O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
Suriyada hukumat almashmoqda
Suriya bosh vaziri Muhammad G‘ozi al-Jaloliy hokimiyatni Bashar Asad rejimiga qarshi harakat qilgan isyonchilar yetakchilariga topshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Reuters. U bu jarayon bir necha kun davom etishi mumkinligini aytdi.
Muxolifat yetakchisi, «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi rahbari Abu Muhammad al-Jo‘laniy 9 dekabr kechasi bosh vazir bilan uchrashib, o‘tish davri hukumati tashkil etish masalalarini muhokama qilgan.
Al Jazeera telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, yangi o‘tish davri hukumatini Muhammad al-Bashir boshqaradi. U hozirda yangi vazirlar mahkamasini tuzish bo‘yicha ish olib bormoqda.
Muhammad al-Bashir 2024 yil yanvaridan beri «Hay’at Tahrir ash-Shom» tomonidan Idlibda tashkil qilingan «Suriya najot hukumati»ni boshqarib kelgan. U guruh yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘laniyning yaqin hamkori sifatida tanilgan.
Turkiya Suriya bilan chegarani ochadi
Turkiya Bashar Asad rejimi ag‘darilgandan keyin suriyalik qochqinlarni vatanlariga ixtiyoriy va xavfsiz qaytarish uchun 2013 yildan beri yopiq bo‘lgan Yayladag‘i chegara punktini ochishini ma’lum qildi. Prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «Suriyada yangi sahifa ochildi» deya ta’kidlab, bu o‘zgarishlar qochqinlar manfaati uchun bo‘lishini qayd etdi.
2011 yildan beri Turkiya Suriyadan 3 millionga yaqin qochqinni qabul qilgan. Asad rejimi ag‘darilgandan keyin yuzlab suriyaliklar chegaraga kelib, o‘z vatanlariga qaytishni boshladi.
Germaniya va Avstriya suriyaliklar boshpanasi uchun murojaatlarni ko‘rib chiqishni vaqtincha to‘xtatdi. Ushbu qaror boshqa Yevropa davlatlari, jumladan, Britaniya, Italiya, Shvetsiya va boshqa mamlakatlar tomonidan ham ko‘rib chiqilmoqda. Avstriya hatto repatriatsiya va deportatsiya dasturlarini ishlab chiqishni boshlaganini ma’lum qildi.
Yevropaning qochqinlarga nisbatan bunday keskin choralari suriyalik qochqinlar taqdiriga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.
Turkiyaning kurdlarga qarshi jangi
Turkiya qo‘llovidagi suriyalik isyonchilar Manbij shahriga yurish qilmoqda. Bu shahar kurdlarning nazoratida bo‘lib, Halabdan shimoli-sharqda joylashgan. Reuters xabariga ko‘ra, 9 dekabrda Turkiya qo‘llovidagi kuchlar Manbijni egallagan.
Kurdlar esa shahar qo‘ldan ketganini rad etmoqda. Suriyada inson huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish markazi (SOHR) ma’lumotiga ko‘ra, janglar natijasida 26 kishi halok bo‘lgan va 40 kishi yaralangan.
Kurdlar IShIDga qarshi kurashda AQShning muhim hamkorlari bo‘lgan. Ular Suriya shimolida katta hududni nazorat qilmoqda. AQSh kurdlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 900 nafar harbiy yuborgan.
Turkiya kurdlarni terrorchilik tashkiloti deb hisoblaydi va Suriyada ularga qarshi jang olib borayotgan kuchlarni qo‘llab-quvvatlaydi. Turkiya o‘z chegaralari yaqinida kurd jangarilarining mavjudligini tahdid sifatida ko‘radi.
Turkiya va AQSh Suriyadagi vaziyat bo‘yicha yaqindan muloqot qilmoqda, biroq kurdlar masalasida ularning manfaatlari farqli. Anqara kurdlarga qarshi bufer zona yaratishga harakat qilmoqda.
Netanyahu ustidan sud jarayoni
10 dekabr kuni Isroilda bosh vazir Binyamin Netanyahu ustidan firibgarlik, ishonchni suiiste’mol qilish va pora olish ayblovlari bo‘yicha sud jarayoni boshlandi. U Tel-Aviv sudida guvohlik berishi kutilmoqda. Ayblovlarga ko‘ra, Netanyahu uchta jinoiy ish bo‘yicha javobgarlikka tortilmoqda.
- «1000-ish»: Netanyahu Hollivud prodyuseri Arnon Milchan va milliarder Jyeyms Pakerdan 196 ming dollarga yaqin qimmatbaho sovg‘alar olganlikda ayblanmoqda.
- «2000-ish»: U «Yediot Ahronot» gazetasi egasi Arnon Mozes bilan til biriktirib, raqobatchi nashrga zarar yetkazish evaziga ijobiy materiallar yozishga kelishgan.
- «4000-ish»: Bezeq kompaniyasiga regulyator imtiyozlari berish evaziga, Walla yangiliklar saytida o‘ziga nisbatan ijobiy materiallar e’lon qilishni tashkil qilgan.
Netanyahu barcha ayblovlarni rad etib, ularni siyosiy qasd deb atamoqda. Uning ta’kidlashicha, ayblovlar «yolg‘on va uydirma» bo‘lib, sud jarayoni orqali o‘zini oqlashga intiladi.
Sud jarayoni G‘azo urushi sabab bir yildan ortiq vaqtga kechiktirilgan edi, ammo o‘tgan hafta sudyalar jarayonni boshlashga qaror qilishdi.
Putin «Oreshnik» raketasi haqida
Rossiya prezidenti Vladimir Putin «Oreshnik» raketasi yadro qurolidan foydalanish ehtiyojini sezilarli darajada kamaytirishini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, yangi qurol tizimlari mudofaa muammolarini hal qilishda yadroviy qurol imkoniyatlariga teng bo‘lgan kuchga ega.
«Biz yadroviy doktrinani kuchaytirmayapmiz, uni takomillashtiryapmiz. Ammo endi «Oreshnik» kabi zamonaviy qurol tizimlari yetarli darajada mavjud bo‘lgan holda, yadro qurolidan foydalanish ehtiyoji deyarli yo‘q», — degan Rossiya prezidenti.
Putinning ta’kidlashicha, bunday raketa bilan beriladigan zarbalar kuch jihatidan yadro quroliga teng, biroq radioaktiv ifloslanish xavfidan xoli.
Janubiy Koreya prezidenti hibsga olinadi
Janubiy Koreya Milliy Assambleyasi 3 dekabr kuni prezident Yun Suk Yolni harbiy holat e’lon qilishdagi ishtiroki uchun «zudlik bilan» hibsga olishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini ma’qulladi. Yonhap agentligining xabar berishicha, rezolyutsiya 190 ovoz bilan qabul qilindi, 95 deputat unga qarshi ovoz berdi.
Qonun loyihasi harbiy holat e’lon qilishga aloqador 8 kishini hibsga olishni ko‘zda tutadi. Ular orasida prezident Yun Suk Yol, sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Hyon va sobiq ichki ishlar vaziri Li San Min bor.
Avvalroq prezidentga impichment e’lon qilish urinishlari yetarli ovoz to‘planmagani sabab muvaffaqiyatsiz yakunlangandi. Bu safar muxolifat hibsga olish tashabbusini kun tartibiga qo‘yib, uni qabul qildirdi.
Yun Suk Yol muxolifatni «davlatga qarshi faoliyat» bilan ayblab, harbiy holat e’lon qilgandi. Biroq parlament uni bekor qildi va prezident bu qarorga bo‘ysundi. Shuningdek, Yun Suk Yolga nisbatan «davlatga xiyonat» ishi yuritilayotgani sababli unga mamlakatdan chiqish taqiqlandi.
Rossiyada migrant bolalar uchun taqiq
Rossiya Davlat Dumasi rus tilini bilmaydigan migrant bolalarni maktabga qabul qilmaslik to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi. Bu qonunga ko‘ra, maktabga kirishdan oldin bolalar rus tili bo‘yicha imtihondan o‘tadi. Imtihon tartibi Ta’lim vazirligi tomonidan belgilanadi.
Duma spikeri Vyacheslav Volodinning ta’kidlashicha, rus tilini bilmagan bolalarga ta’lim olish va ijtimoiy moslashish qiyin bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga kelganlar rus tilini bilishi, madaniyat va qonunlarga hurmat bilan munosabatda bo‘lishi shart.
Bundan tashqari, maktabga qabul jarayonida bolaning Rossiyada qonuniy yashashi ham tekshiriladi.
2024 yilda Rossiya hukumati migrantlarga nisbatan yangi cheklovlar joriy qildi. Tojikistonlik migrantlar ayblangan teraktdan so‘ng, noqonuniy migratsiya uchun jazoni kuchaytirish, deportatsiyaning yangi tartiblari va migrantlarga oid boshqa cheklovlar kiritildi.
Iqlim bo‘yicha antirekord yangilandi
2024 yil iqlim kuzatuvlari tarixida eng issiq yil bo‘lib qolishi aniq. Yevropa Ittifoqining iqlim markazi ma’lumotiga ko‘ra, noyabr oyi global miqyosda rekord darajada issiq bo‘ldi. Biroq Yevropada noyabr bu borada eng iliq oylar o‘ntaligiga ham kira olmadi.
Yevropada izg‘irin va namgarchilik kuchayib, Ispaniyada suv toshqinlari, London va Sharqiy Yevropada shamolsiz sovuq ob-havo kuzatildi. Bu energiya resurslariga bo‘lgan talabni yanada oshirdi.
Iqlim borasida yana bir muhim yangilik.
BMT hisobotiga ko‘ra, qurg‘oqchilik yer yuzasining 40,6 foizini qamrab olgan. Bu hududlar maydoni Hindistondan kattaroq bo‘lib, 3 milliarddan ortiq aholi suv tizimlariga bo‘lgan yuklamadan aziyat chekmoqda. Agar bu tendensiya davom etsa, asr oxiriga kelib, 5 milliard kishi qurg‘oqchilik hukmron hududlarda yashashi mumkin.
Iqlim o‘zgarishi global harorat ko‘tarilishiga olib kelmoqda. Bu ilgari yam-yashil bo‘lgan o‘rmonlarni quruq yaylovlarga aylantirib, hayot va qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan namlikni yo‘q qilmoqda. AQShning g‘arbiy qismi, Yevropa, Braziliya, Sharqiy Osiyo va Markaziy Afrika eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar sirasiga kiradi.
Global isish hali Parij bitimida belgilangan 1,5°C va 2°C chegaralarini buzmagan bo‘lsa-da, mutaxassislar iqlim o‘zgarishi oqibatida insoniyatga halokatli ta’sirlar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Tadqiqotchilar qurg‘oqchilikka qarshi kurash uchun uglerod chiqindilarini kamaytirish, resurslardan oqilona foydalanish va xalqaro hamkorlikni kuchaytirish kabi choralarni taklif qilmoqda. Ular vaziyatni yaxshilash mumkinligiga ishonishmoqda.