Koreya va Fransiyadagi mojarolar: Demokratiyalardagi inqirozlar demokratiyani sozlaydi

Jahon 22:20 / 16.12.2024 5210

Koreya prezidenti Yun Sok Yol vakolatidan mahrum bo‘lib, mamlakatda prezident vazifasini bajarish vaqtincha bosh vazirga o‘tdi. Fransiyada esa 100 kun ham ishlamagan bosh vazir Mishel Barne ishdan olinib, mamlakatda oxirgi 4 yil ichida beshinchi marta hukumat almashdi. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida bu ikki voqea misolida demokratiyaning jo‘shqin tabiati haqida so‘z yuritadi.

Mishel Barne Fransiyadagi beshinchi respublika tarixida eng qisqa vaqt bosh vazir bo‘lgan siyosatchi bo‘lib qoldi. U bosh vazir lavozimida amalda atigi 91 kun, rasman 99 kun ishladi. 5 dekabr kuni Fransiya parlamenti 1962 yildan beri ilk marta bosh vazirga ishonchsizlik votumi bildirish huquqidan foydalanib, Barneni iste’foga chiqardi.

Iste’fo sababi davlat budjeti bilan bog‘liq. Fransiyada budjet defitsiti YaIMning 6 foizidan oshgan. Bu – Yevropa Ittifoqida belgilangan 3 foizlik limitdan ikki barobarga ko‘p. Mishel Barne defitsitni qisqartirish uchun 40 mlrd dollarni tejash ko‘zda tutuvchi ijtimoiy xarajatlar budjetini parlament tasdig‘isiz qabul qilgandi. Fransiya Konstitutsiyasi bunga rozilik beradi. Lekin so‘nggi saylovlarda parlamentdagi o‘rnini mustahkamlab olgan o‘ta so‘l va o‘ta o‘ng partiyalar buni hukumatning o‘zboshimchaligi deb baholab, hukumat raisiga ishonchsizlik votumi bildirishga qaror qildi.

Fransiyada hukumatlar davlat xarajatlarini parlament roziligisiz qabul qilishi holatlari avval ham bo‘lgan, lekin bu safar prezident Makronning partiyasi parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega emasdi. Votumdan keyin u boshqa bosh vazir tayinlashiga to‘g‘ri keldi.

Janubiy Koreyada esa prezident Yun Sok Yol jiddiy siyosiy xatoga yo‘l qo‘ydi. U parlamentda ko‘pchilik o‘ringa ega muxolifatni Shimoliy Koreyadagidek kommunistik tuzumga simpatiya bildirishda va qasddan davlat faoliyatini falajlantirib qo‘yishga urinishda ayblab, harbiy holat e’lon qildi va bu harbiy holat davrida har qanday siyosiy faoliyat, xususan parlament faoliyatini ham taqiqladi. Ammo Koreya parlamenti harbiy holatni bekor qilishga ovoz bergach, hukumat taslim bo‘ldi, harbiy holat bir necha soat ichida bekor qilindi.

Yun Sok Yolning bu harakatini muxolifat va koreys jamoatchiligi davlat to‘ntarishiga urinish deb hisoblamoqda. Mudofaa vaziri barcha mas’uliyatni bo‘yniga olib, iste’fo berdi, ko‘p o‘tmay hibsga olindi, prezident esa oxirigacha kurashishini aytmoqda. Avvaliga prezidentning partiyasi uning yonini olib, impichment haqidagi qarorni boykot qilgan, natijada muxolifat prezidentni lavozimidan chetlatishga muvaffaq bo‘lolmagandi. Lekin o‘tgan bir hafta davomida jamoatchilikning qattiq bosimi va namoyishlar ortidan prezident partiyasi ham undan yuz o‘girdi va ikkinchi urinishda parlament prezidentga impichment e’lon qildi.

Hozirda Koreya prezidenti vazifalarini bajarish vaqtincha mamlakat bosh vaziri zimmasiga o‘tgan. Xalq vakillarining impichment qarorini Konstitutsiyaviy sud yo tasdiqlashi, yoki Yunni mansabiga qaytib tiklashi kerak. Sud o‘z xulosasini aytish uchun 6 oy muhlatga ega. Hozirda parlament tayinlagan maxsus prokuror prezidentning harakatlarini tergov qilmoqda, unga mamlakatdan chiqish taqiqlangan.

Voqeaga biroz avvalroqdan nazar tashlaganda, isyondan oldin Yun Sok Yolning prezident sifatidagi reytingi nihoyatda pastlab ketgani, u shu yil bahordagi saylovda parlamentda ko‘pchilik o‘rinni egallab olgan muxolifat bilan muntazam qarama-qarshilikda bo‘lib kelgani, avvalroq turmush o‘rtog‘ining moddiy manfaatlari bilan bog‘liq mojaroda qolganini ta’kidlash mumkin.

Yuqoridagi kabi voqealar istalgan demokratik davlatda ro‘y berib turadi. Bir qarashda, demokratiyalarda barqarorlik yo‘qdek, hali u, hali bu demokratik davlatda mudom siyosiy inqirozlar bo‘laveradigandek ko‘rinadi. Aslida esa demokratiyalarda shaxslar, guruhlar va hokimiyatlarning siyosiy barqarorligi, shunchaki, mutlaqlashtirilmaydi.

Demokratiyalar uchun muhimi – fundamental institutlar va qadriyatlardir. Bu qadriyatlar – erkinlik, tiyib turish mexanizmlari, sudning daxlsizligi va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Ushbu qadriyatlar (o‘yin qoidalari) amalda bo‘lar ekan, shaxslarning almashinuvi davlatchilik uchun xavf tug‘dirmaydi, aksincha jamiyat ichidagi muammolarning qonun doirasida kanallashgan holda eng yuqorigacha chiqishiga xizmat qiladi.

Aksincha, qaysiki mamlakatda erkinlik darajasi pasaysa, demokratik davlat institutlari ishlashdan to‘xtasa, bir necha o‘n yil ichida davlat o‘zining haqiqiy barqarorligini, boyligi va qudratini yo‘qota boshlaydi.

Turfa fikrdagi qatlamlarning o‘z vakillari vositachiligi orqali doimiy ravishda siyosiy savdolashuvi, tortishuvi esa oddiy odamlarning baxti, farovonligi va erkinligiga xizmat qiladi.

Tashqaridan qaraganda bu oxiri yo‘q, toliqtiruvchi va samarasiz tortishuvdek ko‘rinadi, lekin reallikda aynan demokratik davlatlar – eng barqaror, aholi ishonchiga sazovor mamlakatlardir. Tortishuvlar va bahslar zamirida katta milliy boylik va davlatning qudrati o‘sib boradi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Ko‘proq yangiliklar: