AQSh Ukrainaga 500 million dollarlik yangi harbiy yordam paketini o‘tkazadi, dedi mamlakat davlat kotibi Entoni Blinken 12 dekabr, payshanba kuni e’lon qilgan bayonotida. «Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning davom etayotgan hujumlaridan himoyalanayotgan ukrainalik hamkorlarimizga zudlik bilan zarur bo‘lgan yana bir muhim qurol va jihozlar to‘plamini taqdim etmoqda», dedi Blinken. Aniqlik kiritilishicha, yordam AQShning harbiy zaxiralari hisobidan ajratiladi.
Vashington Kiyevga Rossiya agressiyasini qaytarish uchun HIMARS YaO‘RT o‘q-dorilari, artilleriya o‘q-dorilari, uchuvchisiz uchish apparatlari, zirhli texnika va kimyoviy, biologik, radiologik va yadroviy hujumlardan himoya qilish uskunalarini topshiradi.
Tramp: Ukrainadagi urushni tugatish ustuvor vazifa bo‘ladi
Ukrainadagi urush imkon qadar tezroq to‘xtatilishi kerak, bu AQSh tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanadi. Bu haqda AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp 11 dekabr kuni chop etilgan Fransiyaning Paris Match jurnaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Suhbat 7 dekabr kuni Parijda o‘tkazildi, u yerga Tramp Notr-Dam soborining restavratsiyadan so‘ng ochilishiga kelgan. Suhbatning asosiy qismi ushbu voqea, AQSh-Fransiya munosabatlari, migratsiya va Yaqin Sharqdagi mojarolarga qaratildi.
Donald Tramp Ukraina haqida gapirar ekan, 2025 yil yanvarida Oq uy rahbari lavozimiga kirishganidan so‘ng Ukrainadagi urushni tugatishni tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylantirish niyatida ekanini aytdi. «Menimcha, biz Rossiya bilan Ukraina muammosini hal qilishimiz kerak», deb tushuntirdi u. Yaqin Sharq ham «katta ustuvor masala» bo‘lsa-da, u yerdagi vaziyat Ukrainadagiga qaraganda «murakkab emas», dedi Donald Tramp.
U Ukrainada halok bo‘lgan «yuz minglab askarlar» haqida gapirdi. Bu urush ham, Yaqin Sharqdagi mojaro ham «tezda» hal qilinishi kerak, chunki «ko‘p odamlar halok bo‘lmoqda». Tramp Parijdagi uch tomonlama muzokaralarni «prezident Zelenskiy bilan yaxshi uchrashuv» deb atadi.
Donald Tramp, shuningdek, Bashar Asad rejimi qulagandan keyin AQSh Suriya ishlariga aralashmaydi, degan va’dasini takrorladi. «Suriya o‘zini o‘zi boqishga majbur bo‘ladi», dedi respublikachi.