NATO: Ukrainadagi urushda halok bo‘lganlar va yaralanganlar soni 1 mlndan ortiq

Jahon 13:35 / 13.12.2024 2973

Ukrainadagi urushda 1 milliondan ortiq odam halok bo‘lgan yoki yaralangan. Bu ma’lumotlarni 12 dekabr, payshanba kuni Bryusselda NATO bosh kotibi Mark Ryutte e’lon qildi. «Har haftada har tomondan 10 mingdan ortiq odam halok bo‘ladi yoki yaralanadi», — deya Ryutte so‘zlarini keltirgan dpa. U Ukrainadagi voqealarni Ikkinchi jahon urushidan keyin Yevropadagi eng qonli mojaro deb atadi.

Ukrainadagi urush qurbonlarining haqiqiy soni bahslarga sabab bo‘ladi. Yaqinda prezident Volodimir Zelenskiy mojaro boshlanganidan beri Ukraina Qurolli kuchlarining 43 mingga yaqin askari halok bo‘lganini, 370 ming nafari yaralanganini, biroq ularning yarmiga yaqini xizmatga qaytganini aytdi. Donald Tramp Rossiya tomonida 600 ming, Ukraina tomonida 400 ming halok bo‘lgan va yaralanganlar haqida gapirdi. Britaniyaning The Economist jurnali Ukrainaning yo‘qotishlarini 60-100 ming kishi atrofida baholadi. BBC va «Mediazona» jurnalistlari frontda 78 mingdan ortiq rossiyalik halok bo‘lganini tasdiqladi.

NATO bosh kotibi Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi

Ryutte Bryusseldagi nutqida o‘rta muddatli istiqbolda Rossiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishga chaqirdi. «To‘rt yoki besh yildan keyin bizni nima kutayotganiga tayyor emasmiz», dedi siyosatchi. «Ukrainada sodir bo‘layotgan voqealar biz bilan sodir bo‘lishi mumkin», deb hisoblaydi u.

Hozir Rossiyadan hech qanday «bevosita harbiy tahdid» yo‘q, dedi Ryutte, lekin Rossiya «Ukraina va biz bilan uzoq muddatli qarama-qarshilikka» tayyorlanmoqda. NATO bosh kotibi alyans a’zolarini «urush davridagi fikrlashga» va harbiy xarajatlarni «turbo» rejimiga o‘tkazishga chaqirdi. «Biz NATO hududida navbatdagi katta urushning oldini olishimiz mumkin», dedi u.

«Agar biz hozir urushning oldini olish uchun ko‘proq mablag‘ sarflamasak, keyinroq jang qilish uchun ko‘proq pul to‘laymiz. Milliardlab emas, trillionlab yevro. Ya’ni, agar g‘alaba qozonsak, umuman g‘alaba qozona olsak», — deya Ryutte so‘zlaridan iqtibos keltiradi AP. 

Ko‘proq yangiliklar: