O‘zbekiston bo‘yicha 10–14 dekabr kunlariga ob-havo prognozi berildi.
Dam olish kunlari sovuq tushishiga sabab bo‘lgan sovuq havo massalari ushbu hafta davomida respublika hududidan asta-sekin chekina boshlaydi va havo harorati iqlim me’yoriga yaqinlashadi.
«O‘zgidromet» xabariga ko‘ra, 10–13 dekabr kunlari respublika hududining katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat 13 dekabr kuni shimolda ba’zi joylarda biroz yomg‘ir yog‘adi.
14 dekabrda respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, shimolda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi.
Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. 10–14 dekabrda harorat kechalari –5...–8 darajadan +2...+5 darajagacha, kunduz kunlari 0...+3 darajadan +9...+12 darajagacha ko‘tariladi. Respublika shimolida harorat kechalari –8...–13 darajadan –2...–7 darajagacha, kunduz kunlari 0...–5 darajadan 0...+5 darajagacha ko‘tariladi.
Shamol 7–12 metr/soniya tezlikda esadi, 13–14 dekabrda ayrim joylarda 13–18 metr/soniyagacha kuchayishi mumkin.
Poytaxtda: 10–13 dekabr kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi. 14 dekabrda kunning ikkinchi yarmida yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Harorat kechalari –6...–8 darajadan +3...+5 darajagacha, kunduz kunlari 0...+2 darajadan +10...+12 darajagacha asta-sekin ko‘tariladi.
Kechasi va ertalab tuman tushishi mumkin. Shamol 3–8 metr/soniya tezlikda esadi.
Yakshanba kuni O‘zbekiston hududiga yana sovuq havo massalari kirib kelishi kutilmoqda. Respublika bo‘yicha yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘ladi, havo harorati keskin pasayadi.