Asad rejimi yana xavf ostida, uni bu safar ham qutqara olishadimi? Suriyadagi eskalatsiyaga atroflicha nazar

Jahon 20:55 / 05.12.2024 13715

Damashqdagi rasmiy hukumat tanazzuli kimlarning manfaatiga xizmat qiladi? Yarim asrlik Asadlar sulolasi ag‘darilsa, keyingi nishon Erondagi rejim bo‘ladimi? Harbiy harakatlar Iroqqa ham ko‘chishining ehtimoli nega past deb baholanmoqda? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida – Suriyadagi vaziyat borasida siyosatshunoslar sharhi.

Suhbatimizni umumiyroq savol bilan boshlasak. Suriyadagi hozirgi vaziyat qanday?

Habibulloxon Azimov: 2020 yilda, o‘sha pandemiya davrida Suriyadagi vaziyat mintaqaviy va global kuch markazlari tomonidan kelishuv asosida to‘xtatib qo‘yilgan edi. Turkiya va Rossiya Suriyadagi vaziyatga biroz tanaffus bergandek edi. Oradan 4 yil o‘tib, Suriyadagi hukumatga qarshi muxolif kuchlar yoki terrorchi kuchlar yana faollashib qoldi.

27 noyabr kuni Idlib viloyatida “Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhi Halab tomonga yurish boshlab, shaharni nazoratga oldi. Bu vaziyat nimaga bog‘lanishi mumkin? Bugun xalqaro maydonga qarasak, Isroil-Falastin masalasi, yoki Erondagi vaziyatlar, yoki Ukraina bilan bog‘liq vaziyatlar bu voqealarga sababchi va turtki bo‘lishi mumkin. Nega? Chunki oxirgi paytlarda Suriyani qo‘llab-quvvatlagan global kuchlardan biri Rossiyaning harbiy salohiyati biroz kamaygan, Suriyadan piyoda qo‘shinlarini olib chiqib ketgan.

Bundan tashqari, Isroil G‘azodagi, Livandagi urushlardan keyin, yaqin oylarda Jo‘lon tepaliklarini to‘liq egallash uchun ham harbiy amaliyot boshlashi mumkin. Bu Tramp hokimiyatga kelgandan keyin sodir bo‘lishi ehtimoli bor. Chunki AQSh tarixida 1967 yildan beri Trampdan boshqa biror prezident Jo‘lon tepaliklarini Isroilga tegishli deya tan olmagan. Tramp buni tan olgan edi, katta ehtimol bilan yana bu siyosat davom etadi. Bu vaziyatlarning barchasi bir-biriga bog‘liq. Tasodif deb ko‘rmaslik kerak, deb o‘ylayman.

Shavkat Ikromov: Suriyadagi fuqarolik urushi natijasida, bugungi kunda mamlakat uch qismga bo‘linib qolgan.

Birinchisi – shimoli-sharqdagi kurdlar. Ular mustaqil hokimiyatni amalga oshirayotgandi.

Ikkinchisi – shimoli-g‘arbdagi turli muxolifatchi islomiy guruhlar. “Hay’at Tahrir ash-Shom” shular jumlasidan. Bu yerdagi guruhlarni birlashtiruvchi umumiy bir jihat – ular sunniy musulmonlardan tashkil topgan muxolif guruhlar. Ularning ko‘pi g‘arb davlatlari tomonidan terroristik guruhlar deya e’tirof etilgan.

Bu guruhlarni sirtdan Turkiya qo‘llab-quvvatlaydi degan ishonch bor. Ya’ni bu harakatlarni moliyalash, harbiy tayyorgarliklar, operatsiyalar uchun metodik tavsiyalar, qo‘llab-quvvatlash va moliyaviy yordam ko‘rsatadi, degan ishonch bor, lekin bu to‘liq isbotlangan emas. Turkiya tomoni buni to‘liq e’tirof etmaydi.

Uchinchi qism – mamlakatning qariyb 60 foizi – amaldagi hukumat Bashar Asad rejimi tomonidan nazorat qilinadi.

O‘tgan oy oxirida mamlakatning Asad boshqarayotgan qismiga shimoli-g‘arbdan, ya’ni Turkiya qo‘llashi aytiladigan guruhlar tomonidan hujum uyushtirildi. Bir qancha guruhlar birlashib, kutilmaganda va qisqa fursatda Idlib va Halab shaharlarini egallab oldi. Nimaga endi aynan Idlib va Halab? Bu ikkala shahar poytaxt Damashqqa yaqinlashish va unga hujum qilish uchun platforma vazifasini bajara oladi.

Nega bu hujum aynan hozir amalga oshayotganiga kelsak, Asad rejimining ashaddiy qo‘llab-quvvatlovchisi, tayanchi bo‘lib turgan Eron va Rossiyaning vaziyati o‘zgarib ketdi. Ularning ikkalasi ham boshqa frontda band bo‘lib qoldi. Eron Livanda “Hizbulloh”, G‘azoda Hamasni qo‘llab, Isroil bilan to‘qnashganidan tashqari, mamlakatda hokimiyat almashgandan keyin prezidentlikka kelgan Pizishkiyon G‘arb bilan sanksiyalarni yumshatish bo‘yicha faol muzokaralarga kirishdi. Bu muzokaralar davomida Suriyani qattiq qo‘llab-quvvatlashi shubha ostida edi va buni zimdan Turkiya kuzatib turgan edi. Qolaversa, “Hay’at Tahrir ash-Shom” kabi guruhlar ham kuzatib borgan va yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olib, hozir hujum qilishning ayni vaqti degan qarorga kelgan.

Harbiy ekspertlar va kuzatuvchilar bir narsani alohida e’tirof etdi: Halab va Idlibga hujumlarga yaxshi tayyorgarlik ko‘rilgan, askarlar deyarli bir xil kiyinib olishgan, tartibli harakat qilishgan, taktika aniq ishlab chiqilgan.

— “Hay’at Tahrir ash-Shom” kabi guruhlarning bu qo‘zg‘alishi Iroqqacha borishi mumkinmi? Suriya va Iroqdagi guruhlar o‘rtasida bog‘liqlik bormi?

Farhod Karimov: Bir muddat oldin Iroqda tinchlik o‘rnatilgan. U yerda AQSh va Buyuk Britaniya qo‘llab-quvvatlovi bilan yangi hukumat va o‘ziga xos barqarorlik shakllantirilgan. Lekin 2011 yildan keyin va undan oldingi davrdagi ayrim jihodiy guruhlar Iroqda hali ham mavjud. Ular nafaqat Suriya, balki butun Yaqin Sharq mintaqasida o‘ziga xos bir infrastruktura, ya’ni axborot almashinuvi, harbiy qurollar almashinuvi, instruktorlar va mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘ygan. Bu “Al-Qoida” bo‘ladimi yoki IShIDning bir qismi bo‘ladimi, ularning Suriyadagi guruhlar bilan umumiy jihatlari bor, lekin ular boshqa maqsadlar bilan band. “Hay’at Tahrir ash-Shom” o‘zaroo munosabatlarni uzgan, ular bilan yagona ittifoqda emas.

Iroq va Suriyadagi guruhlar umumiy muloqotga ega – nafaqat o‘zaro, balki Yaqin Sharqdagi boshqa guruhlar bilan ham shunday, lekin ular umumiy maqsadlarga ega emas. “Hay’at Tahrir ash-Shom”ning maqsadi – Damashqni egallab, Suriyada hokimiyatni qo‘lga olish.

Eng qizig‘i, bu guruh tomonidan bir necha oy oldin ham ijtimoiy tarmoqlarda videolar tarqatilgan edi, lekin Damashqdagi hokimiyat ham, mintaqa davlatlari ham bunga qandaydir jiddiy e’tibor berishmadi. Bashar Asadga o‘z ittifoqchilari ham Suriyadagi ayrim muxolif kuchlar va turli harbiy harakatlar bilan muloqot o‘rnatish, siyosiy islohotlar o‘tkazish davri kelgani haqida bir necha bor talablar qo‘ygan.

