Muloqot davomida O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasida turizm aloqalarini yanada rivojlantirish, Toshkent va Madrid o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, ushbu tashabbuslar ispaniyalik sayyohlarning O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosiga, jumladan, Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga qiziqishi ortib borayotgani bilan bog‘liq. Shuningdek, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar parvoz vaqtini qisqartirishi va ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlik oqimini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Bugungi kunda Ispaniya O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar soni bo‘yicha mamlakatga to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlari mavjud bo‘lmagan Yevropa davlatlari orasida yetakchi o‘rinni egallaydi.
Uchrashuv yakunida tomonlar aviatsiya va turizm sohalarida hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.