Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlarga bosim o‘tkazib, Rossiyadan Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga gaz yetkazib berish uchun to‘lovlarda muhim rol o‘ynaydigan Gazprombankka qarshi sanksiyalarni yumshatish yo‘llarini topishni so‘ramoqda. Bu haqda 6 dekabr, juma kuni Bloomberg manbalariga tayanib yozdi.
Bloomberg suhbatdoshlariga ko‘ra, Bryussel va Vashington jazoni yumshatishning «turi va ko‘lami»ni muhokama qilishni Yevropaning ayrim hukumatlari va kompaniyalari Gazprombankka qarshi sanksiyalar mintaqaga uzluksiz gaz yetkazib berish uchun xavf tug‘dirishi haqida ogohlantirganidan so‘ng boshlagan.
Muzokaralar chog‘ida, xususan, Rossiya gazi uchun to‘lovlarni Lyuksemburgdagi Gazprombank shu’ba korxonasiga o‘tkazish qonuniymi yoki boshqa kanallardan foydalanishga arziydimi, degan savol ko‘rib chiqilmoqda, deyiladi agentlik xabarida.
Bloomberg xabariga ko‘ra, munozaralar Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya gazi uchun to‘lovlar faqat Gazprombank orqali amalga oshirilishi haqidagi talabni bekor qilganidan beri davom etmoqda. Putinning yangi farmoni «Yevropa gaz bozorini tinchlantirgan» bo‘lsa-da, bu Yevropa Ittifoqi moliya institutlarini «huquqiy xavflar bo‘yicha noaniqlik» bilan qoldirdi, deya ta’kidlaydi agentlik.
Putin RFga gaz uchun Gazprombank orqali to‘lash talabini bekor qildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin farmonni imzoladi, unga ko‘ra Rossiya gazi uchun to‘lovlar endi bitta aniq bankka bog‘lanmaydi. Tegishli hujjat 5 dekabr kuni huquqiy axborot rasmiy portalida e’lon qilindi.
Ilgari, bunday — yagona — moliyaviy institut Gazprombank edi, u ikki hafta oldin AQSh sanksiyalari ostida qoldi. Shunday qilib, Putin o‘zining 2022 yil 31 martdagi farmoniga o‘zgartirish kiritdi, unda Gazprombankka Rossiya gazi uchun to‘lovlar bo‘yicha yagona adresat bo‘lish huquqi berilgan. Bunday moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish uchun xorijiy xaridorlardan rubl va valutada maxsus hisobraqamlarini ochish talab qilindi. Sanksiyalar kiritilgandan so‘ng, bu hisoblar avtomatik ravishda o‘z ahamiyatini yo‘qotdi.
Putinning yangi farmonida, shuningdek, «uchinchi shaxslardan» mablag‘lar xorijiy kompaniya tomonidan gaz yetkazib berish uchun to‘lovni amalga oshirishda Rossiya yetkazib beruvchisi ochgan rubldagi hisobraqamiga o‘tkazilishi mumkinligi aytilgan. The Bell internet nashri ta’kidlaganidek, gaz to‘lovi majburiyatlarini endi nafaqat pul bilan, balki «o‘zaro qarzlarni qoplash» orqali ham to‘lash mumkin.