“Ozodlikning qadrini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi” - afv etilganlar hikoyasi

Jamiyat 11:37 / 09.12.2024 11310

Toshkentlik 70 yoshli Rahmatilla Samatovning mehnat faoliyati davri asosan jazoni ijro etish muassasalarida o‘tdi. Nafaqaga chiqib, nabiralari davrasida qarilik gashtini suradigan bir paytda oilaviy kelishmovchiliklar ortidan o‘zi qamoqqa tushib qoldi. 34 yoshli Mansurbek to o‘g‘rilikka qo‘l urib, qamoqqa tushguniga qadar katta idorada haydovchi bo‘lib ishlardi. Prezident farmoni bilan afv etilib, oilasi bag‘riga qaytgan bu ikki suhbatdosh qamoqxonadagi hayot va ozodlikning qadri haqida so‘zlab berdi.

Shavkat Mirziyoyev jazo muddatini o‘tayotgan 483 nafar shaxsni afv etdi. Bu Konstitutsiya qabul qilinganligining 32 yilligi hamda undagi 109-moddaga asosan bilib-bilmay jinoyat sodir etgan, qilmishiga chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan va tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tgan mahkumlarga qaratildi. Unga ko‘ra, afv etilganlarning 107 nafari jazodan to‘liq, 275 nafari shartli ozod qilindi, 7 nafariga tayinlangan jazo yengilrog‘iga almashtirildi. Shuningdek, 94 nafar shaxsning jazo muddatlari qisqartirildi. Kun.uz muddatidan ilgari ozodlikka chiqqan 2 nafar fuqaro bilan suhbatlashdi.

Muddatidan ilgari ozodlikka chiqqanlardan biri 70 yoshli Rahmatilla Samatov bo‘lib, muqaddam jazoni ijro etish muassasalarida ishlagan. Oilaviy mojarolar esa uni panjara ortiga olib borgan.

“Mening kuyovim Turkiya fuqarosi. U Toshkentda ish topolmay yurib, ichib yurardi. Mening nevaram, uning xotini. Ishdan kelib, doim nevaramni urardi. Men bir kuni ovqat qilib turgandim, nevaramning yonini oldim, shunda u boshimga mushti bilan urib, yorib qo‘ydi. Qochib ketmoqchi edi, qo‘limdagi pichoqni uning qorniga sanchdim. U tirik qoldi. Shundan keyin shifoxonaga bordim, boshimning yirtilgan qismini tikishdi. Keyin ichki ishlar xodimlari keldi. Ular mendan nima bo‘lgani haqida so‘radi. Keyin kuyovimni deport qilmasin deb, ikkinchi qavatdan yiqilib tushdim deb aytdim. Kuyovim esa uni pichoqlaganimni gapirib berdi. Shu bilan meni ertasiga PPS olib ketdi”, deydi Rahmatilla Samatov.

Rahmatilla Samatov JKning 104-moddasi 2-qismi bilan 5 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Tayinlangan jazoning 1 oyi o‘tgach, turk fuqarosi qaynotasiga nisbatan davosi yo‘qligini bildirgan, keyin sudlanuvchi probatsiya nazoratiga o‘tkazilgan.

Zonada hammasidan yoshi katta men edim. Endi yuziga qarasangiz, mendan ham katta deb o‘ylaysiz. Shu yerdagi IIB xodimi qanaqa qilib chollarni oldiga tushib qoldingiz, deb so‘radi. Men hammasidan kattaman deyman. Afv etilib, qamoqdan chiqqanimda birinchi bo‘lib qizim oldimga keldi. Yugurib borib, quchoqladim, 3-4 minut shunday turdik, juda xursand edim.

Hayotimdagi eng esda qolarli voqea shu bo‘ldi. Nimaga desangiz, men “zona”da ishlaganman. Undan keyin “Toshturma”da har xil ish bilan shug‘ullandim. Ko‘zim pishib ketgan desayam bo‘ladi”, deydi u.

Afv etilganlar orasida Mansurbek Qosimov ham bor. U JKning 169-moddasi 2-qismi bilan ayblangan.

“1 ming 500 ta mahbus ichidan 18 nafari tanlandi, ulardan biri menman”- “Shu bir yuz oltmish to‘qqiz moddasi o‘g‘rilik bilan bilan qamaldim. Bu Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumanida bo‘lgan. Sakkiz ming dollar o‘g‘irlandi. Shu bois besh yil bir oyga ozodlikdan mahrum etildim. Prezidentimizga rahmat, bir yarim mingta mahbus ichidan o‘n sakkiz kishi tanlandi, ularning bittasi menman. Prezidentimizga rahmat, oilam bag‘riga qaytdim. Qamoqda 1 yil o‘tirdim. Ilgari temiryo‘lda haydovchi bo‘lib ishlaganman, xo‘jayinni olib yurardim. Besh yil ishladim”, deydi Navoiy viloyatida jazo o‘tagan 34 yoshli fuqaro.

Mansurbek Qosimov bir yil qamoq davrida qanday hissiyotlar o‘tganini aytib berdi.

“Turmada yotish ko‘p narsani o‘rgatdi. O‘zimiz ko‘p narsani bilamiz deb yurar ekanmiz, aslida hech narsani bilmas ekanmiz. Qamalib, ko‘p narsaning qadriga yetadigan bo‘ldik. Ota-onaning qadriga yetdik, farzandlar, muhim oila qadrini tushundik. Oila muqaddas deb gapirilardi. Qamalmagan odam menimcha shu narsani tushunmaydi deb o‘ylayman, lekin tushunadiganlar ham bor. Ba’zi odamlar yig‘laydi, joniga qasd qilmoqchi bo‘ladi. O‘zini o‘zi osganlar ham bo‘ldi. Navbatdan tashqari qo‘ng‘iroq qila olmaysiz, sog‘inch juda qiynaydi. Stressga tushadiganlar ko‘p. Ularning ayrimlari 20-25 yilga qamalgan. Men turmadan chiqib kelganimda, birinchi ishonmadim. Ozodlikda yurganimga ishonmasdan orqamga qarab yig‘ladim. “Toshturma”da uch kishi, yetti kishi, o‘n kishi bo‘lgan xonalar bor. Tuhmat bilan kelganlar ko‘p, aybiga iqror bo‘lib kelganlar ham. Ko‘pchilik pushaymonlik bildiradi, arzimas ekan, misol uchun pul mavzusida kelishadi. 168-modda bilan. Bir million, ikki million dollar bo‘lsa ham. Bunday joylarda o‘tirishga arzimas ekan deganlarni eshitdim... Ozodlikning qadrini hech narsa bilan o‘lchab bo‘lmaydi”, deydi u.

Shahzod O‘roqboyev suhbatlashdi.
Tasvirchiva montaj ustasi Nizomjon Toshpo‘latov

Ko‘proq yangiliklar: