O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Suriyadagi vaziyat
Suriya bosh vaziri Muhammad al-Bashir Damashqdagi Ummaviylar masjidida juma ma’ruzasini o‘qidi. Turkiya razvedkasi boshlig‘i Ibrohim Qalin va «Hay’at tahrir ash-Shom» yetakchisi Muhammad al-Jo‘loniy ham shu masjidda juma namozi o‘qigani aytilmoqda.
Shuningdek, muxolifatning «Oq kaskalilar» guruhi ham Ummaviylar masjidida juma namozida qatnashgan. Suriyadagi fuqarolik urushi boshlanganidan beri «Oq kaskalilar» qutqaruv va izlash ishlarida, shuningdek, Asad rejimi tomonidan amalga oshirilgan qatliomlarni yoritishda ishtirok etib kelmoqda.
Muhammad al-Jo‘loniy esa xalqni inqilob g‘alabasini nishonlash uchun maydonlarga chiqishga chaqirdi:
«Men barcha suriyaliklarni qo‘rqmasdan va o‘qotar qurollarsiz maydonlarga chiqib, inqilobimizning g‘alabasini nishonlashga chaqiraman. Buning ortidan esa birgalikda mamlakatimizni tiklash uchun harakat qilamiz», dedi u.
Suriya poytaxti Damashqda aeroportga olib boruvchi yo‘lda 100 ga yaqin inson jasadlari qoldiqlari topildi. Jabrlanganlarning shaxsini aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Jasadlardan ba’zilari fors tilidagi yozuvlar tushirilgan qoplarda bo‘lgan, qolganlari esa atrofga sochilib yotgan holda topilgan. Hukumat bu bo‘yicha rasmiy tergovni boshladi.
Bashar Asadning qochishdagi yolg‘oni
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad qochishidan avval harbiylarni Rossiyadan yordam kelayotganiga ishontirgan va hatto qarindoshlarini ogohlantirmasdan yashirincha aeroportga jo‘nab ketgan.
Reuters agentligiga ko‘ra, Asad qochishidan bir necha soat oldin Mudofaa vazirligida armiya va xavfsizlik yetakchilarini yig‘ib, ularga Rossiya harbiy yordami yo‘lda ekanini ta’kidlab, pozitsiyalarni ushlab turishni buyurgan. Keyin u prezident saroyidagi boshqaruvchiga uyga qaytayotganini aytgan, ammo aeroportga yo‘l olgan.
Asadning Damashqdan Hmeymim bazasiga, u yerdan Moskvaga uchib ketgani xabar qilindi. Uning rafiqasi Asmo va uch farzandi o‘sha paytda Moskvada bo‘lgan. Asad hatto ukasi Mohir va amakivachchalarini ham tashlab ketgan. Mohir Iroqqa qochgan bo‘lsa, Ihob Maxluf o‘ldirilgan, Iyozning taqdiri esa noma’lum.
Erdo‘g‘an Asad davri haqida
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Saqarya shahrida chiqish qilar ekan, Suriya inqilobini tanqid qilayotgan va Bashar Asad rejimi davrini madh etuvchi shaxslarga eng yaxshi javob Damashqdagi yerosti qamoqxonalari ekanini ta’kidladi.
Erdo‘g‘an Suriyaga yordam berish bo‘yicha sa’y-harakatlari davomida Turkiya katta bosim, ayblovlar va fitnalarga duch kelganini bildirdi.
«Biz suriyalik aka-ukalar va opa-singillarimiz oldidagi birodarlik burchini ado etdik», — deya qayd etdi Erdo‘g‘an.
Ukraina-Rossiya zarbalar almashdi
Ukraina qurolli kuchlari 11 dekabrga o‘tar kechasi Taganrog shahridagi harbiy aerodromga Amerikaning ATACMS raketalari bilan hujum qilganini bildirgan edi.
Rossiya tomoni bayonotiga ko‘ra, oltita raketa uchirilgan bo‘lib, ikkitasi «Pansir» tizimlari yordamida urib tushirilgan, qolganlari esa radioelektron kurash vositalari bilan mo‘ljaldan og‘dirilgan.
Hujum tufayli aerodromdagi binolar, harbiy mashinalar va avtoturargohdagi fuqarolik avtomobillari yengil shikastlangan. Shuningdek, shaxsiy tarkib orasida jarohatlanganlar borligi qayd etilgan, ammo qurbonlar soni ochiqlanmagan.
Rossiya kuchlari bunga javoban 13 dekabrga o‘tar kechasi Ukrainaga raketalar va dronlar yordamida keng ko‘lamli hujum uyushtirib, energetika obektlariga zarba berdi. Bu butun mamlakat bo‘ylab havo hujumi xavfi signallarini keltirib chiqardi. Kiyev, Odessa, Lviv, Cherkassk, Xmelnitskiy, Xarkiv va Ivano-Frankovsk oblastlarida portlashlar qayd etildi.
Hujumning asosiy nishonlari energetika obektlari bo‘lgan. Kiyev va Ternopil oblastlarida favqulodda elektr o‘chirish choralari ko‘rilgan, Odessada elektr transporti va suv ta’minoti to‘xtatilgan. Xarkivda dronning turar joy binosi tomiga tushishi tufayli yong‘in kelib chiqqan.
Ukrainaga tarixiy yordam
AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazib berishni sezilarli darajada oshirish bo‘yicha tashabbusni amalga oshiradi. Yaqin besh hafta ichida AQSh Ukrainaga yuz minglab artilleriya snaryadlari, mingdan ziyod raketalar, yuzta zirhli texnika va boshqa uskunalarni yuboradi.
CNN xabariga ko‘ra, Baydenning milliy xavfsizlik maslahatchisi Jyeyk Sallivan ushbu yordamni muvofiqlashtirishda asosiy rol o‘ynamoqda. Pentagon dengiz va havo yo‘nalishlaridan faol foydalanib, barcha uskunalar o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlaydi.
Biroq manbaning ta’kidlashicha, Ukraina uchun asosiy muammo qurol emas, balki tirik jonlarning yetishmasligi bo‘lib qolmoqda. AQSh Ukraina askarlarini mamlakat tashqarisida o‘qitishga tayyorligini bildirgan. Ammo kengaytirilgan safarbarlik qarorini Ukraina o‘zi qabul qilishi lozim.
12 dekabr kuni Bayden Ukrainaga 500 million dollarlik harbiy yordam paketini tasdiqlagan edi.
Yevropadan Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari
Germaniya va uning yevropalik hamkorlari Ukrainani har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va Rossiya bilan potensial tinchlik kelishuvida xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyorligini ta’kidladi. Germaniya, Fransiya, Polsha, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniya Ukrainaga uzoq muddatli harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish majburiyatini oldi.
Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok yig‘ilishda Yevropa xavfsizligini ta’minlash va Rossiyaga qat’iy signal berish zarurligini ta’kidladi. Muzokaralar AQShning saylangan prezidenti Donald Trampning Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatishi ehtimoliga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida o‘tkazildi.
Shuningdek, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban Rossiya va Ukrainaga o‘t ochishni to‘xtatish hamda mahbuslar almashinuvini taklif qildi. Ammo Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy buni rad etib, tinchlik sari harakatlar Yevropa birligi va AQSh qat’iyati bilan muvofiqlashtirilishini ta’kidladi.
BAA banklaridan Rossiyaga cheklov
AQShning yangi sanksiyalaridan so‘ng BAA banklari rossiyalik kompaniyalarning to‘lovlarini tekshirish va ushlab turish amaliyotini keskin kuchaytirdi. Bu Rossiyaning asosiy xorijiy moliyaviy «hab»laridan biri bo‘lgan BAAda biznes yurituvchi kompaniyalarga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
RBKning xabar berishicha, noyabr oyidan boshlab Dubay banklari orqali to‘lovlarni amalga oshirish vaqti bir necha barobarga oshib ketgan. Yanvar oyida 1–3 kun davomida amalga oshirilgan to‘lovlar endilikda ikki haftadan 30 kungacha kechikadi. Ayrim hollarda mablag‘lar banklar o‘rtasida yo‘qolib qolmoqda yoki qaytarilmoqda.
Bunday cheklovlar AQSh sanksiyalari ta’sirida joriy qilingan, chunki banklar ikkinchi darajali sanksiyalarga duch kelishni istamaydi. Mazkur vaziyat Rossiyaning tashqi savdo va moliyaviy operatsiyalari uchun katta qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda.
NATO va Rossiyaning ehtimoliy urushi
NATO bosh kotibi Mark Ryutte alyans davlatlarini Rossiya bilan 5 yil ichida bo‘lishi mumkin bo‘lgan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. U hozirgi mudofaa choralarini yetarli emas deb baholab, «Ukrainadagi voqealar kelajakda NATO hududida ham sodir bo‘lishi mumkin», dedi.
Ryutte Rossiya tomonidan hozircha bevosita tahdid yo‘qligini tan olgan holda Kreml uzoq muddatli qarama-qarshilikka tayyorlanmoqda, deb ta’kidladi. U harbiy xarajatlarni oshirishni taklif qilib, buni urushning oldini olish uchun zarur chora sifatida ko‘rsatdi. «Agar hozir sarflamasak, keyin trillionlab yevro yo‘qotishimiz mumkin», — dedi Ryutte.
Oktyabrda Germaniyaning Federal zarvedka xizmati Rossiyaning 2030 yilgacha NATOga hujum qilish ehtimoli haqida ogohlantirgandi. Shunga o‘xshash tahdidlar haqida Chexiya razvedkasi ham ma’lum qilgan.
Eronga zarba berishni ko‘zlayotgan Tramp
AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp Eronning yadro quroli yaratish imkoniyatini cheklash maqsadida unga zarba berish variantlarini ko‘rib chiqmoqda. The Wall Street Journal nashriga ko‘ra, Tramp jamoasi Eron yadroviy inshootlariga zarbalar berish masalasini jiddiy o‘rganmoqda.
Eronning mintaqadagi ta’siri zaiflashgani va yadroviy dasturning faollashayotgani bu muhokamalarni kuchaytirgan. Munozaralar Natanz, Fo‘rdu va Isfahon yadroviy obektlariga ehtimoliy zarbalarni ham o‘z ichiga oladi. Biroq bu inshootlarning ko‘pchiligi yer ostida joylashgani tufayli operatsiya muvaffaqiyatli bo‘lishi haqida ishonch yo‘q.
Tramp ma’muriyati Eronga nisbatan maksimal bosim o‘tkazish strategiyasini ham tayyorlamoqda. Dastlab qo‘shimcha harbiy kuchlar Yaqin Sharqqa jo‘natiladi, Isroilga zamonaviy qurol-yarog‘ beriladi va sanksiyalar kuchaytiriladi. Ikkinchi bosqichda esa sanksiyalar va harbiy tahdid orqali Eron muzokaralarga majburlanadi.