Yevropa davlatlari Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini va’da qildi

Jahon 12:35 / 13.12.2024 2232

Germaniya va uning yevropalik hamkorlari Ukrainani doimiy qo‘llab-quvvatlashiga va Rossiya bilan potensial tinchlik kelishuvining bir qismi sifatida unga xavfsizlik kafolatlarini berishga tayyor ekanliklariga ishontirdi. 12 dekabr, payshanba kuni Germaniya, Fransiya, Polsha, Italiya, Ispaniya, Buyuk Britaniya va Ukraina tashqi ishlar vazirlarining Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yangi oliy vakili Kaya Kallas bilan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma bayonotda shunday deyiladi: «Biz Ukrainaga mustahkam xavfsizlik kafolatlarini, jumladan, uzoq muddatda ishonchli harbiy va moliyaviy yordam ko‘rsatishni ta’minlash majburiyatini olamiz».

«Ukraina uchun keng qamrovli, adolatli va mustahkam tinchlik va Yevropa uchun mustahkam xavfsizlik maqsadlari bir-biri bilan chambarchas bog‘liqdir», — deya dpa agentligi Berlin deklaratsiyasidan iqtibos keltiradi. Bayonot mualliflari Yevropa xavfsizligini ta’minlash uchun Yevropa va transatlantik sheriklar bilan birgalikda «harakat qilish» qat’iyatini ta’kidladi.

Yig‘ilish Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok tomonidan AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp 20 yanvarda prezidentlikka kirishganidan so‘ng Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatib, o‘t ochishni to‘xtatishni talab qilsa, qanday choralar ko‘rish masalasini muhokama qilish maqsadida tashkillashtirildi. Muzokaralar boshlanishidan oldin Berbok Yevropa davlatlarining birligiga ishora qilib, Ukrainaga qat’iy xavfsizlik kafolatlari kerakligini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Rossiya uchun «aniq signal» bo‘ladi. «Biz Yevropa qit’amizning xavfsizligi va kelajagini himoya qilamiz», dedi u.

Vengriya Moskva va Kiyevga sulh tuzishni taklif qildi

Vengriya Ukraina va Rossiyaga «o‘t ochishni to‘xtatish»ni o‘rnatish va keng ko‘lamli mahbuslar almashinuvini o‘tkazishni taklif qildi, dedi Vengriya bosh vaziri Viktor Orban 11 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarida.

«Prezident Zelenskiy buni aniq rad etgani achinarli, biz qo‘limizdan kelganini qildik», deb yozdi Orban. U Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qilgani uchun Orbanni tanqid ostiga olganini shunday izohladi.

«Biz hammamiz umid qilamizki, Viktor Orban hech bo‘lmaganda Moskvada Asadga qo‘ng‘iroq qilib, uning bir soatlik ma’ruzalarini tinglamaydi», — deb yozdi Zelenskiy Orban va Putin o‘rtasidagi telefon suhbati haqida xabarlar paydo bo‘lgach.

«Haqiqiy tinchlik va kafolatlangan xavfsizlikka erishish uchun Amerikaning qat’iyati, Yevropa birligi va barcha hamkorlarning BMT Nizomi maqsad va tamoyillariga sodiq bo‘lishi talab etiladi», — deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy. Unga ko‘ra, «hech kim o‘zining shaxsiy obro‘sini ko‘tarmasligi kerak», birlik va umumiy muvaffaqiyatga e’tibor qaratishi kerak.

«Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan urushini Ukrainasiz muhokama qilib bo‘lmaydi», — deb yozgan Zelenskiy va AQShning saylangan prezidenti Donald Trampga, «haqiqiy tinchlik uchun to‘g‘ri va ishonchli yechimlarni topish» ustida ishlagan «Yevropaning ko‘plab yetakchilariga» minnatdorchilik bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: