Toshkent avtobuslarida naqd shaklda to‘lov qabul qilish to‘xtatiladi

O‘zbekiston 16:18 / 14.12.2024 5367

2025 yil 1 yanvardan boshlab Toshkent shahri jamoat transportida yo‘lkira haqini elektron shaklda to‘lashni rag‘batlantiruvchi tariflar joriy etiladi. Bu haqda shahar hokimi Shavkat Umrzoqovning qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, 1 yanvardan e’tiboran poytaxt avtobus va metropolitenida naqd shakldagi to‘lovlar uchun yo‘lkira haqi 3000 so‘m deb belgilanadi (amalda 2000 so‘m).

Transport kartasi, bank kartalari hamda mobil ilovalar orqali to‘lov qilinganda yo‘lkira 1700 so‘m miqdorida o‘zgarishsiz qoladi.

Transport kartalaridan foydalanilgan holda bir soat ichida bir yo‘nalishli yo‘lovchi transportidan boshqasiga o‘tish sonidan kelib chiquvchi imtiyozli va bepul tariflar ham o‘zgarishsiz qoladi.

1 yanvardan, shuningdek, Toshkent shahri yo‘nalishlaridagi barcha avtobuslar salonida yo‘lkira haqini naqd pulda olish amaliyotidan voz kechiladi. Avtobuslar salonida yo‘lkirani faqat elektron tarzda to‘lash mumkin bo‘ladi.

Avtobus yo‘lkirasi uchun naqd shaklda to‘lov qilishni istaganlar shahardagi bekatlarda va ularning yaqinida o‘rnatilgan to‘lov qurilmalari (Paynet, MultiPay va Oson infokiosklari) orqali bir martalik chipta xarid qilishi lozim bo‘ladi.

Shahar hokimining qarori bilan, shuningdek, avtobus yo‘nalishlarida elektron to‘lovlarni amalga oshirishda qatnovlar sonidan kelib chiqqan holdagi ko‘p martalik tarif rejalari ham tasdiqlandi:

Tarif Amal qilish muddati Avtobusdagi qatnovlar soni Tarif rejasining narxi
10 martalik 2 kun 10 16 000
20 martalik 5 kun 20 30 000
30 martalik 7 kun 30 44 000
Ko‘proq yangiliklar: