Eron hukumati inson huquqlari faoli, 2023 yilgi Nobel tinchlik mukofoti sovrindori Nargis Muhammadiyni tibbiy sabablarga ko‘ra vaqtincha qamoqdan ozod qildi. Uning jazosini keyingi ijrosi uch haftaga qoldirildi, deb yozdi Muhammadiyning advokati Mostafa Nili 4 dekabr, chorshanba kuni X ijtimoiy tarmoqda.
Advokatning ta’kidlashicha, bunday qarorga mijozining o‘simtani olib tashlash bo‘yicha operatsiyadan keyingi jismoniy holati sabab bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘simta salbiy bo‘lmagan, ammo 52 yoshli ayol har uch oyda bir marta tekshiruvdan o‘tishi kerak.
Muhammadiy tarafdorlari bu qarorni yetarli emas deb atadi
Muhammadiyning oilasi va tarafdorlari hukm ijrosi 21 kunga qoldirilishini yetarli emas deb atadi. «Biz Nargis Muhammadiyning zudlik bilan va so‘zsiz ozod etilishini yoki hech bo‘lmaganda uning vaqtinchalik ozod etilishini uch oyga uzaytirilishini talab qilamiz», dedi ular.
Eron ayollar harakati yetakchilaridan biri Nargis Muhammadiy so‘nggi 25 yil ichida majburiy hijob va o‘lim jazosiga qarshi kurashgani uchun bir necha bor hibsga olingan va sudga tortilgan. U so‘nggi o‘n yilni ba’zi uzilishlar bilan qamoqda o‘tkazdi. Muhammadiy oxirgi marta 2021 yil noyabrida Tehronda qo‘lga olingan edi. 2024 yil iyun oyida unga yana bir hukm chiqarildi — «davlatga qarshi tashviqot» uchun bir yillik qamoq jazosi berildi.
2023 yilda Nargis Muhammadiy ayollarga zulmga qarshi kurashi hamda inson huquqlari va erkinliklarini targ‘ib qilgani uchun tinchlik bo‘yicha Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi.