Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berishicha, departamentning Bo‘zatov va Taxiatosh tumani bo‘limlari tomonidan tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Fuqarolar A.A. va B.D. o‘zlariga tegishli xonadonlarda payvandlash va boshqa uskunalarni elektr tarmoqlariga hisoblagichdan tashqari to‘g‘ridan to‘g‘ri ulagan. Natijada jami 353,2 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgan.
Shuningdek, departamentning Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shahri bo‘limlari tomonidan ham tergovga qadar tekshiruvlari o‘tkazildi.
Unda ma’lum bo‘lishicha, “S.U.” hamda “A.K.” MChJ rahbarlari ushbu korxonalarga qarashli savdo do‘koni, novvoyxona va mehmonxonada elektr va gaz tarmoqlariga tijorat maqsadida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ulagan. Natijada jami 216,7 mln so‘mlik energiya resurslaridan noqonuniy foydalanilgan.
Bundan tashqari, departamentning Qamashi va Koson tumani bo‘limlari tomonidan ham tergovga qadar tekshiruvlar o‘tkazilgan.
“N.”, “G‘.P.” va “B-Z.” fermer xo‘jaliklari mas’ul shaxslari umumiy foydalanishdagi elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulangan. Oqibatda jami 129,5 mln so‘mlik elektr energiyadan noqonuniy foydalanilgani aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.