurbonlariga qo‘yilgan barcha cheklovlarni olib tashlashi lozim — zolim endi yo‘q. Bu masalani ortiq cho‘zmaslik kerak», — degan u.

Ahmad ash-Shar’aning so‘zlariga ko‘ra, urush ichida qolgan Suriyadagi isyonchi guruhlar tarqatib yuboriladi, uning jangchilari esa mudofaa vazirligi ixtiyoriga o‘tkaziladi.

«Barcha qonunga bo‘ysunadi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Islom dinining shia mazhabi oqimi hisoblangan druzlar jamoasi a’zolari (urushdan oldingi Suriya ahlisining 3 foizi atrofida bo‘lgan) qarshisidagi chiqishi vaqtida u turli etnik ozchiliklar istiqomat qiluvchi mamlakatda birdamlik zarurligini ham ta’kidlagandi.

«Suriya yaxlit bo‘lib qolishi lozim, — degan u. — Ijtimoiy adolatni kafolatlash uchun davlat va barcha dinlar o‘rtasida ijtimoiy kelishuv tuzish zarur».

Hamkorlik istiqbollari va «maksimal ehtiyotkorlik»

Suriyaning yangi hukumatining aynan ozchiliklarga munosabati G‘arbning ko‘plab mamlakatlari uchun Hsh bilan kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishini belgilaydi.

Estoniya sobiq bosh vaziri, hozirda Yevrokomissiya rahbari hisoblangan Kaya Kallas sanksiyalar bekor qilinishi va Hsh qora ro‘yxatdan chiqarilishi «yangi rahbariyat tomonidan ijobiy qadamlar quruq so‘zlarda emas, balki real qadamlar va harakatlarda ko‘rinishi»ga bog‘liq ekanini aytdi.

Bu vaqtda Britaniya ortidan Germaniya ham Damashqda «Hay’at Tahrir ash-Shom» bilan uchrashuv o‘tkazishni rejalashtirgan.

Mamlakat tashqi ishlar vazirligi xabariga ko‘ra, Germaniyaning suriyaliklar bilan muzokaralarda «Suriyadagi inklyuziv o‘tish jarayoni va ozchiliklar himoyasi», shuningdek, «diplomatik aloqalar imkoniyatlari» muhokama qilinadi.

Seshanba kuni Fransiya ham o‘z delegatsiyasini Suriyaga yuborgan. Fransiyaning Suriya bo‘yicha maxsus elchisi Jan-Fransua Giyom uning mamlakati o‘tish davrida suriyaliklar tomonida bo‘lishini aytib, fransuz delegatsiyasi «Damashqning de-fakto rasmiylari bilan aloqa o‘rnatish» umidida ekanini qo‘shimcha qilgan.

AFP jurnalisti elchixona hollida missiya 2012 yilda yakunlanganidan buyon ilk bor fransuz bayrog‘i ko‘tarilganiga guvoh bo‘lgan.

Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni Bashar Asad rejimi ag‘darilgach, uning mamlakati Suriyaning yangi rahbariyati bilan muloqot qilishga tayyorligini aytgan, ammo ehtiyotkorlikka chaqirgan.

«Ilk alomatlar umidbaxsh ko‘rinmoqda, ammo maksimal darajada ehtiyot bo‘lish kerak», — deya qayd etgan Meloni.

BMT bosh kotibining gumanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Tom Fletcher seshanba kuni Damashqda Suriyaning yangi rahbarlari bilan uchrashuvdan keyin «ilhomlangani»ni aytdi va «odamlar hayoti uchun o‘ta muhim insonparvarlik yordamini sezilarli darajada kengaytirish uchun asos borligi»ni qo‘shimcha qildi.

Suriya muxolifatini qo‘llab-quvvatlagan Turkiya va Qatar esa Damashqdagi elchixonalarini qaytadan ochishgan.

Suriya prezidenti Bashar Asad «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchilik qilgan isyonchilarning 11 kunlik yurishi natijasida ag‘darilgandi, guruh jangchilari ittifoqchilar bilan birgalikda noyabr oyi oxirida Suriya shimoli-g‘arbida yurish boshlagan va 8 dekabr kuni poytaxt Damashqqa kirib kelgandi.

Ko‘proq yangiliklar: