Roskomnadzor Rossiya Federatsiyasida Viber messenjeriga kirishni cheklaganini e’lon qildi. Qaror Rossiya qonunchiligining axborot tarqatish tashkilotchilariga nisbatan talablari buzilgani bilan bog‘liq, deb xabar berdi 13 dekabr, juma kuni idora.
«Ekstremistlar va terrorchilar tomonidan messenjerdan foydalanish tahdidlari»
Ushbu talablarga rioya qilish «messenjerdan terroristik va ekstremistik maqsadlarda foydalanish, fuqarolarni ularni sodir etishga jalb qilish, giyohvand moddalarni sotish, shuningdek, noqonuniy ma’lumotlarni joylashtirish bilan bog‘liq tahdidlarning oldini olish uchun zarur», deyiladi xabarda.
Viber messenjeri Yaponiyaning Rakuten kompaniyasiga tegishli. Mediascope ma’lumotlariga ko‘ra, bir oyda Rossiya aholisining o‘rtacha 26 foizi undan foydalanadi.
Roskomnadzor «axborot tarqatish tashkilotchilari» (ATT) reyestriga internet foydalanuvchilari uchun aloqa imkoniyatlarini taqdim etadigan platformalar egalarini kiritadi. Hozirda u 400 dan ortiq ATTni o‘z ichiga oladi. Ular foydalanuvchilarning o‘zaro aloqalari va ularning yozishmalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash, saqlash va FSBga taqdim etishlari shart.