Vazirlar Mahkamasining «Yo‘l harakati qoidalariga piyodalar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, «Baland piyodalar o‘tish joyi» yo‘l belgisi joriy etiladi.
Endi shaharlar va boshqa aholi punktlarining ko‘chalarida, davlat va mahalliy ahamiyatga molik avtomobil yo‘llarining yoritilgan hamda yuqori tezlik soatiga 30 kilometrgacha cheklov joriy qilingan uchastkalarida, turar joy dahalaridagi ko‘rinish cheklangan chorrahalarda, bolalar maydonchalari hamda ta’lim tashkilotlari oldidagi yo‘l uchastkalarida, ommaviy dam olish joylari, stadionlar, vokzallar, savdo markazlari va boshqa odam ko‘p to‘planadigan joylarda, ko‘chalarning 1.21. «Bolalar» yo‘l belgisi ta’siridagi qismlariga «Baland piyodalar o‘tish joylari» yo‘l belgisi hamda yo‘l yotiq chiziqlari o‘rnatiladi.
Ichki ishlar vazirligi Transport vazirligi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda ikki oy muddatda, tahlillar asosida, 2025–2026 yillarda «Baland piyodalar o‘tish joyi» yo‘l belgisi hamda yo‘l yotiq chiziqlarini o‘rnatish zarur bo‘lgan joylar ro‘yxatini tasdiqlaydi.