Suriya hukumati jangarilar uchun ramziy ahamiyatga ega bo‘lgan Dara shahri, shuningdek, xuddi shu nomdagi viloyatning aksariyat qismi ustidan nazoratni qo‘ldan chiqardi. Bu haqda 7 dekabr, juma kuni Suriya inson huquqlari observatoriyasiga (SOHR) tayanib, AFP xabar berdi.
«Mahalliy guruhlar Dara viloyatidagi hududlarni, shu jumladan Dara shahrini ham nazorat ostiga oldi. Hozirda ular viloyatning 90 foizdan ortig‘ini nazorat qilmoqda, rejim kuchlari asta-sekin qo‘shinlarni olib chiqib ketmoqda», — deb xabar berdi SOHR. Tashkilotga ko‘ra, guruhlar kunning boshida Iordaniya bilan chegaradagi Nassib-Jabir nazorat-o‘tkazish punktini egallab olgan. Iordaniya tomonida bu nazorat-o‘tkazish punkti allaqachon yopilgan, deb xabar bermoqda AFP mamlakat tashqi ishlar vazirligiga tayanib.
Suriyada fuqarolar urushi avj olgan bir paytda Iordaniya va AQSh hukumatlari o‘z fuqarolarini imkon qadar tezroq mamlakatni tark etishga chaqirdi.
Asadga qarshi isyon boshlangan shahar
Muxolifat nazoratiga o‘tgan Dara shahri 2011 yilda Suriya prezidenti Bashar Asad rejimiga qarshi isyon boshlangan joy sifatida uning uchun ramziy ahamiyatga ega. Fuqarolar urushi avjida Dara «isyonchilar qal’asi» edi, deya ta’kidlaydi AFP. 2018 yildan beri shahar hukumat kuchlari nazoratida bo‘lgan.
Erdo‘g‘an Putin bilan Suriyadagi vaziyatni muhokama qildi
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an rossiyalik hamkasbi Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbatda Suriyadagi mavjud vaziyatni muhokama qildi. 3 dekabr kuni Turkiya davlat rahbarining aloqa departamenti xabar berishicha, Erdo‘g‘an Anqara Suriyaning hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagan holda, bu mamlakatda «adolatli va uzoq muddatli kelishuv» tarafdori ekanini aytdi.
U Damashq rasmiylarini mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilishda ishtirok etishga chaqirib, tinch aholiga zarar yetkazmaslik muhimligini ta’kidladi. Turkiya prezidenti mamlakati «Suriyada tinchlik o‘rnatish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda», deb ishontirdi.
Kreml matbuot xizmatining xabar berishicha, turk tomonining tashabbusi bilan bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida «Suriyadagi vaziyatni normallashtirishda Rossiya, Turkiya va Eron o‘rtasidagi yaqin muvofiqlashtirishning muhim ahamiyati» haqida so‘z yuritilgan. Putin Suriya rasmiylarining «mamlakat bo‘ylab barqarorlik va konstitutsiyaviy tartibni tiklash» sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun Anqaraning mintaqadagi mavjud imkoniyatlaridan foydalanish zarurligini ta’kidladi.
Suriya bilan chegaradosh Turkiya Suriya prezidenti Bashar Asadga qarshi bo‘lgan siyosiy va qurolli muxolifatni qo‘llab-quvvatlaydi. Suriyada hukumat qo‘shinlariga qarshi janglarda ishtirok etayotgan asosiy kuchlar «Hay’at Tahrir ash-Shom» radikal guruhi va Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Suriya milliy armiyasi (SMA) bo‘linmalaridir.
Shu bilan birga, Damashqdagi hokimiyatning asosiy ittifoqchilari Rossiya va Erondir.