Angliya: «Arsenal» «MYu»ni o‘z uslubida ojiz qoldirdi
«Arsenal» — «Manchester Yunayted» 2:0
Gollar: Timber (54), Saliba (73).
«Arsenal» – Rayya, Zinchenko (Merino, 71), Kivyor, Saliba, Timber, Rays, Parti, Edegor (Jorjinio, 90), Martinelli (Trossar, 71), Haverts, Saka.
«Manchester Yunayted» – Onana, Mazraui, Maguayr (Yoro, 59), de Ligt, Garnacho (Zirkze, 59), Maunt (Reshford, 59), Malasia (Diallo, 46), Fernandesh, Ugarte, Dalot, Hoylund (Antoni, 79).
Ogohlantirishlar: Malasia (44), Ugarte (45), Maguayr (51), Zinchenko (66).
«Arsenal» APLning 14-turida «Manchester Yunayted»ni xotirjamlik bilan mag‘lub etdi. Bu Ruben Amorim uchun «Qizil iblislar» rahbarligidagi ilk mag‘lubiyat bo‘ldi, uning shogirdlari raqibning burchak vaziyatlariga qarshi chora topa olmadi.
Birinchi bo‘lim teng kechdi
«MYu» o‘tgan turda «Everton»ni yirik hisobda mag‘lub etgandi (4:0), ammo «Arsenal»ga qarshi o‘yinda tarkib butunlay o‘zgardi — o‘sha o‘yindagi boshlang‘ich tarkibdan faqat Matteys de Ligt, Nussayr Mazraviy, Diogu Dalot va Brunu Fernandesh tushdi. Mehmonlar ustozi Rubena Amorim o‘tgan o‘yinda ikkitadan gol urgan Markus Reshford va Joshua Zirkzeni ham zaxirada qoldirdi. «Yunayted»ning yangi murabbiyining dastlabki 45 daqiqa uchun rejasi ish berdi — «Arsenal» amalda keskinlik yarata olmadi, «iblislar» esa kutilmaganda to‘pga egalik qilish bo‘yicha biroz ustunlik ko‘rsatishdi (49 ga qarshi 51 foiz).
O‘yin «kanonirlar» goli bekor qilinishi bilan boshlandi. Andre Onana Kay Haversning pressingi ostida noaniq pas berdi, shundan keyin to‘p jarima maydoni ichida qolgan germaniyalik hujumchiga yetib keldi. U to‘pni orqaroqdan kelgan Gabriel Martinelliga tashlab berdi — ammo Kay ofsaydda edi.
Keyin esa o‘yin sur’ati keskin pasaydi: «Manchester Yunayted» dastlabki 20 daqiqalikda to‘pga egalik qildi, ammo bundan hech narsa chiqara olmadi — mehmonlar dastlabki yarim soatda raqib jarima maydoni ichida biror marta to‘pga teginmadi. Amorim jamoasi asosan uzun uzatmalar bilan o‘ynashga va Rasmus Hoylundni to‘p bilan ta’minlashga harakat qildi.
O‘yinga favorit sifatida kelgan «Arsenal» o‘z vaziyatlariga ega bo‘ldi — o‘ng qanotda Bukayo Saka qattiq harakat qildi, maydonga qaytgan Tirell Malasiya unga har safar ham qarshilik ko‘rsata olmadi. Ammo Onana jarima maydonidagi eng xavfli vaziyatlar burchak zarbalaridan keyin yuzaga keldi. To‘qqizinchi daqiqadayoq Tomas Parti Sakaning uzatmasidan keyin bir necha metrdan to‘g‘ri zarba bera olmagandi, 25-daqiqada Martinelli raqib jarima maydonidagi palapartishlik vaqtida yaqin masofadan to‘pni darvozaga kirita olmadi.
Bo‘lim oxirida tezlik oshdi: Malasiya va Manuel Ugarte sariq kartochka ishlashdi, Dalot esa «MYu»ning eng yaxshi vaziyatini yo‘qqa chiqardi. Mehmonlar «standart»dan keyin ham raqib jarima maydonida qolishdi va portugaliyalik himoyachi bir necha metr masofadan kuchli zarba berdi — biroz aniqlik yetishmadi.
«Arsenal» «MYu»ni burchak zarbalari bilan taslim qildi
Amorim tanaffusda «Everton»ga qarshi o‘yin qahramonlaridan biri Amad Dialloni maydonga tashladi — ushbu vinger «irislar»ga qarshi o‘yinda ikki assist muallifi bo‘lgandi. «Arsenal» hech qanday almashtirishlar qilmadi, ammo yaxshiroq o‘ynay boshladi. Ikkinchi bo‘lim boshidagi 15 daqiqalikda mezbonlarning to‘pga egalik qilish bo‘yicha ustunligi 62 foizga yetdi, ular bu vaqt oralig‘ida to‘rt bor zarba yo‘llashdi — bu birinchi bo‘limdagi jami zarbalar sonidan ko‘proq.
54-daqiqada Mikel Arteta jamoasi hisobni ochdi — Yurriyen Timber navbatdagi burchak zarbasidan keyin «Arsenal» safidagi ilk golini nishonladi. Deklan Rays chap burchakdan to‘pni yaqin ustun oldiga yetkazib berdi, niderlandiyalik himoyachi bir necha metrdan zarba yo‘llab, Onanani ojiz qoldirdi. Londonliklarning standart vaziyatlari murakkab o‘ynalishi bilan ajralib turadi: barcha futbolchilar uzoq ustun tomonda to‘planib turishadi va uzatma berilishi arafasida darvoza qarshisiga chopishadi.
«Kanonirlar»ning ikkinchi goli ham burchak zarbasi mohirona ijro etilishi orqali urildi — bu safar Saka boshqa qanotdan uzatgan to‘p yakunda Vilyam Saliba orqali darvoza to‘riga kirdi. Bu epizodda avvaliga Parti to‘pni boshi bilan darvozabon hududiga oshirib berdi, u yerda to‘p fransuz himoyachisining beliga tekkan holda to‘rga yo‘l oldi.
Ikkinchi bo‘lim davomida «Arsenal» 11 zarba yo‘lladi, «MYu» bunga faqat ikkita xavfli vaziyat bilan javob qaytardi. De Ligt bosh bilan xavfli zarba yo‘lladi — David Rayya bir sakrab to‘pni qaytarib yubordi va hisob tenglashishiga yo‘l qo‘ymadi. «Kanonirlar» boshqa burchak zarbalaridan ham xavfli vaziyatlar yaratishdi: ular jami 13 korner amalga oshirishdi.
Mehmonlar 86-daqiqada ikkinchi xavfli vaziyatiga ega bo‘ldi: ular raqib jarima maydoni oldida standart vaziyat ishlashdi. Brunu zarba yo‘llamasdan, jarima maydoni ichiga yugurib kirgan Antoniga pas berdi — braziliyalik vinger bir necha metrdan zarba yo‘lladi, ammo u ham «Arsenal» darvozabonini hayron qoldira olmadi.
«MYu» Amorim boshqaruvidagi to‘rtinchi o‘yinda ilk bor mag‘lub bo‘lib, APL turnir jadvalida 10-pog‘onada qoldi. «Kanonirlar» to‘plar nisbatidagi farq tufayli «Chelsi»dan ortda qolib uchinchi o‘rinda bormoqda, «Liverpul» bilan oradagi farq yetti ochkoga qisqargan — Arne Slot jamoasi «Nyukasl» bilan o‘yinda ochko yo‘qotdi (3:3).
«Manchester Siti» — «Nottinghem Forest» 3:0
Gollar: Silva (8), De Bryuyne (31), Doku (57).
«Manchester Siti» – Ortega, Gvardiol, Ake (Makati, 90), Diash, Akanji (Uoker, 46), Grilish (Nunesh, 90), Gundo‘g‘an, Doku (Savio, 90), de Bryuyne (Lyuis, 74), Silva, Holand.
«Nottinghem Forest» – Zels, Moreno, Murillo, Milenkovich, Ayna (da Silva Moreyra, 63), Dominges, Yyeyts (Morato, 46), Silva (Sosa, 72), Gibbs-Uayt (Anderson, 63), Elanga, Vud (Avoniyi, 62).
Ogohlantirishlar: Dominges (45+1), Gibbs-Uayt (51), Gundo‘g‘an (52), Murillo (54), Silva (69), Milenkovich (76).
Chaqilmas yong‘oq misoli bo‘lgan «Nottinghem» bilan o‘yinga Xosep Gvardiola sentabr oyi o‘rtalaridan buyon ilk bor De Bryuyneni startga qo‘ydi, u jarohatidan tuzalganidan beri faqat zaxiradan o‘rtacha yigirma daqiqa o‘ynash uchun tushayotgandi. Va aynan belgiyalik yarimhimoyachi Gundo‘g‘anning uzatmasidan keyin to‘pga bosh bilan zarba yo‘lladi va darvoza chizig‘i oldida to‘pga Bernardu Silva oyog‘ini qo‘yib, uni to‘rga kiritib yubordi. Bir necha daqiqa o‘tib Pepning navbatdagi qarori o‘zini oqladi — Orteganing ajoyib seyvi «shaharliklar»ni goldan saqlab qoldi. Bu vaziyatda mehmonlar Bryuynening kutilmagan xatosidan keyin xavfli hujum uyushtirgandi, ammo Gibbs-Uayt o‘z maqsadiga yeta olmadi.
30-daqiqada yana mezbonlar sardori ortga to‘p uzatishda xatoga yo‘l qo‘ydi, «o‘rmonchilar»ning eng yaxshi to‘purari Vud esa yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi. Kevin tezda aybini yuvdi. Jarima maydoni ichida Dokudan to‘pni qabul qilib oldi va yuqori burchakni aniq nishonga oldi. Odatda «Manchester Siti» 2:0 hisobida oldinga chiqib olganida, unga xayolan turnir jadvalida uch ochko qo‘shib qo‘yish mumkin, ammo hozirgisi — inqiroz holatdagisi — qatiqni ham puflab ichishga majbur qiladi. «Feyyenoord» bilan o‘yindagi 3:3 hisobidan keyin har qanday natijani kutish mumkin. Ammo bu safar barchasi jamoa muxlislari uchun kutilganidek yakunlandi — amaldagi chempionlar anchadan buyon ilk bor o‘z darvozasi daxlsizligini saqlagan holda yirik hisobdagi g‘alabaga erishdi. Faqat Akening jarohati ko‘ngilni xira qilishi mumkin.
«Nyukasl» — «Liverpul» 3:3
Gollar: Isak (35), Gordon (62), Sher (90) — Jons (50), Saloh (68, 83).
«Nyukasl» – Poup, Holl, Bern, Sher, Livramento, Joelinton (Uillok, 88), Bruno Gimaraes, Tonali (Longstaff, 87), Gordon (Uilson, 87), Merfi (Barns, 74), Isak.
«Liverpul» – Kelleher, Roberson, van Deyk, Gomes (Aleksander-Arnold, 67), Kuansa, Mak Allister, Gravenberh (Soboslai, 67), Gakpo (Dias, 67), Jons, Saloh, Nunes.
Ogohlantirishlar: Mak Allister (20), Kuansa (42), Gravenberh (45), Tonali (58), Aleksander-Arnold (69), Nunes (71), Poup (90+6).
O‘yin boshidayoq Mak Allister hisobni ochishi mumkin edi, uning zarbasidan keyin to‘p darvoza ustunini silab o‘tdi, ammo, umuman olganda, birinchi bo‘lim «Nyukasl»ning ustunligida kechdi. «Qarg‘alar»ning goli maydondagi voqealarning mantiqiy davomi bo‘ldi, Bruno Gimaraes markaziy doira atrofida turib jarima maydoni yaqiniga ajoyib pas yetkazdi, u yerda esa Isak to‘pni qabul qilishi bilan bir harakatda van Deykni yo‘ldan olib, yaqin yuqori burchakka qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Birinchi bo‘lim davomida Kelleher «Liverpul»ni jiddiy muammodan saqladi, u Gomesning xatosidan keyin yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketgan Gordonni to‘xtata oldi.
Arne Slot jamoasi faqat tanaffusdan keyingina o‘ziga o‘xshay boshladi, mehmonlar sanoqli daqiqalar ichida o‘yinni 180 darajaga o‘zgartirib yuborishi ham mumkin edi. Ammo Salohning qanotdan pasidan keyin himoyachilar ortidan yugurib chiqqan Jons to‘pni yaqin burchakka qaday olgan bo‘lsa, Nunes olis ustun oldiga yetkazib berilgan to‘pga oyog‘ini qo‘ya olmadi. Gordon esa o‘yindagi ikkinchi imkoniyatidan foydalandi. Shundan keyin «Liverpul» zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Aleksander-Arnoldning sa’y-harakatlari bilan javob qaytardi. Uning uzatmasidan keyin Ueyn Runining gol+pas amalga oshirilgan o‘yinlar soni bo‘yicha rekordi o‘tmishda qoldi. Endi Saloh 37 ta shunday o‘yin bilan bu borada yaqqol yetakchi.
Misrlik hujumchining natijasi yana shunisi bilan e’tiborliki, u «MYu» afsonasiga qaraganda 214 ta (!) kamroq o‘yin o‘tkazib, uning natijasini yaxshiladi. Faqat bu oqshom Salohning o‘yin oxirida Trentning uzatmasidan yana bir gol urishi ham yetarli bo‘lmadi. Hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda «Liverpul» Kelleherning to‘pga chiqishdagi xatosi tufayli g‘alabani boy berdi. Darvozabon ataylab o‘tkazib yuborgan to‘pga Fabian Sher ulgurdi.
Shu bilan birga, mehmonlar o‘yin oxirida hisob 3:3 holatida Mak Allisterning zarbasidan keyin to‘p «Nyukasl» futbolchisining qo‘liga tekkanini aytib, penalti talab qilishdi. Faqat VAR ham arbitrning bu vaziyat uchun burchak zarbasi berish to‘g‘risidagi qarorini qo‘llab-quvvatladi va hisob o‘zgarmay qoldi.
«Sauthempton» — «Chelsi» 1:5
Gollar: Aribo (11) — Disasi (7), Nkunku (17), Madueke (34), Palmer (77), Sancho (87).
«Sauthempton» – Lamli, Menning, Bri (Edvards, 78), Uoker-Piters, Stivens, Vud-Gordon, Freyzer (Sulemana, 62), Fernandesh (Teylor, 79), Aribo, Archer (Sugavara, 73), Armstrong (Brereton, 62).
«Chelsi» – Yorgensen, Kukurelya (Veyga, 79), Adarabioyo, Disasi, Gyusto, Kaysedo, Fernandes, Feliks, Palmer (Dyuzberi-Holl, 79), Madueke (Sancho, 72), Nkunku.
Ogohlantirish: Armstrong (47).
Chetlatish: Stivens (39).
«Sauthempton» yaqinda «Liverpul»ning asabiga o‘ynagandi, chorshanba oqshomida esa «avliyolar» «Chelsi» bilan quvlashmachoq o‘ynashga harakat qilib ko‘rdi. Disasining tezkor goliga mezbonlar tezda javob qaytarishdi. Ammo bu uzoqqa bormadi, «Sauthempton» futbolchilari yana qo‘pol xatolarga yo‘l qo‘yishdi. Tanaffusga qadar shunday ikkita xato mehmonlar yakunda yirik hisobdagi g‘alaba qozonishiga sabab bo‘ldi.
Birinchi holatda — darvozabon Lamli jarima maydoni tashqarisida turib to‘pni raqibga topshirdi.
Shundan keyin Nkunku bo‘sh darvozani ishg‘ol qildi. Hisob 1:3 holatiga kelganida esa «Sauthempton» himoyachisi Stivens mutlaqo tushunarsiz fol ishlatib, qizil kartochka oldi. Jamoa sardori nega Kukurelyaning uzun sochlaridan tortib yiqitganini — tushuntirib bo‘lmaydi. Ayniqsa, VAR zamonida.
Tabiiyki, ikkinchi bo‘lim quruq rasmiyatchilikka aylandi, lekin Enso Mareska jamoasi sur’atni tushirmadi. «Chelsi» nafaqat yirik g‘alabaga erishdi, balki tarixiy gollar urdi. Birinchidan, Palmer yil boshidan buyon chempionatda urgan gollari va paslarining umumi sonini 36 taga yetkazib, bu borada Jimmi-Floyd Hasselbaynkka tegishli bo‘lib turgan klub rekordini takrorladi. Ikkinchidan, Sancho londonliklar safidagi gollar hisobini ochdi. Bu natijadan keyin jamoa turnir jadvalida to‘plar nisbatiga ko‘ra ikkinchi o‘ringa chiqib oldi.
Ispaniya: «Barselona»ga sovg‘a
«Atletik» — «Real» 2:1
Gollar: Berenger (53), Guruseta (80) — Bellinghem (79).
Aniq ijro etilmagan penalti: Mbappe (68).
«Atletik» – Agirresabala, Boyro (Berchiche, 84), Yyeray Alvares, Vivian, Gorosabel (De Markos, 79), Prados (Ruis de Galarreta, 64), Xauregisar, N.Uilyams, Sanset (Unai Gomes, 79), I.Uilyams, Berenger (Guruseta, 63).
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya (Mendi, 71), Ryudiger, Asensio, Vaskes (Guler, 88), Bellinghem, Seballos (Dias, 58), Chuameni (Modrich, 71), Valverde, Mbappe, Rodrigo (Endrik, 88).
Ogohlantirishlar: Agirresabala (67), Chuameni (70), Vaskes (72), Ruis de Galarreta (74), Bellinghem (90+1), Guruseta (90+3).
Bilbaoda hech kimga oson bo‘lmaydi va bu safar ham kutilganidek shunday bo‘ldi. Mbappening goli ofsayd tufayli bekor qilingani ham bu nazariyaga to‘la mos keladi. Lekin «Real» barchasini omadsizlikka yo‘ymasligi kerak. Jamoa hujumchilari birinchi bo‘limda biror marta darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarba bera olmadi, Mbappe va Rodrigo uch daqiqa oralig‘ida ikki marta jarima maydonida yiqildi. Ikki holatda ham hakam ular o‘zi istab yiqilgan deb topib, penalti bermadi. Keyin esa Berenger Inyaki Uilyams tovonida uzatgan pasdan keyin to‘pni yuqoriga tepib yuborib, madridliklarni kechirdi. Lekin aynan shu futbolchilar ikkinchi bo‘limda «Atletik»ni hisobda oldinga olib chiqishdi. Sebalyos Inyakining qanotdan uzatmasini bloklay olmadi, to‘p Sansetga yetib bordi va u yo‘llagan zarbani Kurtua qaytardi, ammo Berenger to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi.
Anchelotti darhol Sebalyosni maydondan olib, Diasni tushirdi. O‘yinning bir soat vaqti ortda qolganida «Real» nihoyat Axirresabala qo‘riqlayotgan darvozaga zarba berdi. Ammo Mbappe Rodrigo yaratib bergan vaziyatdan foydalana olmadi. U to‘pni to‘g‘ri darvozabonning qo‘liga uzatdi, holbuki uning yonida yaxshiroq zarba berishi mumkin bo‘lgan Jud Bellinghem turgandi.
Bu fransuzning Bilbaodagi oxirgi omadsizligi emasdi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida «Real» to‘pga va hududlarga egalik qila boshladi, Ryudiger esa penalti ishladi. Jarima zarbasi ijro etilganida Axirresabala to‘pga chiqishda kechikdi va germaniyalik himoyachining boshiga zarba berdi. Mbappe «Liverpul» bilan o‘yindagi xatosini tuzatishni qattiq istadi, ammo u bu safar ham xuddi shunday yomon zarba yo‘lladi. Markazga, o‘rta balandlikda yo‘llangan zarbani darvozabon osonlik bilan qaytardi. Zarbani ijro etishni dam olish kunlari penaltini benuqson amalga oshirgan Jud Bellinghemga topshirish to‘g‘riroq bo‘lardi.
Aynan angliyalik himoyachi baribir hisobni tenglashtirdi. Zaxiradan tushgan Modrich to‘pni chiziqlar orasidan o‘tkazib, hujum boshlab berdi. To‘p Mbappega yetib bordi, u jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba yo‘lladi, darvozabon qaytargan to‘pga Bellinghem zarba berdi.
Ammo uning goli hech narsani o‘zgartira olmadi. Bir daqiqa o‘tib jamoaning eng ishonchli futbolchisi sanalgan Valverde bosim ostida to‘pni oldirdi va bu Gurusetaga ajoyib sovg‘a qildi.
«Atletik»ning 2015 yildan buyon la ligada madridliklar ustidan qozongan ilk g‘alabasi Bilbaodagilar uchun ham, «Barselona» uchun ham bayram. Endi kataloniyaliklar — «Real»da zaxira o‘yini borligi inobatga olinsa ham, turnir jadvalida yaqqol peshqadam bo‘lib oldi.
Kun statistikasi
Yarimhimoyachi Bellinghem «Real» safida ilk bor qatorasiga 4 turda gol urdi.
«Real» so‘nggi o‘n bir o‘yinidan 5 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi. Bu oldingi 73 o‘yindagi mag‘lubiyatlar sonidan bittaga ko‘p.
«Arsenal» «MYu» bilan o‘yindagi burchak vaziyatlaridan keyin 7 zarba yo‘lladi, bu raqib o‘yin davomida yo‘llagan barcha zarbalar sonidan bittaga ko‘p.
39 yoshu 148 kun — «Everton» himoyachisi Eshli Yang APLda 50 gol urgan eng keksa futbolchiga aylandi. Bundan tashqari, ushbu faxriy futbolchi turnir tarixida jarima zarbasidan gol urgan eng keksa futbolchi bo‘ldi.
«Ayaks»ning 41 yoshli darvozaboni Pasver Niderlandiya chempionati tarixiga eng katta yoshli avtogol muallifi sifatida kirdi.