“Chegirma bor, chipta yo‘q” - talabalar poyezdlarga chegirmali chiptalar qolmaganidan norozi

Jamiyat 20:32 / 13.12.2024 10305

“O‘zbekiston temiryo‘llari” talabalar uchun mahalliy yo‘nalishdagi poyezdlar chiptalariga 50 foizlik chegirma e’lon qilgan. Chiptalar sotiladigan elektron platformada Toshkent–Urganch, Toshkent–Buxoro, Toshkent–Nukus yo‘nalishlarida 23–31 dekabr sanalaridagi barcha chiptalar allaqachon qolmagani ko‘rinadi. Boshqa yo‘nalishlarda esa sanoqli chiptalar qolgan. Kun.uz muxbiri holatni o‘rganish va talabalar fikrini eshitish uchun poytaxtdagi temiryo‘l kassalaridan birida bo‘ldi.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ 10 dekabr kuni qishki ta’til munosabati bilan respublikadagi oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun mahalliy yo‘nalishdagi yo‘lovchi poyezdlari chiptalariga 50 foizlik chegirma e’lon qildi. Chegirmalar joriy yil 23 dekabridan 2025 yilning 10 yanvarigacha amal qilishi qayd etildi. Kun.uz muxbiri o‘rganishlari 11 dekabr holatida temiryo‘l chiptalari onlayn sotiladigan “eticket.railway.uz” platformasida Toshkent—Urganch, Toshkent—Buxoro, Toshkent—Nukus yo‘nalishlarida 23 dekabrdan 31 dekabrga qadar chiptalar qolmaganini ko‘rsatdi. 

Kun.uz bilan suhbatda bo‘lgan talabalar ham mazkur sanalarda ushbu yo‘nalishlarga chipta qolmaganini ta’kidladi. Talabalarning ayrimlari esa ketish uchun emas, balki faqat qaytish uchun chegirmali chipta olishga ulgurgan xolos.

Onlayn ko‘rdik, chipta yo‘qligi uchun kassaga kelishga majbur bo‘ldik”, — deydi talabalardan biri. Boshqa talaba esa chegirmali chipta ololmagani ortidan qo‘shimcha vagonlar qo‘shilish yoki qo‘shilmasligini bilish uchun temiryo‘l kassasiga kelganini aytdi. 

Toshkent—Andijon yo‘nalishida 25 dekabrdan 31 dekabrgacha chiptalar qolmagan. Ammo Toshkent—Qo‘qon yo‘nalishida bor ekan”, — dedi talaba yigitlardan biri.

“O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ chegirma e’lon qilgan vaqtda talabalar agar chegirmali chipta xarid qilmoqchi bo‘lsa, temiryo‘l kassalariga pasport bilan kelishini so‘ragandi. Kun.uz bilan suhbatlashgan talabalar esa pasportdan tashqari o‘qish joyidan va doimiy ro‘yxatdan o‘tganligi haqidagi ma’lumotnomalar ham so‘ralayotganini bildirdi. Boshqasi esa talabalik guvohnomasi yetarli ekanligini qayd etdi.

Termiz shahriga ketmoqchi bo‘lgan boshqa bir talaba 31 dekabrgacha chiptalar qolmaganini, faqat 2025 yil yanvariga qaytish chiptalari borligini bildirdi. Bundan tashqari talabalar kassalarda xizmat ko‘rsatish sifati bo‘yicha fikrini bildirib, bitta chipta sotib olish uchun o‘rtacha 1 soat vaqt ketganini ma’lum qildi. 

Men chegirma e’lon qilinishidan oldin chipta sotib olgandim, hozir chipta narxi miqdorining yarmini qaytarib olmoqchi edim, imkoni yo‘qligini aytishdi”, — dedi talabalardan biri.

Kun.uz chegirmali chiptalar qolmagani yuzasidan “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ matbuot xizmati bilan bog‘landi. Ma’lum qilinishicha, chiptalar qolmagani talabalar sonining ko‘pligi bilan bog‘liq. Ta’kidlanishicha, qishki ta’til kunlarida qancha chegirmali chiptalar ajratilgani bo‘yicha aniq ma’lumot mavjud emas. Shuningdek, qo‘shimcha vagonlar va ularda bo‘lishi kutilayotgan o‘rinlar soniga bir necha kundan keyin aniqlik kiritilishi aytildi.

Eslatib o‘tamiz, “O‘zbekiston temiryo‘llari” 2023 yilgi qishki ta’til vaqtida chiptalar deyarli sotib bo‘lingandan keyin talabalar uchun chegirma e’lon qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: