Qora shokolad 2-tur qandli diabet xavfini pasaytirishi mumkin - tadqiqot

Fan-texnika 14:47 / 05.12.2024 2940

Haftasiga kamida besh marta oz miqdorda qora shokolad iste’mol qilish 2-tur qandli diabet rivojlanish xavfini 21 foizga kamaytirishi mumkin. Yangi tadqiqotga ko‘ra, qora shokolad iste’molini noldan besh porsiyagacha oshirgan sari uning foydali ta’siri ham ortib boradi, deb yozmoqda CNN.

Ammo butun shokolad plitkasini yeyishga shoshilmaslik kerak. Tadqiqotda bir porsiya atigi 1 unsiyani (28 gramm) tashkil etgan, shokolad esa qora bo‘lishi lozim. Sutli shokolad iste’moli vaqt o‘tishi bilan ortiqcha vazn yig‘ilishiga sabab bo‘ladi, bu esa 2-tur qandli diabet rivojlanishining asosiy omilidir.

“Qora va sutli shokoladda taxminan bir xil miqdorda shakar, yog‘ va kaloriyalar mavjud, ammo asosiy farq shundaki, qora shokoladda kakao ko‘proq”, — deydi tadqiqot yetakchi muallifi, Chan nomidagi Harvard jamoat salomatligi maktabi doktoranti Binkay Lyu.

Kakao tarkibida eng yuqori miqdordagi flavanollar bor, shuning uchun qora shokolad plitkalari yorlig‘ida ko‘rsatilgan kakao foizi qanchalik yuqori bo‘lsa, unda shunchalik ko‘p flavonol bo‘ladi. Flavanollar antioksidant sifatida ta’sir ko‘rsatib, yallig‘lanishni kamaytiradi. Yallig‘lanish yurak kasalliklari va qandli diabet kabi surunkali kasalliklarni keltirib chiqarishi yoki ularning kechishini og‘irlashtirishi mumkin.

“Hayvonlar ustida o‘tkazilgan tadqiqotlar va odamlar ishtirokidagi kichik eksperimental izlanishlarda flavanollar insulinga sezuvchanlikni yaxshilagan hamda diabet patofiziologiyasining tarkibiy qismlari bo‘lgan oksidlanish stressi va yallig‘lanishni kamaytirgan”, — dedi Baltimordagi Jons Hopkins tibbiyot markazida diabetning oldini olish va soha bo‘yicha ta’lim dasturi hamraisi doktor Nestoras Matiudakis.

“Shuning uchun qora shokoladdagi flavonoidlarning yuqori miqdori (sutli shokoladga qaraganda) ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — dedi yangi tadqiqotda ishtirok etmagan Matiudakis.

Diabet muammosi ortib bormoqda

AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari ma’lumotlariga ko‘ra, taxminan har 10 nafar amerikalikdan biri qandli diabet bilan og‘riydi va ularning 95 foiziga 2-tur qandli diabet tashxisi qo‘yilgan. Dunyo miqyosida vaziyat yanada jiddiylashmoqda: 2023 yil iyulda o‘tkazilgan tadqiqotda 2050 yilga kelib qandli diabet bilan kasallanganlar soni kamida 1,31 milliard kishigacha ko‘payishi mumkinligi aytilgan. 2021 yilda bu ko‘rsatkich 529 million kishini tashkil etgan.

Ushbu tendensiyani keltirib chiqaruvchi omillarga jismoniy faollikning pastligi, alkogol va tamaki iste’mol qilish, shuningdek, noto‘g‘ri ovqatlanish, jumladan ultra ishlov berilgan mahsulotlarga haddan tashqari qaramlik kiradi.

Sentyabr oyida e’lon qilingan kuzatuv tadqiqotida aytilishicha, ultra ishlov berilgan mahsulotlar iste’moli har 10 foizga ortganda, 2-tur qandli diabet rivojlanish xavfi 17 foizga oshadi.

Shokolad ham ultra qayta ishlangan mahsulotlar toifasiga kirishi mumkin. Shuning uchun savol tug‘iladi: shifokorlar 2-tur qandli diabet xavfi bo‘lgan odamga, hatto u qora bo‘lsa ham, shokoladlarni tavsiya etadimi?

“Shokolad mahsulotlari shakardan iborat konfetlar hisoblanadi, shuning uchun men odamlarni qon tarkibidagi glyukoza miqdorini yaxshiroq nazorat qilish maqsadida shokolad iste’mol qilishga undamayman. Bundan tashqari, faqat ushbu tadqiqotga asoslanib, bunday tavsiya berolmayman”, — dedi Matiudakis. “Men muqobil manbalarni, ayniqsa, qora mevalarni, masalan, chernika, maymunjon va anor, shuningdek, olma hamda choyni tavsiya etardim. Qizil sharobda ham flavanollar mavjud, ammo buni tavsiya qilmasdim”.

Sutli shokolad ish bermadi

BMJ jurnalida e’lon qilingan tadqiqotda uchta uzoq muddatli izlanish tahlil qilingan — hamshiralar salomatligi bo‘yicha dastlabki tadqiqot, hamshiralar salomatligi bo‘yicha ikkinchi tadqiqot va sog‘liqni saqlash xodimlari ustida olib borilgan kuzatuv tadqiqoti.

Tadqiqot ishtirokchilari 25 yil mobaynida har to‘rt yilda bir marta ovqatlanish bo‘yicha so‘rovnomalarni to‘ldirib keldi. So‘ngra tadqiqotchilar 111 mingdan ortiq shokolad ishqibozlari orasida qora shokolad, sutli shokolad va umumiy shokolad iste’molini o‘rganib chiqdi.

Tadqiqotchilar ovqatlanish va turmush tarzi bilan bog‘liq xavf omillariga tuzatishlar kiritgandan so‘ng, haftasiga kamida besh marta har qanday turdagi 1 unsiya shokolad iste’mol qiluvchilarda, shokoladni kamdan kam yoki umuman iste’mol qilmaydigan kishilarga nisbatan 2-tur qandli diabetga chalinish ehtimoli sezilarli darajada (10 foizga) kamayganini aniqladi.

Biroq shokolad turlariga qaralsa, sutli shokolad iste’moli diabet bilan kasallanish xavfini kamaytirmagani ma’lum bo‘ldi. Aksincha, haftada kamida besh marta qora shokolad iste’mol qilganlarda 2-turdagi qandli diabet xavfi sezilarli darajada (21 foizga) pasayib, vazn ortishi kuzatilmagan.

Eng yaxshi variant meva va sabzavotlar bo‘lishi mumkin

Mualliflar tadqiqotdagi cheklovlarni ham qayd etdi. Tajriba ishtirokchilari keksa oq tanli odamlar bo‘lgan, ularda shokolad iste’moli nisbatan past edi. Bundan tashqari, natijalar 2023 yil dekabr oyida o‘tkazilgan tadqiqot xulosalariga zid keldi, chunki unda qandli diabetga chalingan odam kakao iste’molidan hech qanday foyda ko‘rmagani aniqlangandi.

“Mualliflarning o‘zlari tasodifiy tanlangan 21 000 kishi ishtirokidagi tadqiqotni eslatmoqda. Unda ishtirokchilarga 500 milligramm kakao flavanoli berilgan, bu o‘lim xavfini pasaytirgan, ammo qandli diabet xavfini kamaytirmagan”, — deb ta’kidladi Matiudakis. “Yangi tadqiqot nima uchun avvalgisiga mos kelmayotganini hech kim bilmaydi. Bizga ko‘proq tasodifiy tanlanganlar ustida tadqiqotlar zarur”.

Matiudakis yana bir muammoni qayd etdi. So‘nggi tadqiqotlardan ma’lum bo‘lishicha, qora shokolad va unga o‘xshash kakao mahsulotlari qo‘rg‘oshin va kadmiy bilan ifloslangan. Bu ikki neyrotoksik metall saraton, surunkali kasalliklar hamda reproduktiv tizim va rivojlanish muammolari bilan bog‘liq bo‘lib, ayniqsa, bolalarga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Qora shokoladning organik turlari eng yuqori darajadagi ifloslantiruvchi moddalarga ega. Bu kakao daraxtlari o‘sadigan rivojlanayotgan mamlakatlardagi sanoat chiqindilariga bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Xo‘sh, qanday xulosa qilish mumkin? Agar shokolad ishqibozi bo‘lmasangiz, Matiudakis aytganidek, flavonoidlarga boy meva va sabzavotlarni tanlash eng ma’quli bo‘lishi mumkin. Ammo, shokoladsiz yashay olmasangiz, haftada bir necha marta bir unsiya (taxminan 28 gramm) qora shokolad iste’mol qilish bilan cheklanishga harakat qiling.

Ko‘proq yangiliklar: