Muqimiy teatrida “Jadidlar” spektakli premerasi o‘tkazildi

O‘zbekiston 11:51 / 15.12.2024 2543

12-13 dekabr kunlari Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida “Jadidlar" musiqali drama spektakli premerasi bo‘lib o‘tdi. Premera bilan Kun.uz reportajida tanishishingiz mumkin.

12-13 dekabr kunlari Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatrida “Jadidlar” musiqali drama spektakli premerasi o‘tkazildi. Spektaklda 7 nafar jadid – Munavvar Qori Abdurashidxonov, Cho‘lpon, Fitrat, Abdulla Qodiriy, Ishoqxon Ibrat va Hamza Hakimzoda Niyoziyning faoliyatidan parchalar namoyish qilindi. 7 jadidning faoliyatiga oid voqealar 1,5 soatdan uzoqroq davom etadigan sahna asariga sig‘dirishga harakat qilingan.

Sahna asari ssenariysini To‘ra Mirzo yozgan. Spektaklga Doston Xaqberdiyev rejissyorlik qilgan. U bu g‘oyani 1 yildan beri o‘ylab yurgani, bitta spektaklda 7 jadidni qamrab olish oson bo‘lmaganini aytadi. “Teatrimizning adabiy emakdoshi To‘ra Mirzo bilan birgalikda haqiqiy tarixiy dalillar asosida bu asarni sahnalashtirdik. Asarni tomoshabinlar qanday qabul qiladi deb qo‘rqqandim. Meni quvontirgani 2 kun davomida bu asarni qiziqish bilan qarshi olishdi. Ular jadidlar yashagan suronli davrga sayohat qildi”, – dedi u.

“Jadidlar” spektaklida jadidlarni otuvga hukm qilgan sud raisi rolini O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov ijro qildi. “Men sud raisini o‘ynadim. O‘sha paytda jadidlarni ottirgan yomon qahramonni ijro qildim. O‘zimning xarakterimga teskari rol ijro etdim. Bunaqa rolni ham kimdir o‘ynashi kerak. Chunki xalqimiz kimningdir yaxshi fazilatlarini olsa, kimnidir yomon ko‘rib, illatlarni olmaslikka harakat qiladi”, – dedi Beknazarov. 

Ko‘proq yangiliklar: