Tramp Meksika va Kanadaga AQSh shtatlari bo‘lishni taklif qildi

Jahon 21:17 / 26.12.2024 10443

AQSh saylangan prezidenti Donald Tramp Oq uyga ishga qaytishini intizorlik bilan kutyapti. Ishga chiqishga sabri chidamayotgan Tramp har kuni bir-biridan qiziq gaplarni yozib chiqmoqda. Masalan, u Shimoliy Amerikadagi ikki yirik davlat Kanada va Meksikani, shuningdek, Grenlandiyani ko‘tarasiga AQSh tarkibiga qo‘shib olmoqchi. Xo‘sh, bo‘lajak prezident nega bunday dedi?

Albatta, Trampning gapini jiddiy qabul qilish kerak emas, u ikki qo‘shnisi bilan kelishmovchiliklarga mana shunday keskin munosabat bildirdi. Lekin Tramp bu gaplarni bir necha marta takrorlagani ham ahamiyati.

Masalan, Tramp hammani rojdestvo bilan tabriklar ekan bu gapini yana takrorladi: «Hammani rojdestvo bilan tabriklayman. Biz qurilishida 38 ming odamimizni yo‘qotgan, ta’miri uchun milliardlab dollar beradigan Panama kanalidan noqonuniy foydalanayotgan xitoylik askarni va Kanada gubernatori Jastin Tryudoni ham bayram bilan tabriklayman. Aytgancha, Kanadada soliqlar juda baland, lekin u AQShning 51-shtati bo‘lsa, soliqlar 60 foizga kamayadi, bundan tashqari, kanadaliklar eng zo‘r harbiy himoyaga ega bo‘lishadi. Grenlandiyada ham shunaqa holat, AQSh tarkibiga kirishni istaydigan grenlandiyaliklar, albatta, niyatlariga yetadi.

Ammo Jo Bayden uyqusirab kechirib yuborgan o‘g‘ri, zo‘ravon jinoyatchilarni kechira olmayman, ularga sizga la’nat bo‘lsin, deb qolaman. Biz yaqindagina tariximizdagi eng zo‘r saylovlarni o‘tkazdik. 26 kundan keyin biz Amerikani yana buyuk qilishga kirishamiz», deb tugatdi Tramp rojdestvo tabrigini.

Tramp nega bunday deyapti?

Tramp Meksika bilan azaldan ziddiyatli munosabatda, lekin oxirgi vaqtlarda Kanada bilan ham o‘chakishib qoldi. Hududi AQShdan ham katta bo‘lgan Kanada bosh vaziri Jastin Tryudoni bir necha marta gubernator deb atadi. Hatto Kanadani shtat dedi. Gap shundaki, Tramp noqonuniy migrantlar Kanada chegarasi orqali AQShga kirib kelayotganidan norozi. Aftidan, u Ottava vakillari bilan migratsiya masalasini birgalikda muhokama qilganda tushunmovchilik yuzaga kelgan.

NBC News telekanaliga bergan intervyusida Tramp bu mavzuga yana bir bor to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh har yili Kanadani 100 milliard dollar, Meksikani esa 300 milliard dollarga subsidiyalashtiradi. «Nega biz deyarli 500 milliard dollar pulimizni ularga subsidiya qilib berishimiz kerak? Undan ko‘ra bizning shtatimiz bo‘lishsin-qo‘yishsin», dedi Tramp.

Meksika bilan ham Tramp aynan noqonuniy migratsiya masalasida kelishmaydi. Avvalgi prezidentlik kampaniyasi davrida Tramp Meksika bilan chegarada devor qurib, pulini meksikaliklarning o‘ziga to‘lattiramiz degandi. Ammo bu loyiha amalga oshmay qoldi. Bu galgi kampaniyada ham migratsiya siyosati Trampning ustun tomonlaridan biri edi, chunki oxirgi yillarda butun dunyodan AQShga millionlab noqonuniy migrantlar chegarani buzib kirishga intilmoqda.

Hatto Texas shtati va Bayden ma’muriyati o‘rtasida keskinlik yuzaga kelgandi. Tramp Bayden ma’muriyati noqonuniy migrantlarga juda yumshoq munosabatda bo‘lyapti deb hisoblaydi va bu siyosatni o‘zgartirmoqchi. Kanada va Meksika mahsulotlariga ishga kirishgan kunidan boshlab 25 foiz qo‘shimcha boj joriy qilmoqchi.

Avvalroq Tramp Amerika puliga qurilgan Panama kanalini ham qaytarib olish bilan tahdid qilgan, bunga sabab sifatida Panama Amerika kemalaridan ko‘p pul olayotganini keltirgandi.

Ma’lumot uchun, Donald Tramp 2025 yil 20 yanvar kuni inauguratsiya marosimida qatnashadi va amerikaliklar haqqiga xiyonat qilmaslikka ont ichgan onidan boshlab rasman 47-AQSh prezidenti lavozimiga kirishadi. Tramp prezidentlik saylovlarida demokrat Kamala Harrisni yenggandi. 2016 yilgi saylovda ham g‘olib bo‘lgan Tramp uchun keyingi 4 yillik muddat oxirgisi bo‘ladi, chunki AQSh konstitutsiyasi bir kishiga ikki muddatdan ortiq prezident bo‘lishni taqiqlaydi.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: