Suriyaning Qordaha shahrida olomon sobiq prezident Bashar Asadning otasi Hofiz Asad maqbarasiga bostirib kirib, uning jasadi bo‘lgan tobutga o‘t qo‘ydi.
Al Arabiya telekanalining aniqlik kiritishicha, ushbu maqbarada Asad oilasining boshqa a’zolari, jumladan Basharning akasi Basil ham dafn etilgan.
Hofiz Asad 1930 yilda alaviy mazhabi vakillari yashaydigan Lazqiya (Lataqiya) viloyatining Qordaha shahrida tug‘ilgan. U davlat to‘ntarishi oqibatida hokimiyatga kelgan va 1971 yildan 2000 yil vafotigacha Suriya prezidenti bo‘lgan.
Hofizning o‘rnini to‘ng‘ich o‘g‘li Basil egallashi kerak edi, biroq u 1994 yilda avtohalokatda vafot etdi. Shundan so‘ng, Hofiz ikkinchi o‘g‘li Basharni o‘zining vorisi etib tayinladi. U akasi vafotidan keyin Londondan Suriyaga qaytarildi.
Bashar Asad Suriyani 2024 yil dekabrigacha boshqardi va 13 yildan ortiq davom etgan fuqarolar urushida mag‘lubiyatga uchragach, mamlakatni tark etdi.