Maktablar uchun qishki ta’til muddati, bekor qilinayotgan darslik ijarasi, soliqlardan ozod etilayotgan zargarlar va aholining oshib borayotgan qarz yuki — kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.
Maktablarda qishki ta’til muddati belgilandi
Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligiga ko‘ra, qishki ta’til 2024 yilning 29 dekabridan boshlanib, 2025 yil 11 yanvarigacha davom etadi.
11 yanvar shanbaga to‘g‘ri kelyapti, unda maktablarda uchinchi chorak darslari qachon boshlanadi deysizmi?
O‘quv yilining 3-choragi 2025 yil 13 yanvar, dushanba kunidan boshlanadi. Ta’til vaqtida qulaylik yaratish maqsadida 2025 yil 11 yanvar, shanba kungi darslar 2024 yil 28 dekabr, shanba kuniga ko‘chiriladi.
Eslatib o‘tamiz: oliy ta’lim muassasalari, texnikum, kollej va litsey talabalari uchun qishki ta’til 2024 yil 25 dekabrdan 2025 yil 7 yanvarigacha davom etadi, darslar 8 yanvar, chorshanba kuni qayta boshlanadi.
2025 yilda darslik ijarasi bekor qilinadi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilda maktab o‘quvchilari uchun darslik va mashq daftarlari ijarasi uchun ota-onalardan to‘lov undirilmaydi. Davlat budjeti mazkur xarajatlarni to‘liq qoplashni ta’minlaydi.
2024 yilda 83,2 mln nusxa darslik va mashq daftarlari uchun 1,5 trln so‘m ajratilgan bo‘lsa, 2025 yilda 81 mln nusxa uchun 1,3 trln so‘m rejalashtirilgan. Davlat mablag‘lari bilan to‘liq ta’minlangan darsliklar o‘quvchilarning ta’limi uchun zarur sharoit yaratadi.
Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, avvalroq ijara to‘lovini qayta joriy etish taklifi o‘rtaga tashlangandi, ammo bu rejadan voz kechildi. Maktab o‘quvchilarini ta’lim materiallari bilan ta’minlash to‘liq davlat hisobidan amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, 2022 yildan beri maktab ta’limi tizimida darsliklar uchun ijara puli olinmayapti.
Sut mahsulotlari markirovkalanadi
O‘zbekistonda sut mahsulotlariga tabiiy yoki quruq sutdan foydalanilganini ko‘rsatuvchi markirovka joriy etiladi. Bu prezident ishtirokidagi uchrashuvda bo‘lib o‘tgan oziq-ovqat sanoatidagi rejalar muhokamasida qayd etildi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning ma’lum qilishicha, xaridorlar uchun mahsulot tarkibi haqida aniq ma’lumot berish maqsadida laboratoriyalar tashkil etiladi. Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida sinov ishlari amalga oshiriladi.
Qadoqlarda tabiiy yoki quruq sut ishlatilgani qayd etilishi iste’molchilarga ongli ravishda tanlov qilish imkonini beradi. Prezident ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatladi.
Zargarlar soliqlardan ozod etiladi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari zargarlik sanoatini rivojlantirishga qaratilgan qonun loyihasini konseptual jihatdan ko‘rib chiqib, birinchi o‘qishda qabul qildi. Loyihaga ko‘ra, 2027 yilga qadar «O‘zbekzargarsanoati» uyushmasi a’zosi bo‘lgan tadbirkorlar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etiladi.
Qimmatbaho metallarni zargarlik buyumlari ishlab chiqaruvchilarga qulay miqdorlarda sotish va suvenir tangalar tayyorlash huquqlari affinaj korxonalariga beriladi. Shuningdek, zargarlar o‘z xomaki mahsulotlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarga sotishi mumkin bo‘ladi.
Bojxona hujjatlarisiz xorijiy zargarlik buyumlarini sotish taqiqlanadi. Loyiha mahalliy ishlab chiqaruvchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, eksport salohiyatini oshirish va aholi ehtiyojini qondirishga yo‘naltirilgan.
Asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldi
Markaziy bank 13,5 foizlik asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlab qolish haqida qaror qabul qildi. Bu iqtisodiyotdagi yuqori talab va inflyatsion bosimlarni barqarorlashtirish maqsadida amalga oshirildi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida inflatsiya 10 foizni tashkil etdi, bu asosan oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining barqarorlashuvi hisobiga yuz berdi. Shu bilan birga, nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlarda narxlar ko‘tarilish xavfi saqlanib qolmoqda.
Inflyatsion kutilmalar aholida 13,7 foizga, tadbirkorlarda esa 12,7 foizgacha oshgan. Bu iqtisodiyotdagi yuqori talab va ish haqlarining o‘sishi bilan bog‘liq.
Markaziy bank pul-kredit siyosati qat’iyligi saqlab qolinishini va inflatsiyani 5 foizlik maqsadli darajaga tushirishni maqsad qilmoqda. Boshqaruv kelgusi choraklarda inflyatsion bosimlarning kuchayishi ehtimoli bilan asosiy stavka ko‘tarilishi mumkinligini ta’kidladi.
Aholining qarz yuki oshib bormoqda
So‘nggi 5 yil ichida O‘zbekistonda jismoniy shaxslarning banklardan olingan kreditlari 4,3 barobarga ko‘payib, 173 trln so‘mga yetdi. Buning asosiy sabablari ortida yuqori inflatsiya, qimmat resurslar va to‘lov qobiliyatidagi yetishmovchilik kabi omillar turadi.
Kredit foizlari O‘zbekistonda jahon standartlariga nisbatan ancha yuqori. Markaziy bank ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilda tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlarning o‘rtacha foiz stavkasi 24,5 foizni tashkil qilgan. Ayniqsa, onlayn mikroqarzlar bo‘yicha foizlar 40–49 foizgacha yetadi.
Qarz oluvchilar ko‘pincha mikroqarzlar va iste’mol kreditlari uchun murojaat qilmoqda. Bunda olingan mablag‘larni noto‘g‘ri sarflash holatlari ham kam emas. Bu holat oilaviy nizolar va iqtisodiy qiyinchiliklarga olib keladi.
Misol uchun, 325 mln so‘mlik avtomobilni kreditga olgan xaridor, 5 yilda mashina uchun jami 514 mln so‘m sarflaydi. Bunday moslashuv kredit va muddatli to‘lovlarning aholiga tushadigan og‘ir yukini ko‘rsatadi.