Toshkentdagi Abdulla Qodiriy bog‘ida osma ko‘prik va kuzatuv minorasi quriladi

O‘zbekiston 09:03 / 13.12.2024 3286

Chorshanba kuni prezident Shavkat Mirziyoyevga qurilish va obodonlashtirish loyihalari qatorida Toshkent shahridagi Abdulla Qodiriy bog‘ini rekonstruksiya qilish konsepsiyasi taqdim etildi.

Bog‘da relefdan to‘g‘ri foydalanib, yashil hududlarni ko‘paytirish, sayr va tomosha joylari, favvoralar, yangi planetariy qurish, shuningdek, sayyohlarni jalb qilish uchun gastro-xoll tashkil etish reja qilinmoqda.

Rossiyalik loyihachi Irina Litvinova «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida bog‘ konsepsiyasini ishlab chiqishda «aholi talablari ham inobatga olinganini» aytdi.

«Shaharning bu qismida an’anaviy muhit hukmron va biz ham ma’lum ma’noda shunday uslubni tanlashga qaror qildik. Mazkur bog‘da milliy, madaniy elementlar uyg‘unligini ko‘rish mumkin. Ya’ni o‘zbek xalqiga xos bo‘yoqlar, naqshlar, qolaversa, odamlarning turmush tarzi aks etadi», — dedi u.

Park markaz bo‘ylab, jumladan, hozirda sayyohlarni «ohanrabodek tortadigan» Chorsu bozori hududi bilan integratsiyalashgan. «Bizning taxminimizcha, Qodiriy bog‘i ham xuddi shunday manzilga aylanadi va shahar mehmonlarini o‘ziga jalb qiladi», — dedi u.

Bog‘da yashillik olamini asrash uchun zamonaviy tomchilatib sug‘orish texnologiyalari o‘rnatiladi.

Kuzatuv minorasi hududdagi diqqatga sazovor obektlardan biri bo‘ladi. «Bu umumiy qiyofani o‘zgartirmaydigan nafis rekonstruksiya bo‘lib, qush parvozi balandligidan shaharning bor go‘zalligini ko‘rish mumkin. Hazrati Imom majmuasining moviy gumbazlari, Chorsu bozori va shaharning an’anaviy qismini kuzatish uchun ham juda jozibali», — dedi Irina Litvinova.

Qodiriy bog‘idagi yana bir muhim jihat — bu metro vestibyuliga chiqish. «Bunga alohida yondashdik. Boisi yo‘lovchi oqimi yuqori, bizning yechimga ko‘ra, metrodan chiqishda foydalanuvchilar qulayligi uchun alohida maydon tashkil qilinadi», — dedi mutaxassis.

«Metroga kirish eshigi oldida esa to‘liq milliy taomlarga bag‘ishlangan gastro-xoll bo‘ladi. U yerda Toshkentning tashrif qog‘oziga aylangan taomlardan tatib ko‘rish va bir vaqtning o‘zida mahorat darslari o‘tkazish imkoniyati yaratiladi. Yana odamlarning o‘zlari ham yeguliklar tayyorlashlari mumkin», — dedi u.

Markaziy xiyobonni obodonlashtirish jarayonida bolalar uchun ko‘ngilochar ayvonlar, favvoralar paydo bo‘ladi. Loyihaga ko‘ra, favvora havzasi zamonaviy shaklda qayta tiklanadi. O‘tish joylarida foydalanuvchilar qulayligi uchun suv kanallari panjaralar bilan yopiladi, ba’zi nuqtalarda o‘z joyida qoladi.

«Relefning pasayishiga kelsak, bu bog‘ning asosiy jihati. Chunki u yerda avvaldan tabiiy kuzatish maydonchasi mavjud. Biz bu yechimni takomillashtirdik va osma ko‘prikni birlashtirdik. U nafaqat tomosha maydoni va chiroyli fotosuratlar olish uchun munosib manzil, balki amfiteatr sifatida ham faoliyat yuritadi. Bu yerda sahnaga qaragan qiya zinapoyalar bo‘ladi», — dedi Irina Litvinova.

Suv inshooti sovitish barobarida ramziy ma’noda amfiteatrning ruhini ifodalab turadi.

Ko‘proq yangiliklar: