Frontdagi vaziyat: Rossiya Pokrovsk chekkalariga yorib kirdi. Shahar dosh bera oladimi?

Jahon 19:15 / 16.12.2024 17526

Rossiya qo‘shini 2024 yil fevral oyi oxirida Avdiyivka egallanganidan keyin Pokrovsk tomon yurishni boshlagan va qariyb 10 oydan buyon deyarli tanaffussiz davom ettirmoqda.

Bu vaqt mobaynida ular Ukraina hududida 50 kilometr masofaga ichkariladi va Donetsk oblastida Kiyev nazoratida qolgan so‘nggi yirik sanoat markaziga yaqinlashib keldi.

Ukraina qo‘mondonligi avgust oyida zaxira kuchlar olib kelish hisobiga raqib yurishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lgandi.

Ammo qo‘shni Selidove shahri qisqa muddatda egallanganidan keyin, noyabr-dekabr oylarida Rossiya armiyasi harakati yana tezlashdi. Hozirda ruslar Pokrovsk ta’minotida logistika zanjirini uzib qo‘yishga va ushbu aholi yashash manzilini egallash bo‘yicha amaliyotni boshlashga yaqin.

Tahlilchilar Pokrovsk Rossiya armiyasi tomonidan egallanishi Ukraina iqtisodiyotiga og‘ir zarba bo‘lishidan ogohlantirmoqda. Bu mamlakatda qolgan so‘nggi yirik ko‘mir qazib olish va po‘lat ishlab chiqarish markazidir.

Xavfli yorib kirish

Selidove oktyabr oyi oxirida egallab olingandi. Ukrain bo‘linmalari qurshovga tushib qolmaslik uchun shaharni tashlab chiqishgan. Ammo Ukraina qurolli kuchlari shahar atrofida yangi mudofaa chizig‘ini tashkil eta olmadi va Rossiya armiyasi G‘arb tomon yurishini davom ettirib, Pokrovskni janubdan aylanib o‘tish va shaharni barcha logistik yo‘nalishlardan uzib qo‘yish harakatini boshladi.

Rossiya armiyasi asosan Solona daryosi va temiryo‘l liniyasi bo‘ylab harakatlandi. Bir yarim oy ichida rossiyaliklar 11 km masofaga ilgariladi hamda o‘z yo‘lidan chiqqan Vishneve, Grigorevka, Petrovka, Jyeltoye va Novopustinka kabi qishloqlarni nazoratiga oldi.

Ukraina qurolli kuchlarining Novotroitskoye va Shevchenko qishloqlari oralig‘idagi tepaliklarda o‘rnatgan kuchli istehkomi raqib yanada G‘arbga yurishiga yo‘l qo‘ymasligi ko‘zda tutilgan edi.

Harbiy sharhlovchi va «Tsenzor.net» nashri bosh muharriri Yuriy Butusov aytishicha, bu uchastkadagi fortifikatsiya aql bilan barpo etilgan: pozitsiya to‘g‘ri tanlangan, mudofaa polosalari tayyorlangan, istehkomning o‘zi tarmoqlangan hamda dronlar va artilleriya hujumidan yaxshi himoyalangan.

Foto: Diego Herrera Carcedo/Anadolu

Ammo, uning so‘zlariga ko‘ra, frontning mazkur uchastkasidagi qo‘shinning jangovar samaradorligi bilan bog‘liq muammolar tufayli Rossiya armiyasi ukrainlarning pozitsiyalarini tezlik bilan va amalda qarshilikka uchramasdan egallab oldi. Butusov bunga qo‘mondonlikning noto‘g‘ri hisob-kitoblari sabab bo‘lgan deb hisoblaydi.

«Dushman uni (Ukraina qurolli kuchlarining mustahkamlangan hududini) jangsiz egalladi, harbiy qo‘mondonlik u yerga biror odam yuborishidan oldinroq kirib keldi», — deydi Butusov.

Uning fikricha, vaziyat «o‘ta og‘ir va tekshiruv o‘tkazishni talab qiladi».

Hozirda Ukraina qurolli kuchlari qo‘mondonligi rossiyaliklarni to‘xtatish uchun Novotroitskoye va Shevchenkoga qo‘shimcha zaxiralar yuborgan.

Mazkur hududga javobgar bo‘lgan «Xortitsa» operativ-strategik qo‘shinlar guruhi vakili Nazar Voloshin aytishicha, ukrain armiyasi Pokrovsk atrofida boy berilgan pozitsiyalarni qaytarib olishga urinmoqda, xususan, Shevchenko qishlog‘i yonidagi Vozrojdeniye aholi yashash punktini ham (avvalgi nomi — Noviy Trud).

«Dushman Pokrovsk yo‘nalishida, Vozrojdeniyedan g‘arbda va Novotroitskoyedan janubda bizning istehkomlarga hujum qildi, uzoq davom etgan to‘qnashuvlar natijasida ikkita pozitsiyamiz yo‘q qilindi, biri boy berildi», — degan Voloshin telemarafon efirida.

Ushbu istehkom egallanadigan bo‘lsa, Rossiya qo‘shini qo‘shni Peschanoye posyolkasiga o‘tishi va Taras Shevchenko nomidagi kon terrikonida o‘rnashishi mumkin. Bu tepalik Pokrovskning muhim logistik arteriyasi — yetti kilometr shimoldan o‘tgan, Pavlograd va Dniproga boruvchi trassa ustidan nazorat o‘rnatish imkonini beradi.

Pokrovsk taqdiri nima bo‘ladi?

Rossiyaning razvedkachi diversiya guruhlari allaqachon Pokrovskka «suqilib kirish»ga harakat qilmoqda, degan BBC Ukraina xizmatiga DeepState loyihasi hammuassisi Roman Pogoreliy.

«Dushmanni Shevchenko qishlog‘idan ancha berida uchratishgan. U Pokrovsk tomon harakatlanishda davom etmoqda. Men hozirning o‘zida shaharga keng ko‘lamli yurish boshlanadi demayman, ammo Rossiya armiyasi ukrain mudofaasini „paypaslab“ ko‘rish uchun razvedka va beqarorlashtiruvchi harakatlarini amalga oshiradi», — deb hisoblaydi OSINT-tahlilchi.

Shuningdek, Pogoreliy rossiyalik harbiylar bu yo‘nalishga tajribali zarbdor dron operatorlari bo‘linmasini tashlaganiga e’tibor qaratgan. Bu ularga Pokrovsk atrofidagi temiryo‘l va avtomobil transportlariga hujum qilish imkonini beradi.

Tahlilchilar Pokrovsk Rossiya armiyasi qo‘liga o‘tishi Ukraina iqtisodiyoti uchun og‘ir zarba bo‘lishidan ogohlantirmoqda

«Bu rossiyaliklarning so‘nggi vaqtlardagi asosiy taktikasi — logistik yo‘llarni to‘sib qo‘yish. Vuhledar, Selidove atrofida shunday bo‘lgandi, hozir Kuraxovo, Velika Novosilka va Pokrovsk atrofida ham shunday bo‘lmoqda, — deydi u. — Normal logistika yo‘qligi yo‘qotishlar ortishiga va mudofaa zaiflashishiga olib keladi».

Ukrainalik tarixchi va harbiy tahlilchi Mixaylo Jiroxov o‘z manbasiga tayanib, Pokrovsk-Pavlograd-Dnipro trassasidan endi harbiy ta’minot uchun foydalanib bo‘lmasligini aytgan. Ukraina qurolli kuchlariga boshqa yo‘llarni izlash tavsiya etilgan.

«Dniproga boruvchi yo‘ldan foydalanilmayapti. U allaqachon FPV-dronlar yetib boradigan hududga aylangan. Qo‘shinlarga undan foydalanmaslik bo‘yicha buyruq kelgan» — degan Jiroxov BBC’ga.

Bundan tashqari, undagi ma’lumotga ko‘ra, ukrain bo‘linmalarini, birinchi navbatda artilleriya qismlarini shahardan tashqari olib chiqish boshlangan.

Tahlilchining hisoblashicha, logistika bilan bog‘liq vaziyat keskin yomonlashadigan taqdirda, Ukraina qurolli kuchlari to‘lig‘icha shaharni tark etadi. «Baxmut go‘shtqiymalagichi» ya’ni shahardagi har bir ko‘cha uchun og‘ir janglar olib borilishi kutilmaydi, deydi u.

Pavlogradga boruvchi trassa to‘sib qo‘yiladigan taqdirda, chekinish uchun nisbatan xavfsiz bo‘lgan yagona yo‘l qoladi — shimoldagi Dobropole posyolkasiga olib boruvchi dala yo‘li.

Rossiyalik harbiylar ukrain armiyasi logistikasini uzib qo‘yishni niyat qilgani haqida 59-motopiyodalar brigadasi tarkibiga kiruvchi va Pokrovsk yo‘nalishida jang qilayotgan «Da Vinchi bo‘rilari» batalyoni komandiri Sergey Filimonov ham gapirgan.

«Hozirda men dushman Pokrovskka ro‘paradan hujum qilishiga zarurat ko‘rmayapman. O‘ylaymanki, u Pokrovsk va Pavlograd o‘rtasidagi trassa tomon chiqishga urinadi va buni ham Donetsk oblasti, ham Dnipropetrovsk oblasti orqali amalga oshirishi mumkin», — degandi u dekabr oyi boshida «1+1» telekanaliga bergan intervyusida.

«Ammo umuman olganda, dushmanda Pokrovskni egallash imkoniyati mavjud. Imkoniyat katta», — deb hisoblaydi Filimonov.

Boshqa frontlarda nimalar bo‘lmoqda?

Rossiya hozirda asosiy sa’y-harakatlari, kuchlari va vositalarini uchta qo‘shni yo‘nalishga qaratgan: Pokrovsk, Kuraxovo va Vremevka. Bu hududlarda jang qilayotgan guruh miqdori, harbiy ekspertlarga ko‘ra, 150 ming kishigacha yetadi.

So‘nggi haftada Rossiya armiyasi Kuraxovo shahri chekkalariga yetib borgan, ammo ukrain harbiylari hozircha ularning shahar g‘arbidagi Donetsk-Zaporijjya trassasiga chiqishga bo‘lgan barcha urinishlarini to‘xtatmoqda.

Rossiya bu yo‘nalishda muvaffaqiyatga erishgan taqdirda nafaqat favqulodda muhim logistik qontomirni to‘sib qo‘yishi, balki Ukraina qurolli kuchlarining katta guruhini qurshovga olishi mumkin.

Shu bilan birga, rossiyaliklarning shimoliy qanoti allaqachon trassadan 2-3 km masofada, Dachnoye posyolkasi atrofiga kelgan, janubda Suxiye Yali daryosi bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘linmalar esa yo‘lga yetib kelishiga 5 km masofa qolgan. Ukraina qurolli kuchlari uchun bu yerdagi eng murakkab vaziyat Romanovka, Annovka va Uspenovka qishloqlarida yuzaga kelgan.

Kuraxovo va qo‘shni aholi yashash punktlari harbiy harakatlar oqibatida butkul vayron bo‘lgan

Ukrainalik jangchilar Kuraxovodan 8 km masofadagi bu «karman» hududni uzoq vaqtdan buyon ushlab turgan va rossiyaliklarga shaharga janubdan yaqinlashib kelish imkoniyatini bermayotgandi. Ammo DeepState tahlilchilari 12 dekabr kuni kechqurun bergan ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya kuchlari shiddat bilan Uspenovkaga yaqinlashgan, onlayn-xaritada ukrainlarning bu hududdagi pozitsiyasi qurshov xavfi ostida qolgani aks etgan.

Ukraina qurolli kuchlari bo‘linmasi bu xavfli uchastkadan olib ketilgani yoki to‘silib qolgani to‘g‘risida ma’lumot yo‘q.

Donbass janubidagi vaziyat noqulay tarzda rivojlanayotganiga qaramay, ukrain qo‘shini bu yerda, ayniqsa frontning nisbatan tahdidli uchastkalarida qarshi hujumlar uyushtirish uchun imkon topmoqda.

Xususan, dekabr oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari Noviy Komar qishlog‘ini qaytarib olishga muvaffaq bo‘lgan va Velika Novosilka posyolkasidagi muhim istehkom qurshovga olinishiga yo‘l qo‘ymagan, 11 dekabr kuni esa ukrain harbiylari rossiyaliklardan Konstantinopolskeni qaytarib oldi, bu yuqorida eslab o‘tilgan, Uspenovka qishlog‘i yaqinidagi «karman» hududga yonma-yon joylashgan.

«Axboriy qarshilik» guruhi koordinatori, zaxiradagi polkovnik Konstantin Mashovets so‘nggi vaqtlarda rossiyaliklarning frontning mazkur uchastkasidagi katta yurishi alohida qismlarga bo‘linib ketgani va sekinlashib qolganiga e’tibor qaratgan.

Rossiya armiyasi hali ham ayrim uchastkalarda yutuqlarga erishmoqda, ammo bu yutuqlarning operativ-taktik «samaradorligi» endi «ancha munozarali» ko‘rinmoqda, deb hisoblaydi Mashovets.

«Bularning barchasi juda sekin, katta miqdordagi yo‘qotishlar evaziga amalga oshmoqda. Raqib ba’zida tezlashib emaklamoqda. Bir oy oldin bunday ilgarilash tizimli holatda, tushunarli, qandaydir operativ-taktik mantiqqa mos kelardi, raqibda qandaydir reja borligi yaqqol ko‘rinib turardi. Ammo hozir men bunday deya olmayman», — deya xulosa qiladi ekspert.

Bundan tashqari, uning fikricha, Ukraina qurolli kuchlarining Vremevka va Kuraxovo yo‘nalishlaridagi ilg‘or bo‘linmalari qarshilik darajasi asta-sekinlik bilan ortib bormoqda. Ammo bu hozircha Rossiya armiyasini to‘liq to‘xtatishga imkon bermaydi, deya tan oladi ekspert.

Ko‘proq yangiliklar: