“Muhojirlarimiz har qancha kamsitilsa ham, TIVdan sado yo‘q” - xorijdagi vatandoshlarni kim himoya qiladi?

O‘zbekiston 09:53 / 13.12.2024 5071

Rossiyadagi o‘zbek muhojirlari natsistlar davridagi kabi qo‘llarini yelkasiga qo‘yib, olib o‘tilganida ham Tashqi ishlar vazirligidan sado chiqmadi, deydi huquqshunos Botirjon Shermuhammad. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov esa TIVning fundamental vazifalaridan biri xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarini himoya qilish ekani, lekin bu tafakkur juda zaif qolayotganini ta’kidladi.

Kun.uz muxbiri Rossiyadagi o‘zbek migrantlari bilan bog‘liq dolzarb masalalarni huquqshunos Botirjon Shermuhammad va siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov bilan muhokama qildi. Suhbat davomida mehmonlar O‘zbekiston rasmiy doiralari, xususan Tashqi ishlar vazirligining mehnat muhojirlarini himoya qilish borasidagi harakatlariga to‘xtalib o‘tdi.

Botirjon Shermuhammad:

— E’tibor bersangiz, Qirg‘iziston va Tojikiston bir necha marta aynan mehnat muhojirlari bo‘yicha Rossiyaning harakatlariga munosabat bildirgan. Diplomatik notalar bilan. Lekin O‘zbekiston men ko‘rgan holatlarda faqat bir marta Rossiyaga e’tiroz bildirdi: Zaxar Prilepinning chiqishiga qarshi. Uning chiqishi esa O‘zbekiston suverenitetiga qarshi gap edi, muhojirlar bilan bog‘liq emasdi.

Mehnat muhojirlarimizga nima bo‘lsa ham, qayerda yoki qanchalik kamsitilgan yoki ularning huquqlari buzilgan bo‘lsa ham… hatto Rossiyadagi o‘zbek muhojirlarini Hitler davridagi natsistlar kabi qo‘llarini yelkasiga qo‘yib majburan yurgizishgan taqdirda ham, O‘zbekiston hukumati yoki Tashqi ishlar vazirligi hech qanday nota bildirgani yo‘q. Ochiqchasiga biz bu narsani ko‘rmadik.

Nega Rossiyaga bizdan ko‘ra iqtisodiy tomondan qaramroq bo‘lgan davlatlar Qirg‘iziston yoki Tojikiston norozilik bildira oladi? Ular bilan hech narsa bo‘lgani yo‘q. Nega biz bildira olmaymiz? Biz katta davlatmiz, aholimiz ham ko‘p, iqtisodiy imkoniyatlarimiz ham ko‘proq.

Hozirgi kunda Rossiyaning sanoqli do‘sti bor. Biz va Tojikiston Rossiya bilan ittifoqchi davlatmiz. Ittifoqchilik haqida shartnomamiz bor, strategik hamkorlik haqida shartnomamiz bor. Agar ittifoqchi davlatning fuqarolariga Rossiyada shunday munosabat bildiriladigan bo‘lsa, oddiy munosabatdagi davlatlarga nima qiladi?

Bu nafaqat Rossiya bilan. Oxirgi paytlarda Turkiyaga borishda ham O‘zbekiston fuqarolarini chegaradan qo‘yilmayotgan holatlari bo‘lyapti. Bizning Turkiya bilan qanaqangi do‘stlik shartnomalarimiz bor, qardosh davlatmiz deyiladi. Lekin hech qanday sababsiz, kimningdir shaxsiy fikri asosida O‘zbekiston fuqarolari chegaradan kirgizmay qo‘yilyapti. O‘zbekiston fuqarolarining Gruziyaga yoki Moldovaga kirishida ham muammolar bo‘lib turibdi. Biz ularni O‘zbekistonga qo‘yyapmiz-ku, nega bizning fuqarolarga bunday munosabat?

Kamoliddin Rabbimov:

— Fuqarolarni himoya qilish faqat davlat ichida emas, tashqi dunyoda ham bo‘lishi kerak, O‘zbekistonda hali shunday zehniyat shakllanmadi. Bu – davlatning fundamental vazifasi. Ko‘pgina davlatlarda vatandoshlarni, xorijga chiqqan fuqarolarni himoya qilish tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosarining fundamental vazifasi hisoblanadi. Lekin O‘zbekistonda bu tafakkur juda zaif qolmoqda.

Misol uchun, ishlagani ketadimi, dam olgani boradimi, o‘qish uchun boradimi yoki boshqa sabablarmi, o‘sha tashqariga chiqqan o‘zbekistonliklarni himoya qilish darajasi o‘ta zaif bo‘lgan va hozirgacha zaifligicha qolyapti.

Botirjon Shermuhammad:

— Bizda amaldorlar bilan gaplashsangiz, ularning zehniyatida birinchi navbatda bizning vatandoshlarimiz o‘zlari aybdor. Shu zehniyat saqlanib qolgan. Odamlardan “zerikkan” bunday amaldorlarni almashtirish kerak.

Mana, [Rossiya Tergov qo‘mitasi raisi Aleksandr] Bastrikin biznikilarni sharmanda qildi. Sankt Peterburgdagi yuridik forumda aytgan gapi: “O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga bordik, muhojirlar bo‘yicha gaplashdik. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi xodimlari aytyaptiki: Sizlar nimaga bular bilan yuribsizlar, bizgayam kerakmas bu odamlar, qiziqmas, dedi”.

Bastrikin shu narsani katta bir forumda aytyapti, bu gaplar OAVlarda chiqib ketdi. O‘zbekiston Bosh prokuraturasi “bu [Bastrikin] yolg‘on gapirdi, biz o‘zimizning fuqarolarimizga bunaqa munosabat bildirmaymiz”, deb aytolgani yo‘q. Yoki ular shuni aytishga ham qo‘rqadi, yoki haqiqatan ham shunaqa fikrlaydi.

Kamoliddin Rabbimov:

— Rossiya tarafi o‘zimiznikilardan shu gaplarni eshitganidan keyin, ichkarida xohlaganicha repressiya qiladi-da.

***

To‘liq intervyu bilan ushbu havola orqali tanishish mumkin.

«Hech kim yordam berolmaydi» – Moskva aeroportida Rossiya fuqaroligini rad etgani uchun qaytarilgan migrant hikoyasi

Ko‘proq yangiliklar: