O‘zbekiston yoshlari Germaniya tajribasi asosida kasbga o‘qitiladi va ishga joylashtiriladi

O‘zbekiston 11:16 / 11.12.2024 5013

O‘zbekiston yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish, ularni munosib haq to‘lanadigan ish bilan ta’minlashda Germaniya tajribasidan foydalanadi. Bu haqda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov 7 dekabr kuni prezident yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, davlat rahbari Germaniya tajribasini o‘rganish va shu asosda texnikumlar yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni dual ta’lim tizimiga (kadrlar tayyorlashning nazariy qismi ta’lim tashkiloti negizida, amaliy qism esa ish joyida olib boriladigan o‘quv turiga) o‘tkazish vazifasini qo‘ydi.

Gap Ausbildung dual ta’lim dasturi haqida ketmoqda, unda o‘quvchilar kasb-hunar maktabida tahsil oladi va shu bilan birga korxonada ham ishlaydi.

«Ausbildung tizimi uch kun ishlab chiqarish va ikki kun nazariy bilimni olishni o‘z ichiga oladi. Hozirgi kunda Germaniyada 50 foiz o‘rta bo‘g‘in sohasidagi kasbga ega bo‘layotgan yoshlar Ausbildung tizimi orqali o‘zining malakasini shakllantiradi. O‘zbekistonda ham shu tizim bo‘yicha hozir hamkorlik qilish bo‘yicha prezidentimizdan topshiriq oldik», — dedi Oliy ta’lim vazirligi rahbari.

Qo‘ng‘irotboy Sharipov Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda dual ta’lim va ishlab chiqarish korxonalariga ega texnikumlarni o‘z ichiga olgan elektron Ausbildung platformasini yaratish rejalashtirilayotganini ta’kidladi. Talabalar texnikum va ish beruvchi bilan ushbu korxonada ishga joylashishni nazarda tutuvchi uch tomonlama shartnoma tuzadi.

«Hurmatli prezidentimiz tomonidan yana bir muhim topshiriq berildi. Germaniyada Ausbildung tizimi asosida ta’lim oladigan yoshlarimiz bir yil O‘zbekistonda ta’lim olishadi va qolgan ikki yilda Germaniyada ta’lim olishadi. Germaniyada ta’lim olish jarayonida ular bir paytning o‘zida ham o‘qiydi, uch kun o‘zi belgilangan korxonada ish faoliyatini davom ettiradi», — dedi u.

Yig‘ilishda dual ta’lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha texnikumlar va ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy tajribasi qayd etildi. Xususan, Asaka transport va mashinasozlik texnikumi, Buxoro energetika, neft va gaz texnikumi, Shirin energetika texnikumi, shuningdek, G‘uzor va Shahrisabzdagi texnikumlarda mahalliy va xorijiy korxonalar bilan hamkorlikda zamonaviy mutaxassislar tayyorlanmoqda.

Prezident mazkur jarayonda ishtirok etayotgan xususiy tadbirkorlik sub’yektlarini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun dual ta’limni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini belgilab berdi.

Germaniya bilan birgalikda 14 ta texnikumda talab yuqori bo‘lgan kasblar va nemis tilini o‘qitish tashkil etildi. Hokimlar va soha rahbarlariga har bir hududdagi kamida beshta texnikumda shunday tajribani joriy etish topshirildi.

Ko‘proq yangiliklar: