Yevropada soch to‘kilishidan davolangan ota-onalarning farzandlari “bo‘ri odam sindromi”ga chalinmoqda

Fan-texnika 15:54 / 10.12.2024 3650

Yevropada ota-onalar foydalangan soch to‘kilishiga qarshi dori ta’sirida o‘ndan ortiq chaqaloqda “bo‘ri odam sindromi” aniqlandi, deb xabar bermoqda Euronews.

Xalq tilida “bo‘ri odam sindromi”, deb ataladigan gipertrixoz, kam uchraydigan kasallik bo‘lib, tananing bosh terisidan tashqari qismlarida ortiqcha tuklarning g‘ayritabiiy o‘sishi bilan tavsiflanadi. AQSh Milliy Sog‘liqni Saqlash Instituti ma’lumotlariga ko‘ra, bunday tuklar butun yuz va tanani qoplashi mumkin.

Ispaniyadagi Navarra farmakonazorat markazi (CFN) tomonidan tayyorlangan hisobotga ko‘ra, ushbu sindromga chalingan qator chaqaloqlarning ota-onasi o‘zidagi soch to‘kilishini davolash uchun minoksidil moddasiga ega vositadan foydalangani aniqlangan.

Minoksidil — soch to‘kilishi muammosidan aziyat chekayotgan kishilarda soch o‘sishini rag‘batlantirish va soch to‘kilishini sekinlashtirish uchun mo‘ljallangan dori. Uni og‘iz orqali qabul qilish yoki bevosita bosh terisiga surtiladigan eritma ko‘rinishida ishlatish mumkin.

CFN sindromga chalinish bo‘yicha birinchi holatni chaqaloqlardan birida ikki oy davomida orqasi, oyoqlari va sonlarida haddan tashqari ko‘p tuk o‘sgan vaziyatni tekshirish davomida aniqladi. Ma’lum bo‘lishicha, bolaning otasi o‘g‘lini parvarish qilish uchun bir oylik ta’til olgan va bu vaqt davomida o‘zidagi soch to‘kilishini ham davolash maqsadida 5 foizli minoksidil eritmasini qo‘llagan. Shunga qaramay, hisobotda aytilishicha, preparatni qabul qilish to‘xtatilgandan so‘ng, jabrlangan bolada alomatlar batamom yo‘qolib ketgan.

Go‘daklarning terisi kattalarnikidan ko‘ra sezgirroq bo‘ladi

Shundan so‘ng CFN Ispaniya farmakonazorat tizimi ma’lumotlari va Yevropa dori-darmon agentligining EudraVigilance ma’lumotlar bazasidan foydalangan holda shunga o‘xshash holatlarni tahlil qildi.

Tekshiruvlar Yevropadagi “bo‘ri odam sindromi” bilan og‘rigan chaqaloqlar orasida xuddi shunday xarakterdagi qo‘shimcha holatlarni aniqladi — ularning tarbiyachilari soch to‘kilishini davolash uchun minoksidil preparatidan foydalangan.

Kattalar qo‘llagan dori chaqaloqlarga ikki xil yo‘l bilan ta’sir qilishi taxmin qilinmoqda: og‘iz orqali yoki teriga tegish orqali. Bolalarning terisi kattalarnikiga qaraganda yubqa va sezgirroq ekanini hisobga olsak, boshga surtiladigan eritma shaklidagi preparatlar ularning tanasiga osonroq so‘riladi.

Ushbu natijalardan so‘ng Yevropa farmakonazorat xavflarini baholash qo‘mitasi tarkibida minoksidil saqlovchi dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangilashga qaror qildi.

Qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalarning yangilangan versiyasiga minoksidil surtilgan joyga tekkan chaqaloqlar tanasida haddan tashqari ko‘p tuk o‘sishi xavfi haqida ogohlantirishlar kiritildi.

Ko‘proq yangiliklar: