Janubiy Koreya politsiyasi 3 dekabr kuni harbiy holat e’lon qilingani munosabati bilan davlatga xiyonat qilishda gumon qilingan prezident Yun Sok Yolga nisbatan tergov boshladi, deb xabar beradi Yonhap agentligi.
Tergovni o‘tkazish Milliy politsiya agentligi Milliy tergov boshqarmasi qoshidagi xavfsizlik bo‘yicha tergov guruhiga topshirilgan. Idoraga ikkita shikoyat kelib tushgan: biri muxolifat «Koreyani tiklash» partiyasidan, ikkinchisi — 59 nafar faoldan iborat guruh tomonidan. Shikoyatlarda nafaqat Yun Sok Yol, balki sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon, armiya shtabi boshlig‘i general Pak An Su va ichki ishlar vaziri Li San Min ham ko‘rsatilgan.
Da’vo arizalarida ular harbiy holatni e’lon qilish va keyinchalik bekor qilishdagi roli uchun davlatga xiyonat hamda boshqa tegishli jinoyatlarda ayblanmoqda. Bunday da’volar, shuningdek, prokuratura va yuqori martabali amaldorlarning korrupsiyaga aloqadorligini tergov qilish boshqarmasiga ham kelib tushgan. Idora o‘z tergovini o‘tkazish yoki uni politsiyaga topshirish masalasini ko‘rib chiqmoqda.
AFP’ning janubiy koreyalik yuqori martabali politsiyachiga tayanib yozishicha, Yunga qarshi isyon ayblovlari bo‘yicha tergov boshlangan. YTN xabariga ko‘ra, vakolatni suiiste’mol qilish ayblovi ham ilgari surilgan, biroq Yun bunda aybdor deb topilsa ham, uning amaldagi prezidentlik maqomi prokurorning ish bo‘yicha tergoviga xalaqit beradi. Shu bois departament ishni to‘g‘ridan to‘g‘ri politsiyaga topshirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol 3 dekabr kuni mamlakatda harbiy holat joriy etdi. Prezident muxolifat partiyalari mamlakatni inqirozga uchratishga urinayotgani uchun shunday choraga qo‘l urganini aytgan.
Muxolifatdagi Demokratik ishchi partiyasi rahbari Li Jye Myon harbiy holat e’lon qilinishi konstitutsiyaga xilof ekanini ta’kidladi. Shuningdek, prezident a’zosi bo‘lgan Xalq hokimiyati partiyasi rahbari Xon Don Xun ham bu chorani «noto‘g‘ri» deb atab, uni bloklashga va’da berdi.
Janubiy Koreya Milliy assambleyasi (parlamenti) deputatlari mamlakatda harbiy holatni bekor qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qilganidan keyin harbiylar binodan chiqib ketishni boshlagani ma’lum bo‘ldi.
Oradan bir necha soat o‘tib, Janubiy Koreya prezidenti harbiy holat rejimini bekor qildi. Muxolifatdagi «Toburo» demokratik partiyasi prezident Yun Sok Yolni isyonda ayblab, unga impichment e’lon qilishni talab etmoqchi. Fuqarolik tashkilotlari Janubiy Koreya hukumatining iste’fosini talab qilyapti.