Habibulloxon Azimov: Aslida Suriyadagi radikal guruhlarning shakllanishi Iroqdagi vaziyat bilan bog‘liq. 2003 yilda Saddam Husayn hokimiyati ag‘darilgandan keyin AQSh Iroq hokimiyatiga ko‘proq shialar va kurdlarni olib kelgan, bu esa u yerdagi sunniylarning qarshiligiga uchragan. Bu vaqtda Afg‘onistondagi “Al-Qoida” tashkiloti o‘z vakillaridan birini, ya’ni Abu Musab al-Zarqaviyni Iroq hududiga yuboradi va shu tariqa “Al-Qoida”ning Iroqdagi filialiga asos solinadi. 2011 yilda Suriyada namoyishlar boshlangach, “Al-Qoida”ning rahbari Ayman az-Zavahiriy Iroqdagi jihodchi guruhlarga Suriyaga borishga fatvo beradi. Natijada IShID, “Jabhat an-Nusra” va boshqa guruhlar shakllandi.

Suriyadagi vaziyat Iroqni ham tashvishga solmoqda, chunki Iroqda, aytganimizdek, shialar sunniylarga hokimiyatni bo‘lishmayapti. Iroqda bosh vazir shialardan, prezident kurdlardan bo‘lib kelayotgani mahalliy sunniy arablarni qoniqtirmayapti. Natijada u yerda hali ham radikal jihodchi guruhlar mavjud va bu Iroqda ham vaziyatning o‘zgarishiga sabab bo‘lishi mumkin.

— “Tahrir ash-Shom” kabi guruhlar Iroq chegarasigacha borib, janglarni Iroqqa ham yoyishi ehtimoli bormi?

— Kuzatuvchilar aytadiki, “Tahrir ash-Shom”da mafkuraviy jihatdan qisman transformatsiya sodir bo‘lib, oxirgi paytlarda ancha mutadillashib borgan. Guruhning asoschisi Abu Muhammad al-Jo‘laniyning umumiy g‘oyalari ancha radikal, keskin, ortodoksal bo‘lgan bo‘lsa, oxirgi paytlarga kelib ular o‘zgargan. Masalan, “hukmronlik qiladigan hududlarimizda barcha dinlarga teng imkoniyatlar yaratib beriladi” degan fikrni aytadi va o‘z nazoratidagi hududlarda nasroniy cherkovlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ruxsat bergan. Shuningdek, u shialar va sunniylar o‘rtasidagi nizolarni umumiy kelishuv yo‘li bilan hal qilish mumkin deb hisoblaydi. Shu sababdan, oxirgi hujumlarda mahalliy aholi tomonidan ham keskin qarshilik bo‘lmagan.

Endi ular Suriya hududidan chiqib, Iroq hududiga qadar boradimi degan savolga kelsak, “Tahrir ash-Shom”ning hozirgi pozitsiyasi Suriyadan tashqariga yo‘naltirilmagan. Tahlilchilarning nazariga ko‘ra, Islom davlatini qurish, unga Iroqning ma’lum bir qismini ham qo‘shish hozirgi “Tahrir ash-Shom”ning o‘zgargan g‘oyalariga, rejalariga kirmaydi.

Farhod Karimov: Suriyadagi guruhlarning faolligi Suriyadan tashqaridagi guruhlarni harakatga keltirishi mumkinmi, degan savolda ko‘p narsa bu guruhlarning asosiy qo‘llab-quvvatlovchilariga bog‘liq. Ya’ni harbiy va moliyaviy ta’minotchilarning siyosiy maqsadlariga bog‘liq.

Bugun Suriyadagi qurolli guruhlarga nega turtki berildi? Yaqin Sharqda Isroilga xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan kuchlardan biri – Eron Islom qo‘riqchilari korpusi. Shuningdek, Bashar Asad ham Isroilga qarshi kuchlarni qo‘llagan. Bugungi kunda asosiy maqsad – mana shu kuchlarni neytrallashtirish.

Hozir “Tahrir ash-Shom”ni ham, “Suriya demokratik kuchlari”ning ham asosiy marshruti va maqsadi – Damashq. Agar Damashq qo‘lga kiritilsa, Damashqni qo‘llayotgan boshqa kuchlar, xususan Eron Suriyadan siqib chiqariladi. Bu esa birinchi navbatda Isroilning manfaatlariga javob beradi. Qolaversa, Eronning bu mintaqada, bo‘lib ham Suriya va Iroqda bemalol yoyilib yurishiga qarshi bo‘lib turgan Turkiyaga ham juda qo‘l keladi.

Mana shu nuqtayi nazardan aytadigan bo‘lsak, hozirgi harakatlarning asosiy maqsadi – bu Damashq. Iroq emas.

Ikkinchi omil ham bor. Suriyada asosan sunniylar istiqomat qiladi. Shia alaviylar esa kamchilik. Iroqda esa vaziyat boshqacha: asosiy qatlam shialar, sunniylar esa kamchilik. Aytmoqchimanki, “Tahrir ash-Shom” yoki shunga o‘xshash guruhlarning Iroqda qo‘llab-quvvatlanishi Suriyadagidek bo‘lmaydi. U yerda aholining bu tashkilotni qabul qilishi o‘ziga xos bo‘ladi. Agar qo‘llab-quvvatlaganida edi, “Al-Qoida” yoki Iroqdagi boshqa guruhlar hozir boshqacha pozitsiyada bo‘lgan bo‘lardi.

Iroqda va Suriyada AQShning harbiy bazalari bor. Ular Suriyadagi tashkilotlarning Iroq hududlariga keng yoyilishiga yo‘l qo‘yib bermasa kerak.

Habibullo aka, yuqorida Isroil Jo‘lan tepaliklariga hujum qilishi ehtimoli haqida gapirdingiz. Isroil G‘azoga, Livanga bostirib kirdi, Xalqaro jinoyat sudi Netanyahuni hibsga olishga order berdi, shunday vaziyat Isroil endi Jo‘lan tepaliklarini to‘la nazoratga olish uchun Suriyaga ham bostirib kirishi ehtimoli qanchalik?

Habibulloxon Azimov: Isroil Jo‘lag tepaliklarida bir qancha yashash aholi manzilgog‘hlarini tashkil qilgan, u yerda aholi yashab kelmoqda. Jolan tepaliklari Yaqin Sharqdagi strategik nuqtalardan biri hisoblanadi.

Boya aytganimdek, Isroilning Jo‘lan tepaliklarini to‘liq egallash harakatlari Tramp hokimiyatga kelganidan keyin amalga oshishi mumkin. Nima uchun? Isroilning o‘z energetika xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha loyihasi ishlab chiqilgan. 2000-yillarning boshlarida Iroq shimolidagi Kirkuk shahrida (bu shahar kurdlarning barzoniylar oilasi avtonom boshqaruvi ostida) joylashgan neft zaxiralarini Isroilning Hayfa shahrida joylashgan neftni qayta ishlash zavodlariga yetkazib berishga qaratilgan neft quvuri loyihasi ustida ishlangan.

Bugun Isroilning rejalaridan biri – mana shu loyihani amalga oshirish. Kirkuk–Hayfa loyihasi – Dovud koridorining ichida. Katta ehtimol bilan AQShda Donald Tramp prezidentlikka kirishganidan keyin bu borada ma’lum o‘zgarishlar kuzatilishi mumkin, Isroil shunga tayyor turibdi.

Farhod Karimov: Iroqdagi Kurdiston avtonomiyasini tan olgan dunyodagi yagona davlat ham – Isroil.

Shimoliy Iroqda siyosiy hokimiyatdagi Barzoniy oilasi Isroil bilan nihoyatda yaqin. Ularni hatto mintaqadagi “kurd yahudiylari” deb ham atashgan. Chunki tarixiy aloqalari bor, ular Isroilga xayrixoh. To‘g‘ri, barzoniylar – sunniylar, islom diniga e’tiqod qiladi, lekin Isroil bilan tarixiy aloqalari, bog‘liqlari qalin.

  • Suhbat bilan to‘liq shaklda video orqali tanishing.

Normuhammad Ali suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: