6 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti pedagoglar jamoasining kengaytirilgan yig‘ilishida tashkiliy masala ko‘rildi. Bu haqda Musulmonlar idorasi matbuot xizmati xabar berdi.
Majlisda tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Uyg‘un G‘afurov Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori lavozimiga tayinlangani e’lon qilindi. U 5 dekabr kuni xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimidan ozod etilgan edi.
Uyg‘un G‘afurov bunga qadar ham Toshkent islom instituti rektori lavozimida 8 yil (2015-2023 yillarda) ishlagan.
Ayni vaqtda institut rektori vazifasida ishlagan professor Muhammadolim Muhammadsiddiqov O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining Yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidagi faoliyatini davom ettiradi.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning tegishli farmoni bilan 4 dekabr kuni Muzaffar Komilov O‘zbekiston prezidentining din va millatlararo munosabatlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etilgan edi.
Komilov 5 dekabr kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimiga tayinlangan. Shu munosabat bilan Uyg‘un G‘afurov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori lavozimidan ozod etilgan edi.