Kerch bo‘g‘ozida Rossiyaning ikki tankeri halokatga uchradi

Jahon 20:35 / 15.12.2024 14460

Noqulay ob-havo sharoiti tufayli Kerch bo‘g‘ozida bortida 13 kishi bo‘lgan «Volgoneft-212» tankeri halokatga uchradi. Rossiya FVVga ko‘ra, ekipajga yordam uchun Mi-8 vertolyoti yuborilgan, Kerchdagi Kamish-Burun buxtasidan esa Dengiz qutqaruvini muvofiqlashtirish markazining «Merkuriy» buksir kemasi yo‘lga chiqqan.

FVV ma’lumotiga ko‘ra, neft mahsulotlarini tashuvchi tankeri shikastlanib, qumloqqa o‘tirib qolgan. «Interfaks» agentligining favqulodda xizmatlardagi manbasiga ko‘ra, «Volgoneft-212» bortiga 4300 tonna atrofidagi mazut ortilgan bo‘lgan. Tankerdan qutqaruv amaliyoti doirasida 13 dengizchi evakuatsiya qilingan, ulardan biri vafot etgan, deyiladi vazirlik xabarida. Ekipajning 11 a’zosi Anapadagi shifoxonaga yotqizildi, deb xabar beradi Krasnodar o‘lkasi gubernatori Veniamin Kondratev. Sog‘liqni saqlash vazirligi ulardan ikki nafari og‘ir ahvolda ekanini ma’lum qilgan.

Ko‘p o‘tmay qutqaruvchilar Kerch bo‘g‘ozida yana bir yuk tashish kemasi halokatga uchragani haqida xabar berdi — bu bortida 14 kishi bo‘lgan va to‘rt mingdan ortiq mazut yuklangan «Volgoneft-239» tankeri edi. Shikastlangan kema boshqaruvni yo‘qotgan bo‘lsa-da, suv yuzasida qolgan. Huquq-tartibot organlariga yaqin hisoblangan Shot telegram-kanaliga ko‘ra, hodisa ro‘y bergan vaqtda ikki tanker ham sohildan sakkiz kilometr masofada bo‘lgan.

Baza telegram-kanali esa operativ xizmatlar xodimlari «Volgoneft-239»dan dengizchilarni qutqarishga kirishganini xabar qilgan. Shot ularning hayotiga tahdid yo‘qligini aytgan. RIA Novosti «Volgoneft-239» bortidagi ekipaj a’zolari bilan aloqa mavjudligini xabar qilgan. Keyinroq FVV aniqlik kiritib, kema Krasnodar o‘lkasidagi Taman portidan 80 metr masofada qumloqqa o‘tirib qolganini ma’lum qildi. Ekipajni evakuatsiya qilish rejalashtirilgan.

Halokat joyida olingan va telegram-kanallarda tarqalgan kadrlarga ko‘ra, to‘lqin zarbasidan keyin tankerlardan biri ikki qismga bo‘linib ketgan.

Kerch bo‘g‘ozida tankerlar bilan bog‘liq voqea ro‘y bergan joyda neft mahsulotlari sizib chiqishi ro‘y bergan, deb xabar qilgan Rosmorrechflot. «Dengiz qutqaruv xizmati» va Rossiya FVV kuchlari ko‘lami hozircha noma’lum bo‘lgan avariya oqibatlarini bartaraf etmoqda. Mutaxassislar vaziyatni baholash uchun zarur o‘lchovlarni o‘tkazmoqda, deb xabar bergan Rosprirodnadzor rahbari Svetlana Radionova.

Avariya sababi bo‘yicha asosiy versiyalar orasida dengizchilarning murakkab meteosharoitda xatoga yo‘l qo‘ygani ko‘rib chiqilmoqda, deb xabar bergan «Interfaks»ning dengiz qidiruv va qutqaruv xizmatidagi manbasi. «Halokat hududida kuchli bo‘ron bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bir yoki har ikki tanker ekipaji bunday sharoitda ofatga bardosh bera olmagan va kemani boshqarishda xatoga yo‘l qo‘ygan. Natijada bir kema burun qismida kritik shikastlanishga uchragan», — degan u. RF FVVning anneksiya qilingan Qrim bo‘yicha bosh boshqarmasidagilar Kerch bo‘g‘ozida kuchli shamol va yetti ballik bo‘ron kuzatilganini qayd etishgan.

Avariyadan keyin Tergov qo‘mitasi dengiz transporti harakati va harakat xavfsizligi qoidalari buzilgani yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atgan. Dengizchilardan birining o‘limi haqida xabar paydo bo‘lgach, idora ishlardan birini qayta malakalagan — JK 263-moddasi, 2-qismiga (ehtiyotsizlik tufayli odam o‘limiga olib kelgan harakat). Vladimir Putin Kerch bo‘g‘ozidagi avariya oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha bosh vazir o‘rinbosari Savelev boshchiligida ishchi guruh tuzishga ko‘rsatma bergan.

«Volgoneft-239» Astraxan portida ro‘yxatga olingan, kema egasi va operatori sifatida «Volgatransneft» ko‘rsatilgan. «Volgoneft-212» Peterburgda ro‘yxatga olingan bo‘lib, unga Permdagi «KamaTransOyl» va «Kama shipping» kompaniyalari egalik qiladi hamda boshqaradi.

Port yozuvlariga ko‘ra, «Volgoneft-212» va «Volgoneft-239» tankerlari so‘nggi oylarda Kerch bo‘g‘ozidagi «Kavkaz» porti va Volgadagi neftni qayta ishlash zavodlari prichallari oralig‘ida qatnagan. Xususan, «Volgoneft-212» so‘nggi yarim yil ichida ikki bor «Saratov neftni qayta ishlash zavodi»da mazut yuklagan. Bir safar tanker «Sizran neftni qayta ishlash zavodi»dan og‘ir neft yonilg‘isini eksportga yetkazib bergan. Har ikki zavod «Rosneft»ga qarashli hisoblanadi.

Greenpeace’dagilar bu avariya Qora dengiz akvatoriyasidagi eng yirik texnogen falokatlardan biri bo‘lishi mumkinligini qayd etdi, hozirgi sharoitlarda esa uning oqibatlarini bartaraf etish juda qiyin bo‘ladi. «Bu suvlarga neft yoki neft mahsulotlari to‘kilishi bilan bog‘liq har qanday holat jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ular shamol va oqimlarga (ayni vaqtda shimoli-sharqqa harakatlanmoqda) bog‘liq, hozirgi ob-havo sharoitida esa uni o‘rab olish juda qiyin. Agar xomashyo sohil tomon olib ketilsa, bu sohil liniyasi zaharlanishiga sabab bo‘ladi, buni tozalash esa juda qiyin. <…> Agar kemalar cho‘kib ketsa, unda neft va neft mahsulotlari uzoq vaqt davomida sizib chiqishi xavfi paydo bo‘ladi», — deya qayd etgan Greenpeace tadqiqot laboratoriyalari rahbari Pol Jonson «Meduza» so‘roviga javoban.

Ekolog Sergey Gribalyov «Pod’yom» bilan suhbatda «to‘rt ming tonna, albatta, juda ko‘pligi», ammo oqibatlar sizib chiqish qanchalik tez lokalizatsiya qilinishiga bog‘liqligini ta’kidlagan.

Ko‘proq yangiliklar: