Niderlandiyada ichki chegara nazorati joriy etiladi

Jahon 01:36 / 10.12.2024 1254

Niderlandiya noqonuniy migratsiyani cheklash maqsadida Belgiya va Germaniya bilan yer usti chegara nazoratini kuchaytirdi.

Qayd etilishicha, 9 dekabrdan boshlab Niderlandiya olti oy muddatga vaqtinchalik ichki chegara nazoratini joriy etadi. Mamlakat hukumati tomonidan bunday qaror noqonuniy migratsiya va transchegaraviy jinoyatchilikka qarshi kurashish maqsadida qabul qilingan.

Qo‘shni Belgiya va Germaniya bilan chegaradagi istalgan nazorat-o‘tkazish punktida tekshiruvlar amalga oshirilishi mumkin.

Qirollik harbiy politsiyasi, shuningdek, Shengen zonasidan keladigan xalqaro poyezdlarni ham tekshiradi. Aeroportlarda esa faqat noqonuniy migratsiya va transchegaraviy jinoyatchilik nuqtai nazaridan xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan reyslar tekshiruvdan o‘tkaziladi.

Niderlandiyada taxminan 840 ta chegara punkti mavjud. Marver harbiy politsiya kasaba uyushmasiga ko‘ra, hukumat oxirgi 25 yilda xodimlar sonini ko‘p qisqartirgani bois har bir nazorat-o‘tkazish punktiga huquq-tartibot organlari xodimlarini joylashtira olmaydi.

Kasaba uyushmasining qayd etishicha, harbiy politsiya vaqtinchalik chegara nazoratini ta’minlash uchun faqat 50 ga yaqin xodimni ajrata oladi, ammo chegara ancha uzun va qo‘shimcha yuzlab chegarachilar talab etiladi. Chegaradagi barcha o‘tish nuqtalarini tun-u kun nazorat qilish uchun esa minglab xodimlar kerak bo‘ladi.

Niderlandiya hukumati oktyabr oxirlarida migratsiya siyosatini kuchaytirish to‘g‘risidagi yangi chora-tadbirlar bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Bunday choralar qatoridan ichki chegara nazoratini joriy etish, qochqinlar uchun muddatsiz yashash ruxsatnomalari va uni uch yillik hujjatga almashtirishni bekor qilish, suriyalik qochqinlarni Suriyadagi xavfsiz hududlarga qaytarish va ushbu mamlakatdan kelgan fuqarolarning Niderlandiyada yashashiga ruxsat berishni taqiqlash, shuningdek, jinoiy javobgarlikka tortilgan boshpana izlovchilarni deportatsiya qilish kabi cheklovlar o‘rin olgan.

Ko‘proq yangiliklar: