Yaqinlarining xohish-istaklarini amalga oshirish mas’uliyati ilm olish uchun chet elga ketgan yoshlarga yuk bo‘lyapti. Nafaqat o‘zini o‘zi ta’minlash, balki yaqinlariga pul jo‘natish uchun ham qo‘shimcha ishlash majburiyati ularni asosiy maqsad – ilm olishdan chalg‘itmoqda. “Biz yoshlarimizning qobiliyatlarini uy, to‘y, mashina degan vasvasalar bilan o‘ldirib qo‘yganmiz”, deydi Yaponiyada faoliyat olib borayotgan jamiyatshunos Bahodir Iskandarov Kun.uz bilan suhbatda.
Bahodir Iskandarovga ko‘ra, ilm olish istagidagi yoshlarning hashamat qurbonlariga aylanib qolish holati nafaqat Yaponiyada, balki barcha o‘zbek migrantlari orasida keng tarqalgan. Jamiyatshunos onasining orzularini amalga oshiraman deb qiyin ahvolga tushib qolgan bir qiz misolida xorijdagi migrantlarni qiynayotgan muammolar haqida gapirib berdi.
“O‘zbek migrantlarining hammasida yuk bor”
“Norasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugun Yaponiyada 10 ming nafar o‘zbekistonlik bor: ko‘pchilik bir-birini taniydi, bir-birining shaxsiy hayoti haqida biladi.
Yaponiyaga talaba sifatida kelib, xalqaro darajadagi kompaniyada mutaxassis sifatida ishlayotgan bir qizni taniyman. Bir kuni yig‘lab, qarz so‘radi. Ammo moddiy jihatdan u qarz so‘raydigan emas, qarz beradigan holatda edi. Chunki Yaponiyaga kelganiga 10 yil bo‘lyapti, ishi yaxshi. “Onamning orzu-havaslari deb shunday holatga tushdimki, hatto o‘zim yashaydigan uyning ijarasiga pul to‘lay olmaydigan holdaman. Bu muammo faqat mening dardim emas. Betgachoparlik bo‘lmasin deb istihola qiladigan farzandlar ko‘p. Aslida, so‘rab ko‘rsangiz, bu hammaning dardi”, dedi u menga.
Yaponiyada o‘qishning o‘zi juda qiyin. Lekin nafaqat qizlar, balki yigitlar ham bu yerga kelgandan keyin o‘z xarajatlarini qoplashdan tashqari O‘zbekistondagi yaqinlarini boy ko‘rsatish uchun ham ruhiy bosimda yurishadi.
Bu qiz ham o‘rtahol oila farzandi, kelgandan keyin talabalik davrida ishlab, uylarini ta’mirlatdi. Keyin otasiga mashina sovg‘a qildi. Yoshi 30 dan oshyapti, lekin ota-onasi, aka-singillarining moddiy ahvolini yaxshilash uchun haligacha oila qurmadi. Ularga yordam bera olmay qolishi mumkinligini o‘ylab turmush qurishni kechiktirib yuraverdi. Ikki singlisi undan oldin turmushga chiqdi, unga esa oddiy ta’minotchi sifatida qarashgan. Buni unga onasi ham ochiqchasiga aytgan.
Yaponiyada pul topish oson emas. Qiz katta kompaniyada ishlasa ham kechasi bilan qo‘shimcha ishlar qilishiga to‘g‘ri kelgan. Uning “portlashi”ga sabab bo‘lgan narsa esa onasining endi Gobalt o‘rniga Malibu olaylik, degani bo‘lgan.
“Biz qobiliyatlarimizni uy, to‘y, mashina degan vasvasalar bilan o‘ldirib qo‘yganmiz”
Qiz haqida ijtimoiy sahifamda e’lon qilganimda izohlarda “Aka, mening dardimni yozibsiz, universitetda boshqa davlatlardan kelib o‘qiydigan talabalarning kutubxonalarda bemalol dars qilib o‘tirganini ko‘rsam, xafa bo‘lib ketaman. Qaniydi menam faqat o‘qishni o‘ylasam deyman”, deb yozganlar bor.
Ayniqsa, bir izohni o‘qib qattiq xafa bo‘ldim. Unda bir yigit “Aka-ukalarimning uy, to‘y qilishi uchun 8 yil umrimni chetda o‘tkazdim va bir oyog‘imdan ajraldim. Oyog‘imdan ajralib, O‘zbekistonga qaytganimda hech kimga kerak emasligimni bildim. Hozirgi ahvolimni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman”, deb yozgandi.
O‘zim ishlaydigan kompaniyaga 300 nafardan ortiq o‘zbeklarni ishga olganman. Ularning 99 foizi shunday yuk bilan kelganini aytadi. Aslida bizning xalqimizda boshqa millatlarga qaraganda potensial kuchliroq. Ba’zi o‘rinlarda yaponlardan ham kuchli. Biz shunaqa yoshlarimizning qobiliyatini uy, to‘y, mashina degan vasvasalar bilan o‘ldirib qo‘yganmiz.
Hashamat mavzusida yapon tilida kichkina maqola tayyorladik, qaysi xalqda bunga o‘chlik borligini o‘rgandik. Afsuski, kambag‘al davlatlarda hashamatga o‘chlik yuqori ekan.
Masalan, Budapesht va Hindistonning chekka va qashshoq qishloqlarida yashaydigan ayollargina tilla taqinchoqlarga mukkasidan ketgan. Rivojlangan mamlakatlarda esa asosiy e’tibor komfortga qaratilgan. Odamlar 2 qavatli hovlidan ko‘ra hamma qulaylikka ega 2 xonali uyni afzal ko‘rishadi.
Biz bu darajadagi millat emasmiz. Shu sababli, chet elda yashayotgan, o‘qiyotgan va ishlayotgan hamyurtlarimizni to‘g‘ri tushunaylik”.
Jamiyatshunos farzandi ta’lim olish yoki ishlash uchun xorijga ketgan ota-onalarni ulardagi ruhiy bosimni kamaytirish, qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.
Gavhar Ziyodullayeva tayyorladi.
Tasvirchilar: Nizomjon Toshpo‘latov, Mirvohid Mirrahimov.