20 noyabr kuni Toshkentda Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiy markazi va farmatsevtika kompaniyasi Novo Nordisk hamkorligida “Diabet akademiyasi” xalqaro ilmiy-ta’limiy dasturi tashkil etildi. “Diabet akademiyasi” bu — an’anaviy ravishda O‘zbekiston, Qozog‘iston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlaridan diabet bo‘yicha yetakchi mutaxassislarni tajriba almashish va qandli diabetni davolashning eng yangi usullarini muhokama qilish uchun yig‘adigan ta’lim platformasidir. Dasturning dolzarbligi qandli diabet (QD), ayniqsa 2-tur diabetining ko‘payishi bilan bog‘liq, bu esa kech aniqlansa va samarasiz davolansa asoratlar rivojlanishi va progressiyasiga, shu bilan birga bemorlarning hayot sifatining pasayishiga olib keladi. Afsuski, QD diagnostikasi ko‘pincha kechikib qoladi – bemorlarning yarmidan ko‘pi kasallik mavjudligini bilmaydi va tashxis qo‘yilgan paytda ularda ko‘plab asoratlarning rivojlanish xavfi bor.
Qandli diabet (QD) 2-turi global tibbiy-ijtimoiy muammolardan biri bo‘lib qolmoqda, chunki uning tarqalishi doimiy ravishda ortib bormoqda. Xalqaro diabet federatsiyasi ekspertlarining ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha qandli diabet1 bilan yashovchi taxminan 537 million odam bor. O‘zbekistonda har yili qandli diabet bilan kasallangan bemorlar soni ortib bormoqda, bu esa tibbiy jamoatchilikka yangi muammolarni tug‘dirmoqda. Diagnostika va davolashdagi rivojlanishlarga qaramasdan, qandli diabet O‘zbekiston uchun jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda. Chunki Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning taxminan 9,6% katta yoshli aholisi ushbu kasallikdan aziyat chekadi, bu esa har o‘ninchi katta yoshli inson qandli diabet2 bilan yashashini anglatadi.
Qandli diabet 2-turi bilan yashovchi odamlar sonining o‘sishining asosiy omillari sifatida shifokor-endokrinologlar noto‘g‘ri va kam harakatli turmush tarzini, nomutanosib ovqatlanishni va ortiqcha vaznni aytadilar. Ekspertlarning fikricha, mamlakatda qandli diabet bilan kasallangan odamlar soni aslida ancha yuqori bo‘lishi mumkin, chunki ko‘pchilik o‘z kasalligidan xabardor ham emas - diabet ko‘pincha alomatlarsiz rivojlanadi, bu esa erta tashxis qilinishini qiyinlashtiradi.
Ushbu chaqiruvga javoban “Diabet akademiyasi” shifokor-endokrinologlarga bilim olish, tajriba almashish va kasbiy aloqalarni mustahkamlash imkonini beruvchi asosiy ta’lim platformasiga aylanmoqda. Bu O‘zbekiston tibbiy jamoasidan hamda Markaziy Osiyo mamlakatlaridan bo‘lgan mutaxassislar bilan birga qandli diabetga qarshi kurashda kuchlarni birlashtiradi.
Professor, tibbiyot fanlari doktori, endokrinologiya kafedrasi mudiri, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi rahbari Gulnara Raximova, konferensiyada ishtirok etib, O‘zbekistonda qandli diabet bilan kasallanishning o‘sish tendensiyasiga e’tibor qaratish va kasallikni davolash va profilaktika qilishda kompleks yondashuv zarurligini ta’kidladi.
“Taxminan 60% O‘zbekiston aholisi ortiqcha vaznga ega yoki semizlikdan aziyat chekmoqda, chunki ovqatlanishimiz juda mazali va kaloriyaga boy. Bu esa 2-tur diabetni rivojlantirish xavfini sezilarli darajada oshiradi. O‘tgan to‘rt yilda bemorlar soni 120 000 kishiga oshdi. Bu tibbiy tizim uchun jiddiy chaqiruv. Akademiya formati tashxis va davolash jarayonlaridagi zaif tomonlarni aniqlashga yordam beradi. Men o‘zim 40 yildan ortiq tajribaga ega bo‘lsam-da, har doim yangi biror narsani o‘rganishga harakat qilaman”, - deb aytdi professor.
Bu yilgi konferensiyada mutaxassislar amaliyotdagi ko‘nikmalarni rivojlantirishga va bemorga yo‘naltirilgan terapiyaga e’tibor qaratdilar, bunga bemorlar bilan muloqot usullari va turli bemorlar profillarini namoyish qilish, shuningdek samarali kommunikatsiya/aloqa usullari kiradi. Ekspertlar shuningdek, respublikaning urbanizatsiyasi ta’siridagi surunkali kasalliklar, jumladan qandli diabetning rivojlanishini muhokama qildilar. Bu turmush tarzi o‘zgarishiga, faollik pasayishiga va ovqatlanish yomonlashishiga olib keladi, bu esa kasalliklar ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Shaharlarda stress va havo ifloslanish darajasi oshib boradi, jismoniy faollik uchun imkoniyatlar cheklanadi, bu esa diabet va boshqa kasalliklar holatlarining ko‘payishiga olib keladi.
Professor, tibbiyot fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Akademik Yo.X.Turakulov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari, Endokrinologlar Milliy Assotsiatsiyasining raisi Feruza Haydarova diabet tarqalishining geografiyasini va endokrinolog shifokorlarining bemorlar bilan ishlashning o‘zgacha xususiyatlarini ta’kidladi.
“Agar Yevropa mamlakatlarida qandli diabet bilan bemorlar sonining o‘sishi 15% bo‘lsa, Osiyo mamlakatlarida bu ko‘rsatkich 80-90% ga yetmoqda, bundan O‘zbekiston ham istisno emas. Bu global va murakkab muammo. Shuning uchun ham bizning hukumatimiz va xalqaro jamoatchilik unga katta e’tibor qaratmoqda”, - deya ta’kidladi doktor Haydarova.
Shuningdek, “Diabet akademiyasi”da amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga va klinik holatlarni tahlil qilishga alohida e’tibor qaratilgan. Shifokorlarni faqat muammoni hal qilish usulini tanlashga o‘rgatmay, balki asoratlarning oldini olish va hayot sifatini yaxshilash maqsadida klinik inersiyani bartaraf etish hamda bemorlar bilan samarali hamkorlik o‘rnatishga o‘rgatishadi.
“Shifokor uchun muhim narsa bu bemorga ma’lumotni to‘g‘ri yetkazish va uni faqat dori qabul qilishga emas, balki turmush tarzini o‘zgartirishga ham ishontirishdir. Bundan tashqari, muloqot profilaktik bo‘lishi kerak. Diabet og‘riq bermaydi, shuning uchun ko‘pincha odamlar shifokorga asoratlar paydo bo‘lganidan keyin murojaat qilishadi”, - deb tushuntirdi doktor Haydarova.
Mehmon mutaxassis, tibbiyot fanlari nomzodi, Qozog‘istonning «Interna» klinikasining bosh shifokori Aygul Raisova o‘zbekistonlik hamkasblarining kasbiy mahoratiga, bemorlar orasida asoratlar sonini kamaytirish va milliy tibbiyotni rivojlantirishga intilishlariga yuqori baho berdi. Mutaxassis shuningdek, tadbirning keng ko‘lamliligini, mutaxassislarning nazariy va amaliy bilimlarining yuqori sifati hamda tadbirning yuqori darajada tashkil etilganligini ta’kidladi.
“Konferensiya yangi metodikalarni muhokama qilish va tajriba almashish uchun ajoyib maydon bo‘ldi. Har yil shifokorlar darajasi oshmoqda va bilimlar bazasi kengaymoqda. O‘zbekistondagi shifokorlar ajoyib, malakali va ishlashga tayyor, ammo bunday jiddiy muammoga qarshi kurashish uchun barchamiz kuchlarimizni birlashtirishimiz kerak”, - dedi Aygul Raisova.
To‘rtinchi bor o‘tkazilayotgan “Diabet akademiyasi” doirasida 60 dan ortiq mutaxassis ta’lim oldi. Yangilangan usullarni o‘z amaliyotlariga joriy etish orqali ular butun tibbiyot sohasining rivojlanishiga sezilarli hissa qo‘shadilar.
Manba:
1. Xalqaro diabet federatsiyasining ma’lumotlari: Diabetes Facs and Figures | International Diabetes Federation
2. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti
«Novo Nordisk A/S» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi ko‘magida chop etildi.
Reklama huquqi asosida