Moskva oblastidagi Kotelniki shahrida Rossiyada ishlab chiqariladigan qanotli raketalar va dronlarni modernizatsiya qilish bilan shug‘ullangan «Mars» konstruktorlik byurosi bosh konstruktori o‘rinbosari Mixail Shatskiy otib ketildi. Qotillik Ukraina Mudofaa vazirligi Razvedka bosh boshqarmasi tomonidan tashkillashtirilgan, deb yozadi Hromadske.
«Rossiya harbiy-sanoat majmuasini rivojlantirishda u yoki bu tarzda ishtirok etgan va shu tariqa Rossiyaning Ukrainaga bo‘lgan tajovuzini qo‘llab-quvvatlovchi har bir shaxs Mudofaa kuchlari uchun qonuniy nishon hisoblanadi», — deydi nashr suhbatdoshi.
Avvalroq Ukraina Razvedka bosh boshqarmasining Shatskiy o‘limiga aloqadorligi to‘g‘risida jurnalist Aleksandr Nevrozov xabar bergan va uning jasadi suratini e’lon qilgandi. Nevrozovning so‘zlariga ko‘ra, muhandis X-59 «Ovod» qanotli raketalar modernizatsiyasi bilan shug‘ullanib kelgan.
Shatskiy 10 dekabr kuni o‘ldirilgan, qotillik buyurtma qilingan bo‘lishiga oid versiya ko‘rib chiqilmoqda. Politsiya holat bo‘yicha izoh berishdan bosh tortgan.
Shatskiy — texnika fanlari nomzodi. Shuningdek, u Moskva aviatsiya institutining uchuvchisiz boshqariladigan va atmosfera uchish apparatlarining bort avtomatikasi kafedrasida dars bergan. «Mars» konstruktorlik byurosi kafedraning bazaviy korxonasi hisoblanadi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, baza «Rostex»ga bo‘ysunadi va Ukrainaga zarbalar berishda muntazam foydalaniladigan X-55, X-59, X-101 va boshqa raketalar uchun boshqaruv tizimlarini yaratish bilan shug‘ullanadi. Masalan, 2024 yil aprel oyida rossiyalik harbiylar Kiyevdagi eng katta issiqlik elektrstansiyasiga X-69 raketalarini uchirgan. Oktyabr oyida Defense Express portal rossiyaliklar kassetali jangovar qismga ega X-69ʼdan foydalanishni boshlagani haqida yozgan. UQK Havo kuchlari bunday turdagi raketalar yo‘q qilingani to‘g‘risida oxirgi marta 11 dekabrda xabar bergan — o‘shanda Denopropetrovsk oblasti uzra ikkita snaryad urib tushirilgan.