Rossiya hukumati Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asadni urushda «Hay’at Tahrir ash-Shom» qurolli guruhiga yutqazishiga ishontirgan va Suriyani zudlik bilan tark etsa, xavfsiz evakuatsiya qilishni va’da bergan. Bu haqda Bloomberg agentligi uchta manbaga tayanib xabar berdi.
Asadning qochishini Rossiya razvedkasi xodimlari uyushtirdi, dedi agentlikning ikki suhbatdoshi. Ularga ko‘ra, razvedkachilar Suriyadagi Rossiya harbiy havo bazasidan foydalangan holda Asadni olib chiqishgan. Manbalardan birining qayd etishicha, Asadni olib ketayotgan samolyotdagi transponder mayog‘i kuzatuvdan qochish uchun o‘chirilgan.
Kremlga yaqin manbaning aytishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin nega Rossiya razvedka xizmatlari Asad rejimiga tahdid kuchayib borayotganini o‘z vaqtida sezmaganini tushuntirishni talab qilgan.
Bloomberg ta’kidlaganidek, dastlab Suriyadagi rus qo‘shinlari suriyalik qurolli guruhlarga hujum qilib, ularni orqaga qaytarishga va Asad armiyasini kuchaytirishga harakat qilgan. Ammo Suriya hukumat qo‘shinlari «jiddiy qarshilik ko‘rsatmagani» va qurolli guruhlar Halab bilan Xamani qo‘lga kiritib, strategik ahamiyatga ega bo‘lgan Homs shahriga yurish boshlagani sababli, Rossiya Asad rejimini himoya qila olmasligi haqidagi xulosaga kelgan.
Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Bloomberg nashrining bunga izoh berish so‘roviga javob qaytarmagan.
8 dekabr kuni Bashar Asad Suriyadan qochib ketganidan so‘ng, Rossiya Tashqi ishlar vazirligi uning Suriya prezidenti lavozimini va mamlakatni tark etganini e’lon qildi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin shaxsan Asad oilasiga boshpana berishga qaror qildi, deb xabar berdi Kreml. Putin Asad rejimining qulashi haqida hozircha hech qanday izoh bermadi.