TikTok AQShda yana bir sudda yutqazdi - platforma tez orada taqiqlanishi mumkin

Jahon 22:54 / 14.12.2024 1652

AQSh Federal apellyatsiya sudi TikTokʼning mamlakatda 19 yanvardan boshlab taqiqlanishiga oid qonunni vaqtincha muzlatish to‘g‘risidagi iltimosini rad etdi, deb xabar beradi Bloomberg.

Qayd etilishicha, o‘tgan hafta sud kompaniya va uning foydalanuvchilarining qonunni bekor qilish to‘g‘risidagi iltimosnomasini rad etgan. 9 dekabr kuni esa platforma Oliy sud TikTokʼning apellyatsiyasi bo‘yicha qaror qabul qilgunga qadar qonun vaqtincha muzlatilishini so‘ragan, ammo u ham rad etilgan.

TikTokʼka egalik qiluvchi ByteDance kompaniyasi ishni AQSh Oliy sudiga qadar yetkazishni rejalashtirmoqda. «TikTokʼka qo‘yilgan taqiq to‘xtatilmasa, AQSh va dunyodagi 170 milliondan ziyod amerikalikning ovozi 2025 yil 19 yanvar kuni o‘chiriladi», — deb yozadi kompaniya X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga.

The New York Times’ning yozishicha, qonunning vaqtincha muzlatilishi AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampga saylovoldi kampaniyasida va’da qilganidek «ilovani qutqarishga urinishi» uchun ko‘proq vaqt beradi. Xususan, platformaning ma’lum qilishicha, Tramp administratsiyasi qonun ijrosini to‘xtatishi yoki «uning jiddiy potensial oqibatlarini yumshatishi» mumkin.

Avvalroq AQSh Federal apellyatsiya sudi Xitoyning ByteDance kompaniyasi zimmasiga 2025 yil 19 yanvarga qadar TikTok platformasini sotish majburiyatini yuklagandi. Aks holda platforma AQSh hududida bloklanadi. ByteDance’ning apellyatsiya da’vosida qisqa videolar servisiga qo‘yilayotgan taqiq AQSh konstitutsiyasining so‘z erkinligi to‘g‘risidagi birinchi tuzatishini buzayotganini qayd etgan. Ammo sud ushbu asosga qo‘shilmagan.

Shuningdek, Kanada ham TikTok videoservisidan milliy xavfsizlik nuqtai nazaridan mamlakatdagi TikTok Technology Canada Inc bo‘linmasi faoliyatini to‘xtatishni talab qilgan. Shu bilan birga, Kanada hukumati TikTok ilovasi ishini bloklash niyatida emas: undan foydalanish bo‘yicha qarorni foydalanuvchilarning o‘zlari qabul qilishi kerak.

Ko‘proq yangiliklar: