Kun so‘rovi: O‘zbekistonda inson huquqlarini qaysi tashkilotlar himoya qiladi?

O‘zbekiston 14:58 / 10.12.2024 5843

So‘rovda respondentlarga: “O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qiladigan qaysi tashkilotlarni bilasiz?” degan savol berildi. Ajablanarlisi, savolga javob berganlarning aksariyati bunday tashkilotlarni bilmasligini aytdi.

Kam sonli ishtirokchilargina ichki ishlar va prokuratura organlari, Ombudsman, inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz va “Inson” ijtimoiy himoya markazlarini yodga olishdi. Ulardan biri zo‘ravonlikka qarshi ijtimoiy loyiha – nemolchi.uz'ni tilga oldi.

“O‘zbekistonda inson huquqlari u darajada himoya qilinmasa kerak, deb o‘ylayman”, deya fikr bildirdi ishtirokchilardan biri. Yana bir respondent bunday tashkilotlar borligi, lekin ular juda katta yordam berishiga ishonmasligini bildirdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 13-moddasiga asosan, insonning barcha ajralmas huquqlari oliy qadriyat deb e’lon qilingan.

108-109-moddalarga asosan, prezident lavozimga kirishish vaqtida, jumladan, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga qasamyod qiladi va buni amalga oshirish uchun zarur chora-tadbirlar ko‘radi.

Inson huquqlarini himoya qilish huquqni muhofaza qiluvchi organlar: sud, prokuratura, ichki ishlar va boshqa organlarning asosiy vazifasi hisoblanadi.

Mamlakatda Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz, Oliy Majlisning inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) instituti mavjud.

Shuningdek, bir qator nodavlat tashkilotlar: “O‘zbekiston inson huquqlari markazi”, “Xalq huquqlari boshqarmasi”, “Inson huquqlari to‘g‘risidagi monitoring” tashkiloti mamlakatdagi inson huquqlari bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish va tahlil qilish, aholiga huquqiy ko‘mak ko‘rsatishni maqsad qilgan.

Har yili 10 dekabr kuni dunyo bo‘ylab inson huquqlari sohasidagi holatlar keng muhokama qilinadi, davlatlar va tashkilotlar inson huquqlarini himoya qilish yo‘nalishidagi o‘z faoliyatlarini baholashadi.

Ushbu sananing belgilanishi – 1948 yil 10 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilgani bilan bog‘liq. (Deklaratsiya matni – o‘zbek tilida).

Dunyo mamlakatlarida inson huquqlarining ta’minlanishi holatini baholab boruvchi eng mashhur xalqaro reyting – Freedom House tashkilotining indeksi hisoblanadi. Xalqaro tashkilotning 2024 yilgi hisobotida O‘zbekiston “erkin bo‘lmagan” mamlakatlar qatorida ko‘rsatib o‘tilgan.

Reytingda O‘zbekistondagi erkinlik darajasi 100 balldan 12 ballga baholangan. Xususan, siyosiy huquqlarning ta’minlanganlik darajasi bo‘yicha eng yuqori 40 balldan 2 ball, fuqarolik erkinliklari bo‘yicha esa eng yuqori 60 balldan 10 ball berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: