Mandarin qishda eng ko‘p iste’mol qilinadigan meva. Barcha foydali xususiyatlariga qaramay, ushbu sitrus mevani me’yoridan ortiq iste’mol qilish sog‘lik uchun jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin. Rossiyalik nutritsiolog Yuliya Xlopava mandarinlarning foyda va zararlari haqida ilmiy dalillarga asoslangan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
Mandarinlar nimasi bilan foydali?
Mandarin vitaminlar, minerallar va antioksidantlarga boy meva hisoblanadi. Uning foydali xususiyatlari quyidagilardan iborat:
C vitamini manbai. Bu vitamin immunitetni qo‘llab-quvvatlaydigan, shamollashga qarshi kurashishga yordam beradigan va teri holatini yaxshilab, uni yaltiratadigan xususiyatlarga ega.
Antioksidantlar. Mandarinlar tarkibidagi flavonoidlar va karotinoidlar organizm hujayralarini oksidlanish stressidan himoya qilib, qarish jarayonlarini sekinlashtiradi.
Ovqat hazm qilishni qo‘llab-quvvatlash. Mandarinlar tarkibida ichak salomatligini saqlashga yordam beradigan va qabziyatning oldini oladigan kletchatka mavjud.
Foydali mikroelementlar. Mandarinlar yurak, suyaklar va asab tizimi uchun foydali bo‘lgan kaliy, magniy va kalsiyga boy.
Kaloriyasi past. O‘rtacha bir dona mandarin taxminan 40-50 kaloriya saqlaydi, shu sababli u vaznini nazorat qilayotganlar uchun ayni muddao bo‘ladi.
Sog‘liqqa zarar yetkazmaslik uchun qancha mandarin yeyish kerak?
Barcha foydali xususiyatlariga qaramay, mandarinlar ham, boshqa har qanday mahsulot singari, me’yorida iste’mol qilinishi lozim. Shifokorlar va diyetologlar salbiy oqibatlardan saqlanish uchun kuniga 2-4 tadan ortiq mandarin iste’mol qilmaslikni tavsiya etadi.
Mandarin iste’molini cheklash nima uchun muhim?
Meva kislotasi. Mandarinlar tarkibida ko‘p miqdorda kislota mavjud bo‘lib, ular me’yoridan ortiq iste’mol qilinganda oshqozon shilliq qavatini shikastlashi, jig‘ildon qaynashi yoki noqulaylik hissini keltirib chiqarishi mumkin.
Shakar. Mandarinlar “yengil” meva hisoblansa-da, ular tarkibida tabiiy shakar mavjud. Uni me’yoridan ortiq iste’mol qilish qondagi qand miqdoriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, ayniqsa qandli diabetga chalingan odamlarda.
Allergiya xavfi. Mandarinlar va boshqa sitrus mevalar haddan tashqari ko‘p iste’mol qilinganda, ba’zi odamlarda allergik reaksiyalarni keltirib chiqarishi mumkin.
Birdaniga ko‘p mandarin yesa nima bo‘ladi?
Mandarinlar juda mazali bo‘lgani uchun undan tiyilish ko‘pincha qiyin bo‘ladi. Ammo birdaniga ko‘p mandarin iste’mol qilishning salbiy oqibatlaridan ogoh bo‘lish lozim:
Oshqozon zararlanishi. Mandarinlardagi kislota jig‘ildon qaynashi, oshqozon og‘rishi va hatto qayt qilishga sabab bo‘lishi mumkin.
Ich ketishi. Ko‘p miqdorda kletchatka va meva kislotalari ovqat hazm qilish jarayonini buzishi mumkin.
Allergik reaksiya. Hatto sog‘lom odamlarda ham mandarinlarni ko‘p iste’mol qilish terida qichishish yoki toshma paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Gipervitaminoz. Organizmda C vitamini oshib ketishi kamdan kam uchraydi, biroq mandarinlarni haddan ortiq iste’mol qilish shunga olib kelishi mumkin. Oqibatda bosh og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va uyqusizlik bezovta qiladi.
Mandarinlar kimlarga mumkin emas?
Allergiklarga. Agar sitrus mevalarga allergiya bo‘lsa, mandarinlar teri toshmalari, qichishish yoki hatto shishni keltirib chiqarishi mumkin.
Gastrit yoki oshqozonda yarasi bor odamlarga: mandarin tarkibidagi kislotalar ushbu kasalliklar alomatlarini kuchaytirishi mumkin.
Diabetga chalinganlarga. Qandli diabet bilan og‘rigan odamlar mandarin yeyishi mumkin, cheklangan miqdorda. Bunda qon tarkibidagi shakar miqdori nazorat ostida saqlanishi lozim.
Buyragida muammosi borlarga. Mandarin tarkibidagi kaliy surunkali buyrak kasalliklari bilan og‘rigan odamlar uchun zararli bo‘lishi mumkin.
Mutaxassis mandarinlar zararidan saqlanish uchun ularni kam kamdan, oraliq tanaffuslar bilan yeyishni, shuningdek, yong‘oq yoki boshqa shakarsiz mahsulotlar bilan qo‘shib iste’mol qilishni tavsiya qildi.