Energetika vaziri matbuot kotibining qayd etishicha, so‘nggi 5 yilda O‘zbekistonda elektr energiyasiga ortib borayotgan talabni qoplash, aholi, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi bilan barqaror ta’minlash maqsadida davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida yangi issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xorijiy kompaniyalar bilan jami 12 ta bitim imzolandi.
Ushbu bitimlarga asosan, 2027 yil yakuniga qadar O‘zbekistonda umumiy quvvati 7 057 MVtga teng bo‘lgan 12 ta zamonaviy issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.
Mazkur investitsiya loyihalari xalqaro tajribaga ega Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Yaponiya, Qatar va Turkiya davlatlarining kompaniyalari tomonidan umumiy qiymati 4 mlrd 860 million AQSh dollariga teng bo‘lgan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiya mablag‘lari hisobiga amalga oshirilmoqda.
Olib borilgan ishlar natijasida 2022 yilda Buxoro, Toshkent, Xorazm va Sirdaryo viloyatlarida umumiy quvvati 1 374 MVt bo‘lgan 6 ta, 2023—2024 yillarda Sirdaryo viloyatining Shirin shahri va Boyovut tumani hududlarida quvvati 1 500 MVt bo‘lgan bitta issiqlik elektr stansiyasi, jami 2 874 MVt yangi quvvatlar ishga tushirildi.
Xorijiy kompaniyalar bilan imzolangan bitimlarga asosan, 2027 yilga qadar umumiy quvvati 4 183 MVt bo‘lgan yana 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.
Xususan:
- 2024 yilda Qashqadaryo viloyati Nishon tumanida quvvati 400 MVt;
- Toshkent shahridagi 4-issiqlik markazida quvvati 100 MVt;
- 2025—2026 yillar mobaynida Sirdaryo viloyati Boyovut tumanida quvvati 1 573 MVt;
- 2027 yilda Surxondaryo viloyati Angor tumanida quvvati 1 560 MVt va Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida quvvati 550 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.