Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol harbiy holat joriy etilgani uchun mamlakat fuqarolaridan uzr so‘radi va o‘z kelajagini hukmron partiya belgilashini aytdi. «Men qattiq hayratda qolgan fuqarolardan chin dildan uzr so‘rayman. partiyamizga siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish imkoniyatini beraman, jumladan, mening lavozimdagi faoliyatim masalasini ham», — dedi Yun 7 dekabr, shanba kuni telemurojaatida.
Yunning bayonotidan ko‘p o‘tmay, hukmron «Xalq kuchi» partiyasi rahbari Xan Dong Xun prezidentning iste’fosini muqarrar deb atadi. «Hozirgi sharoitda prezident vazifalarini normal bajarishi mumkin emas», deb tushuntirdi u.
Yun Sok Yol fuqarolarga murojaatida, shuningdek, harbiy holatni qayta joriy qilmasligiga va’da berdi. «Ochig‘ini aytaman: hech qachon ikkinchi harbiy holat bo‘lmaydi», dedi u.
17 dekabr kuni Janubiy Koreya parlamentida prezidentga impichment e’lon qilish masalasi bo‘yicha ovoz berish rejalashtirilgan. Yunni davlat rahbari lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun muxolifat hukmron partiyaning yordamiga muhtoj bo‘ladi.
Janubiy Koreyada harbiy holat rejimi
3 dekabr oqshomida Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol kutilmaganda mamlakatda harbiy holat joriy etilganini e’lon qildi, biroq parlament uning farmonini qo‘llab-quvvatlashdan bosh tortib, 4 dekabr kuni ertalab uni bekor qildi. Harbiy holat davrida parlament — Milliy majlis va siyosiy partiyalar faoliyati taqiqlangan edi. Yun harbiy holat joriy etish zarurligini muxolifatning davlatga qarshi faoliyati bilan izohladi.