Abxaziyada energetik inqiroz: Ingur GESi to‘xtab qoldi

Jahon 20:37 / 11.12.2024 3237

Tan olinmagan respublika poytaxti Suxumi va g‘arbiy hududlar Rossiyadan kelayotgan elektr energiyasi hisobidan ta’minlanmoqda.

Energiya yetishmasligi sabab 10 dekabrdan maktab va bolalar bog‘chalari yopildi. Bemorlarga yordam berish uchun kasalxonalar dizel generatorlar bilan ta’minlandi. Energiyani tejash maqsadida internet xizmatlari tungi vaqtda o‘chirilmoqda. Qolaversa, noqonuniy kriptovaluta mayning faoliyatini cheklash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rilmoqda.

Energetika muammolari Rossiya bilan munosabatlar yomonlashganidan keyin kuchaydi. Moskva Abxaziyadagi huquq-tartibot idoralari, shifokorlar va o‘qituvchilar uchun moddiy yordamni to‘xtatgan. Buning oqibatida respublikada budjet xodimlariga maosh to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelinmoqda. Hukumat elektr energiyasi ta’minotiga to‘lovlarni asosiy masala sifatida belgiladi.

Rossiya Abxaziyadan o‘z majburiyatlarini bajarishni talab qilmoqda. Shuning uchun respublika parlamenti Rossiya bilan qator kelishuvlarni ratifikatsiya qildi. Biroq Rossiya kompaniyalariga maxsus imtiyozlar berilishini nazarda tutuvchi kelishuv kuchli qarshiliklarga sabab bo‘lib, prezident Aslan Bjaniyaning iste’fosiga olib keldi.

Hozirgi energetik inqiroz hukumatni vaziyatni hal qilish uchun qat’iy choralar ko‘rishga majbur qilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: