Avtomobilning piyodalar yo‘lagida harakatlangani uchun javobgarlik belgilanadi

O‘zbekiston 17:01 / 11.12.2024 2607

11 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida yo‘llarda harakatlanish xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi muhokama qilindi.

Uni Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Ramazon Ashropov o‘qib berdi. Ushbu qonun loyihasida transport vositalarini trotuarlardan, velosiped yo‘lkalaridan, yashil hudud maydonlaridan harakatlanishining oldini olishga qaratilgan normalar belgilangan.

Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128-moddasi nomi va birinchi dispozitsiyasiga o‘zgartirish kiritilib, haydovchilarning transport vositalarida trotuar, velosiped va piyodalar yo‘lagida, yashil maydonlarda harakatlangani uchun javobgarlik belgilanadi. Javobgarlikning qanday bo‘lishi haqida ma’lumot berilmadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 147-moddasining nomi va birinchi qismi dispozitsiyasiga o‘zgartirish kiritilib, yo‘llarda noqonuniy to‘siqlar o‘rnatganlik, to‘sib qo‘yganlik, yo‘l harakati ishtirokchilariga to‘sqinlik qiluvchi boshqa qurilmalarni o‘rnatganlik uchun javobgarlik belgilanadi. Javobgarlikning qanday bo‘lishi haqida ma’lumot berilmadi.

Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: