Toshkent shahar tez yordam xizmati 5 milliondan ortiq kishiga xizmat ko‘rsatyapti. Reanimatsiya brigadasi shifokori Alisher Bozorov oldin kuniga 3-3,5 ming chaqiriq tushgan bo‘lsa, mavsumiy kasalliklar avj olgan hozirgi paytda 5 minggacha chaqiruvga chiqilayotganini aytadi.
Respublika tez tibbiy yordam markazining Toshkent shahar filialida 4100 nafardan ortiq xodim faoliyat ko‘rsatadi. Shulardan biri reanimatsiya brigada shifokori Alisher Bozorov. U Kun.uz muxbiri bilan suhbatda ayni kecha-kunduzda tez yordam xizmatida chaqiruvlar salkam 2 barobar oshganini aytdi. Bunga sabab mavsumiy o‘tkir respirator infeksiyalar ko‘paygani. “Mana, hozir birinchi chaqiriqdan ikkinchi chaqiriqqa stansiyaga qaytmasdan boryapmiz. Ya’ni bir biriga ulanib ketaveradi. Bu kechki soat 17:00 dan to 2-3 gacha davom etadi. Chunki chaqiriqlar uzluksiz bo‘ladi. Oldin 3-3,5 ming chaqiriq tushgan bo‘lsa, hozir 5 mingtagacha yetyapti”, - dedi u.
Ma’lum bo‘lishicha, filial Toshkent shahrida 5 mln aholiga (doimiy istiqomat qiluvchi — 3,02 mln, kunlik shaharga kelib-ketuvchi — 1,5 mln, vaqtinchalik yashovchi — 0,48 mln) xizmat ko‘rsatadi. Poytaxtdagi 1 ta tez tibbiy yordam stansiyasi va tumanlardagi 13 ta tez tibbiy yordam bo‘limlari mavjud. Ularda 235 ta ko‘chma brigada (224 ta umumiy, 7 ta anesteziologik-reanimatsion va 4 ta psixiatrik) 24/7 rejimida xizmat ko‘rsatadi.
Alisher Bozorov xizmatning kechiktirib bo‘lmaydigan reanimatsiya brigadasida ishlaydi. Call markazga kelib tushgan chaqiriqlar bemorning ahvoliga qarab brigadalarga biriktirib beriladi. “Biz o‘ta og‘ir kechiktirib bo‘lmaydigan chaqiriqlarga chiqamiz. Agar yengilroq kasalga ketayotgan bo‘lsak, og‘irroq kasal chiqib qolsa, brigadamiz og‘irroq kasalga yo‘naltiriladi”, — dedi u.
Bozorovning aytishicha, harorat oshishi yoki bosh og‘rig‘i bilan tushgan kasallarga kechroq borilayotganiga orada og‘ir kasallar chiqib qolishi ham sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, kechikishlarning yana bir sababi yo‘ldagi tirbandliklar. “Chunki shaharda kechki 5 dan keyin tirbandlik ham, chaqiriqlar ham ko‘payadi. Lekin hozir haydovchilar oldingidan ancha tushunadigan bo‘lib qolishgan. Ular ko‘chada yo‘l berishga harakat qiladi. Faqat katta-katta chorrahalarda svetoforning qizil chirog‘i bo‘lib qolsa, qiynalib qolamiz”, — deydi u.
Buni 15 yildan beri reanimatsiya brigadasida haydovchilik qilayotgan Saidabror Yusufxo‘jayev ham ma’qulladi. “24 soat ishlaymiz, 72 soat dam olamiz. Charchamaymiz, bunga o‘rganib ham qolganmiz. Tirbandlik bo‘lganda belgilangan vaqtda bemorga yetib borishning iloji ham yo‘q. Lekin tezlashtirib borishga harakat qilamiz. Tirbandlik kechki payt ko‘p bo‘ladi”, — dedi u.
Ma’lumot uchun, 2024 yilda shahar tez yordam xizmatidagi mashinalar soni aholi soniga nisbatan yetarli bo‘lgan. Tez tibbiy yordam avtotransport vositalari bilan ta’minot 2023 yil noyabr oyi oxiriga kelib 100 foiz qilib, 235 ta avtotransportga yetkazilgan. Ungacha 206 ta bo‘lgan.
Bozorov ish vaqti 24 soat ekani, hozir kun davomida 15-25 tagacha chaqiriqqa borishga to‘g‘ri kelayotganini ham qo‘shimcha qildi.
“Kasbimni yaxshi ko‘raman. Shuning uchun ishlayapmiz-da. To‘g‘ri, kasallardan gap ham eshitamiz, yordam ko‘rsatgandan keyin biz bilan urishgan kasallar rahmat aytadi. Hammaning oilasidagi bemor o‘zi uchun muhim. Shuning uchun jahllarini to‘g‘ri tushunamiz. Chunki keyin baribir rahmat aytishadi, Shunisidan xursand bo‘lamiz. Havo soviyapti, o‘zingizni asrang, bizga hech ishingiz tushmasin”, — deb suhbatni tugatdi shifokor.
Zuhra Abduhalimova, jurnalist
Operator va montaj ustalari – Javohir G‘ayratov, Ziyaddin Mamajonov.